Oliy sud sovet davrida qatag‘on qilingan 115 nafar o‘zbekistonlikni oqladi

(latında)

25 avgust kuni Oliy sudda mustabid sovet davrida qatag‘on qilingan 115 nafar shaxsni oqlash yuzasidan 6 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, «Qatag‘on qurbonlarining merosini yanada chuqur o‘rganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident farmoni asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish jarayonida aniqlangan, ayrim sabablarga ko‘ra reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatag‘on qurbonlari nomlarini oqlash yuzasidan taklif kiritilgan.

Bugungi Oliy sud majlisiga 115 nafar shaxsga nisbatan kelib tushgan 6 ta jinoyat ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqilganda, ularda sud majlisi bayonnomasi, sud qarori yoki hukm mavjud emasligi, ishlarda faqatgina OGPUning uchlik majlisi bayonnomasidan ko‘chirma borligi aniqlangan.

 

r_3d-OBS4cVkwkzEujg5iv8mEHw3XSFj.jpg (1280×853)

Sud majlisida quyidagi ishlar ko‘rib chiqildi:

1. Nosirxon to‘ra va boshqalarga oid (92 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan. Mavjud ish materiallaridan aniqlanishicha, ushbu jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida o‘tgan barcha shaxslar hibsga olingach, dastlab ayblovni inkor qilib kelgan bo‘lsada, so‘ng tazyiqlar ostida ayblariga iqrorlik bildirib ko‘rsatuv berganliklari so‘roq bayonnomasida o‘z ifodasini topgan, ularning o‘rtasida yuzlashtirish o‘tkazilmasdan, faqat bergan ko‘rsatuvlari ishga tikilgan.

2. Ibragimbek Chakabayev va boshqalarga oid (16 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan. OGPUning 1932 yil 13 apreldagi bayonnomasidan ko‘chirma mavjud. Biroq OGPUning hukmi mavjud emas: 1932 yil 13 aprelda jinoyat ishi OGPU tomonidan ko‘rib chiqilib, otib o‘ldirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Mazkur jinoyat ishi sud tomonidan ko‘rib chiqilmagan, jinoyat ishida sud hukmi yoki bayonnomasi mavjud emas.

3. Teregulov Osman Igmatulovich va boshqalarga oid (4 nafar shaxsga nisbatan) jinoyat ishi yuzasidan. Ushbu fuqarolar ma’muriy surgun qilish Komissiyasining 1922 yil 5 martdagi qaroriga ko‘ra konslagerlarga yuborilgan, ayrimlari otishga hukm qilingan.

Ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishlari alohida ish yurituvga ajratilgan.

4. Daminov Latifga oid jinoyat ishi yuzasidan. SSSR Oliy sud harbiy hay’ati sayyor sudining 1938 yil 15 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, L. Daminov — otishga hukm qilinib, mol-mulki musodara qilinishi belgilangan. 1938 yil 15 oktyabrdagi ma’lumotnomaga ko‘ra, Daminov Latifni otish haqidagi hukm ijrosi amalga oshirilganligi ko‘rsatilgan.

5. Sultonov G‘afurga oid jinoyat ishi yuzasidan. 1930 yil 27 oktyabrdagi Markaziy Osiyo Birlashgan davlat siyosiy boshqarmasi (BDSB) Muxtor vakili qoshidagi Uchlik kengashi qarori bilan O‘zbekiston SSR JK 58-modda 2-qismi (qurolli to‘dalar, sovet hududiga qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda bostirib kelishi) va 59-modda 3-qismi (Chet el davlatlari bilan aksilinqilobiy maqsadlarda aloqada bo‘lish) bo‘yicha aybdor deb topilgan va otuvga hukm qilingan.

6. Kiramov Kivamga oid jinoyat ishi yuzasidan.

SSSR Oliy sudi harbiy hay’atining 1938 yil 9 oktyabrdagi hukmiga ko‘ra, JK 58,64 va 67-moddalari bilan K. Kiramov otuvga hukm qilinib, barcha mol-mulki musodara qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan tegishli tartibda Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga protestlar keltirilgan.

2021 yil 25 avgust kuni ushbu jinoyat ishlari Oliy sud raisi o‘rinbosari Ikrom Muslimov raisligida o‘tkazilgan ochiq sud majlislarida ko‘rib chiqilib, keltirilgan protestlar qanoatlantirildi va O‘zbekiston Respublikasi jinoyat protsessual kodeksining 83- moddasiga asosan jami 6 ta jinoyat ishi bo‘yicha 115 nafar shaxs oqlandi.

https://kun.uz/uz/news/2021/08/25/oliy-sud-sovet-davrida-qatagon-qilingan-115-nafar-ozbekistonlikni-oqladi

 

Alakalı yazılar

Yorum yazın