Toshkent bilan Xo‘jand o‘rtasida avtobus qatnay boshlaydi

15.05.2018

O‘zbekiston poytaxti Toshkent bilan Tojikistonning Xo‘jand shahri o‘rtasida 15 maydan avtobus qatnay boshlaydi. Bu haqda Gazeta.uz nashri Manzara Tourism sayyohlik operatori ma’lumotiga tayangan holda xabar tarqatdi.

O‘zbekiston Avtomobil transporti agentligi tomonidan yo‘lga qo‘yilgan mazkur avtobus qatnovi kuniga 3 martadan amalga oshiriladi.

Toshkent-Xo‘jand yo‘nalishi bo‘ylab chipta narxi 50 ming so‘m, Xo‘jand-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab chipta narxi esa 50 somoniy etib belgilangan. To‘lov yo‘lga chiqish mamlakatlari milliy valyutasida amalga oshiriladi. Chiptalarni “Toshkent” va “Xo‘jand” avtovokzallari kassalaridan sotib olish mumkin.

Safar uchun 4,5 soat vaqt belgilangan bo‘lib, bunga chegara punktlaridan o‘tish vaqti ham kiradi.

Avtobuslar va ularning yo‘lovchilari NO‘Pdagi bojxona ko‘rigi va chegara pasport nazoratidan navbatsiz o‘tkazilishi aytilmoqda.

O‘zbekiston va Tojikiston hukumatlari o‘rtasidagi xalqaro avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi bitim shu yil 9 martida imzolangan.

Ikki mamlakat shaharlari o‘rtasida avtobus qatnay boshlashi haqida Ozodlik avval xabar qilgan.

Ozodlik

Alakalı yazılar

Yorum yazın