Tojikistonda masjidlarga “tor, kalta va sport liboslarida” kirishni taqiqlash tavsiya qilindi

21.04.2018
Tojikistonda masjidlarga “tor, kalta va sport liboslarida” kirishni taqiqlash tavsiya qilindi
Bunday taklif Tojikiston Islomiy ulamolar kengashi nashrga tayyorlagan “Masjidda namoz o‘qish axloqi” nomli qo‘llanmada ilgari surilgan.

Dushanbedagi Islomshunoslik markazi xodimi Rustam Aziziyning 19 aprel kuni Ozodlikka aytishicha, tavsiya sifatida taqdim etilayotgan qo‘llanma Islom olimlari va yoshlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga chek qo‘yish maqsadida tayyorlangan.

“Oxirgi vaqtlarda ulamolar va yoshlar orasida qanday libos bilan masjidga kirish zarurligi masalasida bahslar yuzaga kelgan. Tojikiston Islomiy ulamolar kengashi (Tojikiston musulmonlari diniy idorasi -tahr.) bahslarga chek qo‘yish maqsadida ushbu masala bo‘yicha fikr-mulohazalarini bayon etdi. Zero, Hanafiy mazhabida tor va kalta libos bilan masjidga kirish makruhdir,” – dedi Rustam Aziziy.

Mazkur qo‘llanma hozircha rasman kuchga kirgani yo‘q, lekin hozirdanoq jome masjidlarda musulmonlarni tor, kalta, suratli yoki sport liboslarida masjidga kirmaslikka chaqiriqlar boshlangan.

Ammo ko‘p yosh dindorlar “Masjidda namoz o‘qish axloqi” qo‘llanmasini masjidda ibodat qilishdagi “cheklov” sifatida baholamoqdalar.

Dushanbelik yosh dindor Muhammadning aytishicha, 21- asrda yashab o‘rta asrlardagi urf-odatlarni yoshlarga tatbiq qilish to‘g‘ri amal emas.

“Islom ozod bo‘lishi lozim. Har bir dindor xohlagan libos bilan masjidda ibodat qilishga haqlidir. Namoz uchun libos emas, balki uni qazo qilish gunohdir,” – dedi Muhammad.

Islomiy ulamolar kengashi “Masjidda namoz o‘qish axloqi”ni “maslahat yoki tavsiya” sifatidagi qo‘llanma deya baholayotgan esa-da, tahlilchilar bunday qo‘llanma majburan tatbiq etilishi ehtimolidan xavotir birdirmoqda.

Tahlilchi Daler Sharifovning fikricha, milliy liboslar borasidagi qo‘llanmalar ham oldin tavsiyanoma sifatida taqdim etilgan edi, ammo keyinchalik uning ijrosi majburiy bir amalga aylandi.

“Agar bu qo‘llanma ham asta-sekin majburiy bir amalga aylansa, jamiyatda bo‘hronlarga olib kelishi mumkin. Islom dinida 1400 yil ichida diniy qoidalar o‘z-o‘zidan tartibga solingan. Musulmon uchun eng muhimi – pok bo‘lish”,- dedi Daler Sharifov.

Tojikistonda so‘nggi yillarda libos mavzusi eng bahsli mavzulardan biriga aylangan. Mamlakatda “tojikcha an’analar va qadriyatlarni” targ‘ib qilishga qaratilgan qonunlar qabul qilingan.

Bu qonunlarga muvofiq, islomiy ekstremizm va fundamentalizm ramzi sifatida ko‘rilayotgan ayollarning uzun qora qora kiyimi va hijoblari taqiqlangan.

O‘tgan haftada Tojikiston Madaniyat vazirligi ayollar va qizlarga kalta yubka kiyishni taqiqladi.

“Ayollar uchun tavsiya etilgan milliy liboslar” kitobida tojikistonlik xotin-qizlarga qora libos bilan bir qatorda yevropacha “dekolte», «mini yubka», «topik» va boshqa «badanni kӯrsatib turuvchi» kiyimlar kiyish taqiqlangan.

  
Ozodlik

Leave a Comment