Turkiyadagi siyosiy “pot” vaziyati haqida

Yıkılmadım ayaktayım
dertlerimle başbaşayım
zalimlere kötülere yenilmedim
buradayım…

“Yiqilmadim, oyoqdaman,

Dardlarimla yolg‘iz qoldim.

Zolimlarga, yomonlarga yengilmadim,

Shu yerdaman…” (Turkcha qo‘shiqdan)

Turkiyada 7 Iyunda o‘tkazilgan Majlis (parlament) saylovlaridan keyingi siyosiy ahvol ushbu qo‘shiqda ifodalagan haqiqatga yaqindir. Ya’ni, 2002 yildan keyin bu mamlakatni boshqarib kelgan va g‘arbda Islomiy, deya ta’riflanadigan Toyib Erdo‘g‘on va Ahmad Dovudo‘g‘lining “Adolat va Taraqqiyot Partiya”si (ATP) bu saylovlarda jiddiy mag‘lubiyat olsada, tamoman mag‘lub bo‘lmadi. Ya’ni, bu saylovda ATP “yiqilmadi, oyoqda qoldi”…

Hali to‘la tasdiqlanmagan saylov natijalari shunday bo‘ldi: Islomiy ATP 41% ovoz oldi va 258 millatvakiliga ega bo‘ldi. Otaturk turafidan tuzilgan sekulyar (dunyoviy, turkcha Laik) Jumhuriyat Xalq Partiyasi (JXP) 25% ovoz oldi va 132 millatvakiliga ega bo‘ldi. Turk millatchilarining partiyasi (MXP) 16% ovoz oldi va 80 millatvakiliga va Kurd Millatchilarning partiyasi (XDP) 13% ovoz bilan 80 millatvakiliga ega bo‘ldilar…

Bu partiyalarning siyosiy mafkurasi va bugun olib borayotgan siyosatlari bir biridan tubdan farq qiladi, albatta…Oldin shu masalaga biroz to‘xtalaylik,

TURKIYaDAGI SIYoSIY PARTIYaLARNING QARAShLARI

Turkiyada hozirda 100 ga yaqin siyosiy partiya bo‘lib, ulardan 20 partiya so‘nggi saylovlarda qatnashdi. Bu partiyalardan faqat 4 tasi 10% to‘siqni oshib, Turkiya Buyuk Millat Majlisga (Parlamentiga) kira oldi. (Ya’ni, 10% ko‘p ovoz olgan partiyalargina Majlisga (Parlamentiga) kira oldi).

“Adolat va Taraqqiyot Partiya”si (ATP) 2001 yil 14 Avgustda Toyib Erdo‘g‘on va safdoshlari tarafidan qurildi. ATP aslida 1970 yillarda o‘rtaga chiqqan “Milliy qarash” Islomiy harakatining davomidir. Bu harakatni sobiq Bosh Vazir Najmiddin Erboqon va safdoshlari 1970 yillarda boshlatgandi. “Milliy Qarash” Islomiy harakati o‘z siyosiy partiyalariga ham ega edi. Turkiyadagi sekulyar rejim bu partiyalarni doimo ta’qiqlab kelgandi. Milliy Nizom, Milliy Salomat, Refax, Fazilat va Saodat partiyalari 1970 yillardan boshlab bu harakat tomonidan tuzilgandi. Toyib Erdo‘g‘on 2000 yillarda bu harakatdan ayrilganini e’lon qilib ATP ni tuzgandi. ATP 2002 yildan to 2015 yilgacha bir necha marta saylovlarda g‘olib kelib, Turkiyani yakka holda boshqarib keldi.

ATP Islomiy partiyadir. Toyib Erdo‘g‘onning “Demokratiya mening uchun bir tramvaydir, undan istagan paytimda tushib qolaman” so‘zi mashhurdir.Sekularizm (Laik davlat), ya’ni davlat va dinning ajralishi masalasida Prezident Toyib Erdo‘g‘on Laik lik qoidasi davlat va dinni bir biridan ajratish emas, davlatning butun din mansublariga ayni masofada turishi, ya’ni ularga adolatli munosabatda bo‘lishidir, degan fikrdadir. Turkiya aholisining 99% musulmon ekanligini hisobga olinsa, albatta bu adolatning avvalo musulmonlarga tegishli bo‘lishi o‘z o‘zidan tushunarlidir. Shuning uchun ham 2002 yildan keyin Erdo‘g‘on boshqaruvida musulmonlarga shaxslar sifatida ham, jamoatlar sifatida ham katta erkinliklar berildi…

ATP ni asosan musulmonchilikka e’tibor beradigan kishilar, ularning jamiyatlari va jamoatlari, musulmon boylar qo‘llab quvvatlaydi. ATP 2002 yildan keyin Turkiyada ijtimoiy va siyosiy hayotida katta ahamiyatga ega bo‘lgan o‘ziga yaqin ommaviy axborot vositalarini (tele va radio kanallar, gazeta va jurnallar va hk) ham o‘rtaga chiqardi. Faqat Turkiya musulmonlari uzoq yillar kapitalistik sekulyar rejim sharoitlarida yashaganliklari uchun dinlariga u qadar ham bog‘liq emaslar. Masalan, bu mamlakat musulmonlarining eng ko‘pi bilan 30 yoki 35 % besh vaqt namozni ado qiladi. Ammo siyosatda bu masalalarga bevosita e’tibor berilmaydi. Erdo‘g‘on hukumati 2002 yildan keyin Islomiy maktablarga qo‘yilgan ta’qiqlarni olib tashladi va 2000 yillargacha bu maktablarda 100000 talaba o‘qigan bulsa, hozirda 1000000 milliondan ko‘proq talaba o‘qiydi. Bu jamiyatda musulmon kadrlarning tayorlanishida albatta muhim rol o‘ynaydi. Unutmaslik kerakki, Erdo‘g‘onning o‘zi ham shunday Islomiy maktablardan birida ta’lim olgan…

Jumhuriyat Xalq Partiyasi (JXP) 1923 yilda Otaturk tarafidan qurilgan sekulyar partiyadir. 1950 yilgacha Turkiyani yakka holda boshqardi, islomiy qadriyatlarni oyoq osti qildi, arab alifbosini lotin alifbosiga o‘zgartirdi, Usmonli davlati tarqalib ketgandan keyin jamiyat va davlat hayotining siyosat, huquq, ta’lim, ijtisod va boshqa sohalarida g‘arbona sekulyar qoidalarni joriy qildi, azonni 17 yil davomida Turk tilida o‘qitdi, bunga qarshi chiqqan musulmonlarni qatliom qildi, ularga turli tazyiqlar va ta’qiqlar o‘tkazdi…

JXP sekularizm masalasida doimo Turk harbiylari va kapitalsit burjua sinfi bilan hamkorlik qilib keldi, 1960, 1970, 1980, 1997 yilgi harbiy to‘ntarishlarni qo‘llab quvvatladi. Ya’ni, JXP Turkiyada Islomiy qarashlar va musulmonlarga qarshi bo‘lgan asosiy siyosiy kuchdir. Bugungi kunda bu partiya sekularizm masalasida unchalik qat’iy pozitsiyada bo‘lmasa ham, bu siyosiy qarash doirasida mamlakatda o‘zi ijtimoiy va iqtisodiy siyosatini olib borishni istaydi…

Turk millatchilarining partiyasi (MXP) 1969 yilda Turk millatchiligi fikrining asoschisi Arparslan Turkesh tarafidan qurildi. 1970 va 1980 yillarda MXP Turkiyadagi so‘l (kommunist) ideologiya va bu mafkura tarafdori siyosiy kuchlarga qarshi kurashdi. 1980 yilda harbiylar davlat to‘ntarish qilishidan oldin MXP tarafdorlari va so‘lchi kuchlar vakillari orasida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lardi.

MXP ning g‘oyasi Turkiyada butun fuqarolarning Turk millatiga mansub ekanligi va davlatning bir milliy davlat ekanligidir. Bu partiya qolgan millatlarning, ya’ni kurdlarning, arablarning va boshqalarning vaqt o‘tishi bilan turklashganini iddoa qiladi. Shu bilan birga MXP Turk xalqining musulmon xalq ekanlini e’tirof qiladi. Bu partiyaning ko‘pgina a’zo va tarafdlorlari Islomiy ibodatlarni ado qiladilar. MXP ga asosan Turkiyaning ich hududlarida yashaydigan aholining bir qismi ovoz beradi…

Kurd Millatchilarning partiyasi (XDP), ya’ni Xalqlarning Demokratik Partiyasi. 2012 yilda tuzilgan. Aslida Kurd millatchilik fikri juda eski zamonlarga, ba’zilarga ko‘ra Usmonli zamoniga borib taqaladi. 1974 yilda Abdulloh O‘jalon PKK (Kurd Ishchi Partiyasini) quradi. Bu kommunistik mafkurada bo‘lgan va Turkiyaning Janubiy sharqida ateizmga (dinsizlikka) asoslangan mustaqil Kurd davlatini qurishni g‘oya qilib olgan radikal terrorchi harakatdir. 1980 yllardan boshlab PKK Turkiyada son sanoqsiz terror hujumlarini amalga oshirdi va Turk Harbiy kuchlari va politsiyasi bilan janglarga kirishdi. Bu urushlar natijasida 50 mingga yaqin kishi halok bo‘ldi. Turkyaining bu urushlarda 500 Milyard dollar zarar ko‘rgani aytiladi.

1999 yilda Abdulloh O‘jalon chet elda qo‘lga olinib, Turkiyaga keltirildi. Sud unga o‘lim jazosi berdi. Faqat Turkiya Ovrupa Ittifoqiga a’zolikka nomzod bo‘lgani uchun bu jazo amalga oshmadi va Abdulloh O‘jalon 17 yildan beri qamoq jazosini o‘tamoqda…

Hozirda PKKning mamlakat sharqidagi tog‘larda va qo‘shni Iroq hududlarida bir necha ming qurolli tarafdorlari bor. Shu bilan birga Kurd millatchilari mustaqillik uchun siyosiy kurashni davom ettirdilar va bu maqsadda turli nomlar bilan siyosiy partiyalar tuzdilar. Bu partiyalar birin keyin ta’qiqlangandan keyin nihoyat 2002 yilda Kurd Millatchilarning yana bir partiyasi (XDP) qurildi. Hozirda bu partiya ikki o‘rtoq Raisdosh tarafidan boshqariladi. Bular Salohiddin Demirtosh va ayol siyosatchi Figan Yuksaktog‘lardir.

2005 yillardan boshlab Toyib Erdo‘g‘on hukumati PKK rahbari Abdulloh O‘jalon va unga bo‘ysunadigan tog‘lardagi PKK militanlari bilan norasmiy muzokaralar o‘tkaza boshladi. Bu muzokaralarga albatta Kurd millatchi siyosatchilari ham qatnashishdi. Masalan, qamoqxonadagi O‘jalon bilan XDP millatvakillari ko‘rishib, keyin uning qarashlarini tog‘lardagi PKK militanlariga yetkazishdi. Shu shaklda Erdo‘g‘on hukumati tashabbuschisi bo‘lgan Kurd muammosini “Yechish Jarayoni” (Turkcha “Çözüm Süreci”) boshlatildi va hozirda bu jarayon davom etmoqda. Bu jarayon davomida mamlakatda Kurd tilida televideniye va radio kanallari ochildi, Kurdlar o‘z tillarida xususiy maktablar ochish huquqiga ega bo‘ldilar. Siyosiy jihatdan Turkyaining bir federatsiya davlati, ya’ni Kurdlarga siyosiy avtonomiya berilishi masalasi ham kun tartibiga keltirilsada, lekin bu masalada hozircha biror qaror olingani yo‘q…

TURKIYaDAGI HOZIRGI IJTIMOIY SIYoSIY TUZUM HAQIDA

Turkiya jumhuriyati 1923 yilda qurilgandan keyin bu mamlakatda bir necha marta Davlat Nizomi (Konstitutsiya) qabul qilingan. 1980 yilda qabul qilingan Davlat Nizomi unga ko‘pgina o‘zgartirishlar kiritilishiga qaramay hozirda ham amaldagi davlat boshqaruvining asosi hisoblanadi. Bu davlat Nizomida Turkiya Jumhuriyatining (TJ) shakli “ijtimoiy, huquq va demokratik sekulyar (laik) davlatdir”, deya ta’riflangan. Shu bilan birga TJ parlament boshqaruv tizimiga ham ega. Ya’ni, mamlakat Prezidenti ramziy salohityalarga ega bo‘lib, davlatni saylovlarda g‘olib kelgan siyosiy partiya yoki partiyalar kaolitsiyasi (ittifoqi) boshqaradi. Bu boshqaruvni Vazirlar Mahkamasini tashkil qiladigan Bosh Vazir amalga oshiradi. Ya’ni, Prezident ramziy davlat Raisi, Turkiya Buyuk Millat Majlisi (Parlamenti) qonun chiqaruvchi organ, Bosh Vazir tuzadigan va boshqaradigan Vazirlar Mahkamasi asosiy Ijro organi hisoblanadi va Sud hokimiyati maxkamalar tarafidan amalga oshiriladi…

2014 yilda Turkiyada Prezidentlik uchun ilk marta umumxalq saylovlari o‘tkazildi. Bundan avval bu mamlakatda Prezident Parlamen tarafidan saylanardi. 2014 yildagi saylovlarda 52 % ovoz olgan Toyib Erdo‘g‘on Turkiyada prezidentlik boshqaruvini joriy qilish tashabbusi bilan chiqdi. Buning uchun esa yangi Davlat Nizomi (Konstitutsiya) qabul qilinishi shart edi. Buning uchun esa Erdo‘g‘on va Dovudo‘g‘lining ATP partiyasi Parlamentda mutlaq ko‘pchilikni, ya’ni 550 millatvakilidan 367 o‘rinni yoki hech bo‘lmaganda 330 o‘rinni qo‘lga kiritishi kerak edi. Afsuski, saylovlarda 2015 yilgi saylovlarda ATP faqat 41% yaqin ovoz oldi va 258 millatvakiliga ega bo‘ldi.

Shunday qilib, Turkiyadagi ijtimoiy siyosiy vaziyatni o‘ziga xos o‘tish holati, deb baholash mumkin. Ya’ni, bugungi Turkiya 1923 yilda Otaturk tarafidan tuzilgan sekulyar davlat emas, ayni paytda bu malakatdagi tuzumni to‘liq Islomiy tuzum ham, deb bo‘lmaydi.

Turkiya dunyo siyosatida o‘ti muhim o‘rin tutadi. Bugungi kunda bu davlat Ovrupo Ittifoqiga a’zolikka nomzod davlat hisoblanadi. Turkiya hozirda musulmon mamlakatlar ichida ijtimoiy,siyosiy va iqtisodiy va harbiy jihatdan eng taraqqiy davlatlardan biri hisoblanadi. Shu bilan birga Turkiya bugun juda katta erkinliklar o‘lkasi hamdir. Bu davlatda matbuot va fikr erkinligi, siyosiy va ijtimoiy tashabbuslar, iqtisodiy tadbirkorlik erkinliklari ta’minlangan, turli dinlarning vakillariga katta erkinliklar berilgan.

BUGUNGI KUNDA TURKIYa SIYoSATIGA TA’SIR O‘TKAZAYoTGAN SIYoSIY BO‘LMAGAN KUChLAR

Bu kuchlarni Fathulloh Gulan harakatining siyosatga ta’siri, Turkiya harbiylarining “siyosiy” faollashishi, Kurd millatchilarining qurolli guruhi bo‘lgan PKKning qurol tashlashni rad qilishi, kapitalist boylar va ular ta’sirida bo‘lgan matbuot organlarining siyosatga ta’siri va nihoyat g‘arb davlatlarining Turkiya siyosatiga ta’siri, deb aytish mumkin.

FATHULLOH GULAN JAMOATI MUAMMOSI 

Men bu yerda 7 Iyun saylovlaridan oldin yozgan “Turkiya Jar Yoqasida Turibdimi?” nomli maqolamdan iqtibos keltirmoqchiman:

“Turkiyada musulmonlar avval qisman, hozir esa tamoman o‘zlari istagan jamoat, tariqot, jamoatchilik uyushmasi, firqa va hk tuzish erkinligiga egadir. Mana shunday jamoatlardan biri Fathulloh Gulan harakatidir. Bu harakat Turkiyada va chet davlatlarda 1000 larcha maktablari, shu bilan birga iqtisodiy shirkatlari, o‘z gazeta, tele va radio kanallari, davlatning huquq tartibot idoralarida minglarcha (polis rahbarlari, prokurorlar va sudyalar) kadrlari va xalq ichida millionlarcha tarafdorlariga egadir.

Gulan jamoati 2011 yilgacha Erdo‘g‘on hukumati bilan hamkorlikda ish olib borgandi. Faqat 2012 yil Fevral oyida bu jamoatga a’zo prokurorlar Turkiya Milliy Istihboratining (bizdagi MXX) raisini qamashga urindilar. Shu tarzda birinchi marta Erdo‘g‘on hukumati va Gulan jamoati orasida to‘qnashuv yuzaga keldi. Keyinchalik 1999 yildan beri AQShda yashaydigan Gulan jamoatining chet el davlatlari, asosan AQSh va Isroil bilan yaqin aloqalari borligi aniqlandi. 2014 yilda jamoat a’zosi prokurorlar Erdo‘g‘on hukumatining 4 vaziri haqida poraxo‘rlik da’vosi ochib, ularning yaqinlarini qo‘lga oldilar. Bu siyosiy zarbaning asosiy maqsadi Erdo‘g‘on hukumatini hokimiyatdan ag‘darish, ya’ni huquq tartibot idoralarining yordami bilan davlat to‘ntarishini amalga oshirish edi. Shu tarzda bu jamoat bilan hukumat orasida haqiqiy siyosiy va huquqiy “urush” boshlandi. Hozir ham bu kurash davom etmoqda va Gulan jamoati Erdo‘g‘onning siyosiy harakatiga qarshi bo‘lgan ichki va tashqi siyosiy kuchlar bilan oshkora hamkorlik qilmoqdadir…

(Qarang: http://namoznormumin.blogspot.no/2015/05/blog-post_22.html)

Turkiya harbiylarining “siyosiy” faollashishi 

Ma’lumki, 1923 yilda Turkiya Jumhuriyati qurilgandan keyin o‘rnatilgan sekulyar rejim asosan harbiylarning qo‘llab quvvatlashi bilan oyoqda turgan edi. Bu maqsadda Turkiya harbiylari bir necha marta davlat to‘ntarishlari ham amalga oshirgan edilar. 2002 yilda Toyib Erdo‘g‘onning partiyasi hukumatga kelgandan keyin Turkiyada harbiylarning siyosatga faol aralashuviga barham berildi. Ya’ni, harbiylar Erdo‘g‘on boshqaradigan fuqaroviy (ruscha grajdanskiy, arabcha madaniy) hukumatga bo‘yunsunadigan bo‘ldilar. Ammo 7 Iyun saylovidan Erdo‘g‘on va Dovudo‘g‘lining ATP si hukumatni tashkil qilishdan mahrum bo‘lsa va sekularizm tarafdori JXP boshchiligida hukumat tuziladigan bo‘lsa, Turkiyada harbiylarining siyosiy tashabbusni yana o‘z qo‘llariga olishi uchun yangi imkonlar paydo bo‘lish ehtimoli yo‘q emas…

Kapitalist boylar va ular ta’sirida bo‘lgan matbuot organlarining siyosatga ta’siri 

Turkiya bozor iqtisodi qoidalari amal qiladigan bir mamlakatdir. Bu mamlakatda milliardlarcha dollarga ega bo‘lgan katta boylar va ular ta’sirida bo‘lgan ommaviy axborot vositalari kundalik siyosatga katta ta’sir o‘tkazish quvvatiga ega. Masalan, Turkiyaning eng katta boylaridan biri bo‘lgan Mustafo Qo‘ch dunyoda siyosiy va iqtisodiy jarayonlarni boshqarishi iddoa qilinadigan norasmiy “Bilderberg Jamiyat”ining doimiy a’zosidir. Turkiya matbuotida shu kunlarda dunyoni boshqarishi iddoa qilingan bu jamiyat haqida juda qiziqarli bir maqola e’lon qilindi. (qarang: sabah.com.tr/gundem/2015/06/10/bilderberg-neyin-pesinde).

Bunday kapitalist boylar o‘lkada yuz minglarcha nusxada bosiladigan “Hurriyat”, “Milliyat” kabi gazetalarni, o‘nlarcha televideniye va radio kanallarini va boshqa ommaviy axborot vositalarini o‘z nazoratida tutadi va ulardan o‘zlari istagan shaklda hukumatga qarshi propaganda vositasi sifatida foydalanadilar

Kurd millatchilarining qurolli guruhi bo‘lgan PKKning qurol tashlashni rad qilishi

Yuqorida aytilgani kabi hozirda Turkiyaning sharqidagi tog‘larda va Iroq hududida Kurd millatchilarining bir necha ming qurollangan to‘dalari bor. Bu qurolli to‘dalar saylov jarayonida ham mamlakatning sharqidagi salovchilarni Kurd millatchilariga ovoz berishlari uchun qurol bilan tahdid qildilar. Turkiyada Kurd muammosining yaqin vaqtlarda siyosiy yo‘llar bilan hal qilinishini bashorat qilib bo‘lmaydi. Demak, qurollangan PKK to‘dalarining yaqinda qurol tashlashlarini ham kutib ham bo‘lmaydi…

G‘arb davlatlarining Turkiya siyosatiga ta’siri

2000 yillargacha Turkiyaning ichki va tashqi siyosati jiddiy ma’noda g‘arb davlatlarining ta’siri ostida edi. Bunday ta’sirni Muborak zamonida Misrda yoki qirollar tarafidan boshqariladigan Arab o‘lkalarida ham ko‘rishimiz mumkin.

Turkiyada 1960 va 2000 yillar orasida sodlir qilingan davlat to‘ntarishlarida g‘arbliklarning qo‘li borligi va bu to‘ntarishlar ularning manfaatiga mos ravishda amalga oshirilgani ham inkor qilib bo‘lmas haqiqatdir.

2014 yilda Istanbulning Taksim maydonida yana g‘arb davlattlari qo‘llab quvvatlagan siyosiy g‘alayonlar bo‘lib o‘tdi. AQSh CNN telekanali bu g‘alayon haqida 11 soatlik uzluksiz ko‘rsatuvlar namoyish qildi. Maqsad Misrdagi Tahrir maydonida xalq tarafidan saylangan Prezident Mursiyni yoki Kiyevdagi “Maydon” harakatiga o‘xshash jarayonlarni tashkil qilib, Toyib Erdo‘g‘onni hukumatdan ag‘darish edi. Ammo Erdo‘g‘on hukumatning bu g‘alayonlar jarayonida qat’iy siyosiy va xavfsizlik choralarini olishi natijasida ko‘zlangan maqsadlar amalga oshmay qoldi…

G‘arb davlatlari matbuoti 7 Iyun saylov jarayonida ham uzluksiz ravishda Toyib Erdo‘g‘on va hukumatini o‘qqa tutib turdi. Shuningdek, bu davlatlarning Turkiyani bo‘lib yuborish uchun Kurd millatchilarini qo‘llab quvvatlashlari ham oshkora bir haqiqatdir…

TURKIYa SIYoSATIDA BUNDAN KEYIN NIMA BO‘LADI?

7 Iyun kunida o‘tkazilgan Parlament saylovlaridan keyingi siyosiy vaziyatni shaxmat tili bilan aytganda “Pot” holati, deyish ham mumkin. Ya’ni, bu saylovlarda biror partiya ham hukumatni tuzish uchun lozim bo‘lgan mutlaq ko‘pchilik ovozlarni ololmadi. Ya’ni, 275 va undan ko‘proq millatvakiliga ega bo‘la olmadi.

Erdo‘g‘on va Dovudo‘g‘lining ATP si parlamentdagi mutlaq ko‘pchilikni yo‘qotdi, 41% ovoz olib, faqatgina 258 millatvakiliga ega bo‘ldi. Bu esa 550 millatvakilidan tashkil topgan Turkiya Buyuk Millat Majohlisda yakka holda hukumat tuzish uchun yetarli emas. Buning uchun eng kamida 275 millatvakiliga ega bo‘lish kerak. Demak, ATP endi bir o‘zi hukumatni tuza olmaydi. Muxolifatdagi JXP, MXP va XDP partiyalari zotan yakka holda hukumatni tuza olmaydilar.

Bunday siyosiy “pot” vaziyatida Parlamentga kirgan siyosiy partiyalar hukumatni tuzish uchun o‘zaro ittifoq tuzishga majburdirlar. Masalan, AKP muxolifatdagi JXP yoki MXP yoki XDP bilan kelishib hukumat tuza oladi. Ammo bu partiyalar orasida maqolaning boshida aytilgani kabi jiddiy mafkuraviy va siyosiy farqliliklar bor. Shuning uchun bu partiyalarning ittifoq (koalitsiya) hukumati tuzishlari unchalik ham oson siyosiy jarayon hisoblanmaydi…

Boshqa tomondan muxolifatdagi JXP, MXP va XDP partiyalari o‘zaro kelishib ittifoq (koalitsiya) hukumati tuzishlari mumkin. Ammo bunday kelishuv hozirda Turkiyada deyarli imkonsiz, deya ko‘rilmoqda. Chunki Turk va Kurd millatchilarining kelishib, bir ittifaq hukumatiga a’zo bo‘lishlariga deyarli hech kim extimol bermaydi. Ammo manfaatlar ustun ko‘riladigan bunday siyosiy muhitda har qanday siyosiy qadamlar otilishi mumkinligini ham unutmasligimiz kerak. Masalan, JXP va MXP hukumat tuzish haqida kelishsa, kurdlarning XDP si bu ittifoqqa a’zo bo‘lmasdan ham, Parlamentda bu ittifoq hukumatini qo‘llab quvvatlashi mumkin…

Yana bir ehtimollardan biri ATP ning ozchilik hukumatini tuzishidir. Buning uchun muxolifatdagi partiyalardan biri ATP bilan ittifoq hukumatiga kirmasa ham Parlamentda ATP tuzadigan hukumatni qo‘llab quvatlashi kerak…

Va nihoyat agar bu partiyalar o‘zaro kelishib hukumat tuza olmasalar, u holda Prezident Toyib Erdo‘g‘on bu parlamentni tarqatib yuborib, mamlakatda yangi saylovlar e’lon qilish huquqiga egadir…

TURKIYa SIYoSATIDAN QANDAY XULOSALAR ChIQARISh MUMKIN?

Agar Turkiyada hozirgi siyosiy tuzum va jarayonlarni O‘zbekistondagi Karimov diktaturasi, Erondagi oyatullohlar rejimi, Arab davlatlardagi qirolliklar diktatorligi, qirg‘inbarot urushlar davom etayotgan Iroq, Suriya va Afg‘onistondagi vaziyatlarga taqqoslansa, albatta Turkiyadagi umumiy ahvol va siyosiy jarayonlarning bu mamlakatlardagi vaziyatlardan yaxshiroq ekanligini ko‘ramiz.

Albatta, bunday baholashga ba’zilar qo‘shilmasligi ham mumkin. Ayniqsa, ba’zi musulmon toifalar orasida Turkiyadagi rejimni va siyosiy jarayonlarni g‘ayriislomiy, deya baholaydiganlar ham topiladi. Avvalo, bu yerda yuqoridagi taqqoslashga e’tibor qaratilishi kerak, deb o‘ylayman. Ya’ni, o‘zini musulmon davlatlari deb ataydigan ammo turli shakldagi diktorliklar bilan boshqariladigan yoki qirg‘inbarot urushlar ketayotgan davlatlardagi siyosiy tuzumlar va jarayonlar yaxshimi yoki tom ma’noda islomiy bo‘lmasa ham asosan tinchlik vaziyati hkumron bo‘lgan, jamiyatda juda katta ijtimoiy va siyosiy erkinliklar ta’minlangan hozirgi Turkiyadagi vaziyat mi? Qolaversa, Toyib Erdo‘g‘on va Ahmad Dovudo‘g‘li boshqarayotgan ATP sining sekulayar partiya emasligini, bu siyosatchilarining sekularizmni din va davlatni bir biridan ayirish emas, davlatning butun din vakillariga bir xil munosabatda bo‘lishi, deya ta’riflashlarini ham unutmasligimiz kerak. Shuning uchun Erdo‘g‘on va Dovuto‘g‘li hukumatlari Turkiyada g‘arbona sekularizmga asoslangan rejimga qat’iy zarbalar berdilar, bu rejimni qo‘llab quvvatlaydigan harbiylarning siyosatga ta’sirini jiddiy ma’noda kamaytirdilar mamlakatda musulmonlarga katta huquqlar berilishiga erishdilar…

Ammo Turkiyada musulmonchilik va g‘arbona tuzum tarafdorlari orasidagi siyosiy va ijtimoiy kurash tamoman tugallandi, deyishga hozircha yetarli asos yo‘q. Buning ustiga mamlakatda Turk va Kurd millatchligi tobora avj olib bormoqda. Shuningdek, Turkiya murakkab geopoltik jarayonlar davom etayotgan dunyo siyosiy muhitining markazlaridan birida turibdi…

Kelajakda nima bo‘lishini albatta Alloh taolo biladi..

Namoz NORMO‘MIN

10.06.2015

Alakalı yazılar

Yorum yazın