AQSH 2016 yil oxiriga qadar Afg‘onistondan qo‘shinini to‘la olib chiqishni rejalamoqda

28.05.2014

AQSh prezidenti Barak Obama 27 may kuni qilgan bayonotida shu yil oxirida Afg‘onistondagi xalqaro jangovar missiya tugaganidan so‘ng ham bu mamlakatda 9800 amerikalik harbiyni qoldirish niyatida ekanini ma’lum qildi.

Prezident Obamaga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar 2016 yilning oxirida Afg‘onistondan barcha qo‘shinini to‘laligicha olib chiqib ketishni rejalamoqda.

– Kelasi yildan boshlab afg‘onlar o‘z mamlakati xavfsizligiga o‘zlari mas’ul bo‘ladi. Amerika personali afg‘on armiyasini tayyorgarlikdan o‘tkazish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Harbiylarimiz endi Afg‘oniston shahar va qishloqlarini qo‘riqlash bilan shug‘ullanmaydi, dedi Obama.

Afg‘onistonda qoladigan AQSh harbiylari¸ asosan¸ poytaxt Kobuldagi Bag‘rom havo bazasida joylashadi. Ularning bir qismi Amerika elchixonasini qo‘riqlashga jalb etiladi.

2015 yil oxiriga borib Afg‘onistondagi 9800 sonli Amerika qo‘shinini yana 50 foizga kamaytirish, 2016 yil oxirida esa harbiy kuchlarni bu mamlakatdan to‘laligicha olib chiqish rejalanmoqda.

Lekin bu reja Afg‘oniston rahbariyati roziligiga bog‘liq. Oq uy ma’muriyatiga ko‘ra, AQSh prezidenti 27 may kuni Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay bilan bu rejani telefon orqali muhokama qildi.

Hozircha Afg‘oniston rahbariyatining bunga rozi yoki rozi emasligi ma’lum emas.

Oq uy Afg‘onistonda prezident saylovining birinchi bosqichida yutib chiqqan har ikki nomzod bilan bu bo‘yicha kelishuvga erisha olishiga qat’iy ishonchda.

Afg‘onistonda prezidentlik saylovining ikkinchi bosqichi kelasi oy o‘rtalarida o‘tkaziladi. Saylovning ikkinchi davrasida mamlakat sobiq tashqi ishlar vaziri Abdullo Abdullo va sobiq moliya vaziri Ashraf G‘anilar prezidentlik uchun kurashadi.

Ular AQSh bilan xavfsizlik bitimini imzolashga rozilik bildirganlar.

Afg‘oniston yangi prezidentining ismi avgust oyi boshlarida ma’lum bo‘ladi.

Britaniya va Yevropaning boshqa davlatlari o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan, rejaga muvofiq, shu yil oxiriga qadar olib chiqishni rejalamoqda.

Hafta oxirida AQSh prezidenti Barak Obama oldindan e’lon qilinmagan tashrif bilan Afg‘onistonga bordi va Bag‘rom havo bazasida AQSh harbiylari bilan uchrashdi.

AQShda nishonlanadigan Xotira kuni arafasida Kobulga borgan Obama Afg‘onistondagi janglarda halok bo‘lgan 2000dan ortiq amerikalik harbiy xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

www.ozodlik.org

Alakalı yazılar

Yorum yazın