Qirg‘izistonning sobiq muftiysi pnevmoniyadan vafot etdi

(LATINDA)

Qirg‘izistonning sobiq muftiysi, taniqli olim Chubak hoji Jalilov 11 iyulga o‘tar kechasi kasalxonada olamdan o‘tdi. U endigina 45 yoshga kirgan edi.

Bishkekdagi Milliy gospital xodimlari Ozodlikning qirg‘iz xizmatiga Ch. Jalilov kasalxonaga 10 iyul oqshomida og‘ir ahvolda olib kelinganini ma’lum qilganlar. Bemorni qabul qilgan vrach so‘zlariga ko‘ra, u o‘zini kislorod konsentratoriga ulab qo‘yishni iltimos qilgan. Bemorga kislorod berilganiga qaramay, bir soatdan keyin jon taslim qilgan.

Chubak hoji Jalilovga ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. 10 iyulgacha u uyida davolanib yurgan.

Chubak hoji Jalilov 1975 yil 21 yanvarida Jalolobod viloyatining Bozorqo‘rg‘on tumani Bay-Munduz qishlog‘ida tug‘ilgan. 1996 yili u Qirg‘izistondagi Islom universitetini tamomlagan. Shundan so‘ng u uch yil mobaynida Yusuf Xos Hojib nomidagi Qirg‘iziston milliy universitetida arab tilidan dars bergan.

Ch. Jalilov 2000 yildan 2006 yilgacha Saudiya Arabistonining Makka shahridagi “Ummul-Quro” xalqaro universitetida tahsil olgan. 2010 yildan 2012 yilgacha u Qirg‘iziston musulmonlar diniy boshqarmasiga rahbarlik qilgan.

Chubak hoji Jalilov qirg‘iz musulmonlari orasida eng ta’siri kuchli diniy arboblardan biri bo‘lib hisoblanardi. U “Ahli sunna val-jamoa”ning Hanafiya mazhabiga mansubligini bot-bot takrorlab turar, fatvolarini ham hanafiylikning Moturidiya ta’limotiga muvofiq ravishda chiqarib kelardi.

Ch. Jalilov o‘zbekistonlik ulamolar bilan ham tig‘iz aloqada bo‘lgan. O‘zbek musulmonlari uning mintaqa miqyosidagi yirik olim, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf to‘g‘risidagi maqtovli so‘zlari, 1995 yilda Toshkent aeroportidan o‘g‘irlab ketilgan andijonlik Abduvali qori Mirzayev haqidagi tanqidiy mulohazalari orqali yaxshi taniydilar.

https://www.ozodlik.org/a/30720570.html

Alakalı yazılar

Yorum yazın