Tojikiston O‘zbekiston janubiga elektr energiyasi uzatishni boshladi

04.04.2018

Tojikistondagi “Barqi tojik” shirkatining xabar berishicha, 2 aprelь kunning ikkinchi yarmida Tojikistoning “Regar” podstantsiyasidan O‘zbekistoning “Gulcha” podstantsiyasiga elektr energiyasi uzatish boshlagan.

“Barqi tojik” raisining birinchi muovini Mahmadumar Asozodaning Ozodlikka aytishicha, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi hukumatlararo bitim asosida yiliga 1,5 milliard kilovat-soat miqdorida elektr quvvati eksport qilinadi.

“Barqi tojik” mulozimining aytishicha¸ Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi faqat bahor-yoz mavsumida uzatiladi.

Hukumatlararo kelishuvga binoan, 1 kilovat elektr quvvatining narxi 2 AQSh tsentini tashkil etadi.

O‘tgan yil 20 dekabrda Tojikiston energetika va suv zahiralari vaziri Umonali Usmonzoda parlament sessiyasida Tojikistondan O‘zbekistonga elektr energiyasini eksport qilish uchun 60 kilometr elektr uzatish liniyasi va barcha podstantsiyalar ta’mirlanganini bildirgan edi.

2009 yili noyabrida O‘zbekiston bir tomonlama Markaziy Osiyo yagona elektr energiyasi tizimidan chiqishi ortidan, Tojikiston va O‘zbekston o‘rtasidagi energetika sohasidagi hamkorlik butunlay to‘xtab qolgan edi.

Ozodlik

Leave a Comment