Nazarboyev Avrosiyo iqtisodiy ittifoqini siyosiylashtirishga qarshi chiqdi

Yazının kısa Türkçe özeti:

Rusya lideri Putin eski Sovyetler Birliğinin yerine yeni bir birlik oluşturmak istemektedir. Bununla bağımsızlığını kazanan Türkistan Cumhuriyetleri yeniden Rusya’nın kontrolü altına alınması söz konusudur. Bu amaçla yeni Avroasya ekonomik birliği tesis edilmiştir. İşte bu birliğin siyasi birliği dönüşmesine Kazakistan lideri Nazarbaev karşı çıkıyor. Bu yazı BBC Özbek servisinde yayınlanmıştır:

Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyev Rossiya va Belarus bilan birgalikda tashkil etilayotgan Avrosiyo iqtisodiy ittifoqini siyosiylashtirishga qarshi chiqqan.

Janob Nazarboyev bu haqda seshanba kuni Moskvada, uch davlat o‘rtasidagi Bojxona ittifoqining yuqori organi bo‘lgan Oliy Avrosiyo iqtisodiy kengashida gapirgan.

Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, hozirgi bosqichda gap faqat iqtisodiy birlik tuzish haqida bormoqda va shuning uchun ham unga “iqtisodiy integratsiya doirasidan tashqaridagi holatlarni kiritish” kerakmas.

“Kelinglar, avval iqtisodiy ittifoqni tuzaylik, hamma narsaning o‘z vaqti bor”, – deb aytgan u.

Janob Nazarboyev shuningdek, Oliy kengashga a‘zo davlatlar uchun majburiy bo‘lgan millatlarusti vakolatlar berishga qarshi ekanini bildirgan.

Unga ko‘ra, iqtisodiy ittifoq to‘g‘risidagi bitim a‘zo davlatlarning boshqa davlat va tashkilotlar bilan aloqalariga xalaqit bermasligi kerak.

“Rossiya, Belarus va Qozog‘istonning siyosiy suvereniteti buzilmas bo‘lishi kerak”, deb aytgan Qozog‘iston rahbari Kremlning rasmiy web sahifasida e‘lon qilingan nutqida.

Avvalroq qozoq parlamenti ittifoq doirasida umumiy parlament tuzish g‘oyasiga qarshi chiqqan edi.

Avrosiyo iqtisodiy ittifoqini Rossiya, Belorus va Qozog‘istonning mavjud integratsion birligi asosida tuzish ko‘zda tutilgan.

Bu uch davlat Bojxona ittifoqi va Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkiloti doirasida hamkorlik qilib keladilar.

Tegishli bitimning imzolanishi 2014 yilga mo‘ljallangan.

“Ustivor vazifa”

2011 yilda Kremlga qaytgan Prezident Putin Avrosiyo ittifoqini yangi prezidentlik muddatining ustivor vazifasi, deb e‘lon qilgan.

Kuzatuvchilar janob Putinning tashabbusini sobiq sovet hududida Rossiyaning avvalgi ta‘sirini qayta tiklash urinishlari bilan izohlashadi.

O‘zbekiston birinchilardan bo‘lib bu g‘oyani rad etgan.

Prezident Karimov sobiq Sovet Ittifoqining qulashini “tabiiy va qonuniy jarayon” deb atagan.

U integratsiya g‘oyalari tobora siyosiy tus olayotganini urg‘ulab, ularga ehtiyotkorlik bilan yondoshishga chaqirgan.

Avrosiyo ittifoqini qo‘llab-quvvatlagan va ushbu g‘oya muallifi Prezident Nazarboyev ekanini aytgan Qozog‘iston ham keyinroq siyosiy birlik g‘oyasiga qarshi chiqqan.

Shu yil boshida Ostonada xorijiy diplomatlar qarshisida gapirgan janob Nazarboyev Avrosiyo mintaqasidagi integratsiya jarayonlari sobiq ittifoqni qayta tiriltirishni nazarda tutmasligini urg‘ulagan.

“Shaxsan mening tashabbusim bilan amalga oshirilayotgan Avrosiyo integratsiyasi hech qachon qandaydir siyosiy ittifoqlar, ayniqsa, allaqachon hammaning esidan chiqib ketgan sobiq Sovetlar Ittifoqini qayta tiklashga qaratilmaydi”, – deb aytgan Prezident Nazarboyev.

Yangi a‘zolar

Moskva o‘zi yetakchiligidagi ittifoqqa Ukrainaning ham qo‘shilishiga umid qilayotgani aytiladi.

Prezident Yanukovichning Bojxona ittifoqiga qo‘shilish harakatlari Kiyevda uning hukumatiga qarshi hanuz davom etayotgan ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan.

Seshanba kuni uch davlat rahbarlari yana bir sobiq sovet davlati – Armanistonning a‘zoligiga yo‘l ochuvchi “yo‘l xaritasi” borasida kelishganlar.

Janob Putin shuningdek, Qirg‘izistonning ham ittifoqqa a‘zolik yuzasidan dastlabki muzokaralarni boshlaganini ma‘lum qilgan.

http://www.bbc.co.uk/uzbek/

Alakalı yazılar

Yorum yazın