(LATINDA)
Ichki ishlar vazirligi Bi-bi-siga taqdim etgan ma’lumotnomada mahkum Xidirov Farruh Anvarovich joriy yilning 18 iyun kuni soat 05:45 da “o‘tkir o‘pka-yurak yetishmovchiligi va qo‘shilib keluvchi kasalliklar asoratidan hamda umumiy intoksikatsiyadan vafot etgan”i aytiladi.
Rasmiy ma’lumotnomaga ko‘ra, to‘rt marta sudlangan bemor mahkum 2000 yildan boshlab o‘pka sili, OITS, surunkali gepatit va boshqa kasalliklar, shuningdek, giyohvandlikdan davolanib kelgan.
“Bemor mahkum F.A. Xidirov 15.06.2020 yil taxminan soat 17: 45larda o‘z palatasida o‘tirgan holatida o‘rnidan turmoqchi bo‘lgan paytda muvozanatini yo‘qotib ehtiyotsizligi oqibatida polga yiqilishi oqibatida burun ustki qismi va pastki lab tashqi yuzasida yengil yuzaki shilingan jarohat olgan. Bemorga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Bemorning umumiy ahvoli o‘ta og‘irligi, o‘zi mustaqil yoza olmasligi sababli u bilan birga davolanayotgan bemorlardan yozma tilxatlar olinib, holat bo‘yicha tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib bemorning kasallik tarixiga biriktirilgan”, deyiladi Bi-bi-siga taqdim etilgan rasmiy ma’lumotnoma nushasida.
Unda vafot tashxisi “OITS (limfa tugunlarining tarqoq kattalashishi, orofaringial kandidoz, noma’lum etnologiyali uzoq davom etuvchi isitma, tana vaznining kelganga nisbatan 10%dan ortiq kamayishi, diareya” deya qayd etilgan.
Marhumning jasadi olingan videotasvirlarni ko‘rgan va yaqinlari bilan suhbatlashgan “Ezgulik” inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov uning qiynoqlar natijasida hayotdan ko‘z yumganini aytgan.
Bi-bi-si bilan suhbatda Tashanov videotasvirlarni Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili – Ombudsmanga taqdim etganini bildirdi.
Uning marhum yaqinlariga tayanib aytiishcha, Farruh Xidirov bir necha kun avval uyiga qo‘ng‘iroq qilib, koloniya xodimlari pul talab qilishayotganini aytgan.
“Hatto qandaydir hisob raqamlari ham berishgan ekan”, deydi Tashanov.
“So‘ng uning chalajon tanasini Sangorodga olib kelishibdi. U yerda 8 kun davomida o‘ziga keltirishga urinishgan, lekin bo‘lmabdi.
Oddiy bir huquq himoyachisi, fuqaro sifatida iztirobga tushmoqdaman. Nahotki, hammasi shunday ketaveradi?! Qiynoqlarning, xo‘rliklarning oxiri bormi?!”, deb yozgan Abdurahmon Tashanov.
Bu so‘nggi bir oydan kamroq vaqt mobaynida O‘zbekiston IIV muassasasidagi ikkinchi o‘lim holati.
Hodisa Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon va Chiroqchi IIBlarida ikki nafar fuqaroning qiynab o‘ldirilishida IIV rahbarlarini ayblaganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lmoqda.