Turkistonliklar qurultoyi Markaziy Osiyo davlatlarini birlashishga chaqirdi

Istanbulda qurultoyini o`tkazgan “Xalqaro turkistonliklar” hamkorlik jamiyati tarqatgan bayonotga ko`ra, Ukraina voqealarining Markaziy Osiyo mintaqasiga yetib kelishi xavfi mavjud. Shu bois zudlik bilan O`rta Osiyo davlatlari hamkorligi tashkilotini tuzish kerak, deyiladi qurultoy bayonotida.

Jamiyat raisi o`rinbosari Namoz Normo`min Qrimning ishg`ol qilinishi mintaqa uchun xavfli ishorat ekanini aytib, bunga qarshi mintaqada shoshilinch choralar ko’rilishi lozimligini ta’kidlaydi.

“Qurultoy bir bayonot qabul qildi, ya’ni O`zbekiston, Qozog`iston, Qirg`iziston, Turkmaniston va Tojikiston davlatlari rahbarlariga murojaat. Biz buni juda muhim va shoshilinch bayonot deb atadik. Hozir bu davlatlar turli MDH, ShXT va boshqa turli geosiyosiy tashkilotlarda  ham mavjud. Biz buning o`rniga  O`rta Osiyo davlatlari hamkorligi tashkilotini zudlik bilan tuzishga kirishish lozimligi haqidagi murojaat bilan chiqdik”, – deydi Namoz Normo`min.

Ukraina hududi bo`lgan Qrimning rus millati manfaatlarini himoyalash shiori ostida Rossiya tomonidan tortib olinishi ruslar ko`p yashovchi Markaziiy Osiyoda ham jiddiy xavotir uyg`otadi.

Shu bois so’nggi paytlarda ko`plab ekspertlar Rossiya tahdidi qarshisida mintaqa davlatlari birlashishi lozimligini,  bir necha yillar avval faoliyatdan to`xtagan Markaziy Osiyo davlatlari hamkorligi tashkilotini tiklash zaruriyatini ta`kidlay boshladi.

Namoz Normo`minga ko`ra, Tukiston davlatlari o`rtasida hozirgacha o`zaro ishonchga asoslangan hamkorlik muhiti yaratilmagan, lekin shunga qaramay,  geosiyosiy vaziyat mintaqa davlatlarini  birlashishga majbur etmoqda.

“O`rta Osiyo davlatlari istalgan darajadagi yaxshi hamkorlikni yo`lga qo`ya olmadilar. Aksincha, o`zaro ziddiyat, bir-birlariga qarshi siyosat olib borish, hatto janjalga tayyor turish kuzatildi. Mana, Qirg`izistonda o`zbeklar va qir`gizlar o`rtasida qonli voqealar bo`lib o`tdi, bular bizni qattiq ranjitadi”, – deydi tahlilchi.

“Xalqaro turkistonliklar” hamkorlik jamiyati qurultoyida mintaqadagi vaziyat,  Turkiston birligi va o`zaro hamkorlik masalalari muhokama etildi.

“Avvalo, Turkiston atamasining o`zi, uning tarixiy kelib chiqishi va buguni muhokama qilindi. Turkiston jumhuriyatlaridagi hozirgi vaziyat, ulardagi siyosiy ahvol, madaniyat, ma`rifat masalalari, ularning bugungi dunyo siyosatida tutayotgan o`rni haqida muhokamalar bordi”, – deydi Jamiyat raisi muovini Namoz Normo’min.

“Turkistonliklar” jamiyati Turkiyadagi turkistonlik muhojirlarga ijtimoiy ko`mak ko`rsatish maqsadida tuzilgan. Hozir bu yerda o’rta osiyolik muhojirlar soni 100 mingga yaqinlashgani aytiladi.

“So`nggi o`n yilda O`rta Osiyodan kelgan muhojirlar soni ham ortdi. Jamiyat ularga ijtimoiy, huquqiy, tibbiy va boshqa yordamlarni ko`rsatish uchun tuzilgan. Safimizda o`zbeklar, qozoqlar, tojik, turkman va qir`gizlar ham bor, a`zolarimizning rasmiy soni mingdan oshib ketdi”, – deydi Namoz Normo`min.

Uning fikrlashicha, ayni paytda ichki ziddiyatlarga  tortilgan Turkiya mintaqada faol siyosat yuritish qudratida emas. Markaziy Osiyo esa keskin geosiyosiy kurashlarga yuz tutishi ehtimoli mavjud. Agar mintaqa davlatlari bugungidek tarqoq qoladigan bo’lsa, buning regiondagi har bir davlat uchun xavfli oqibatlari juda chuqur bo’ladi, deya ogohlantiradi kuzatuvchilar.

http://www.amerikaovozi.com/content/turkistanian-summit/1903275.html

 

Alakalı yazılar

Yorum yazın