Qozog‘istonmi yoki Qozoq eli? Nazarboyev “iston”dan voz kechmoqchi

07.02.2014

Editörün Notu: Kazakistan Devlet Başkanı Nursultan Nazarbaev kendi memleketinin ismini “Qazaq Eli” diye değişebileceğini söyledi…

 

Mamlakat rahbari “iston” qo‘shimchasi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlarida ham uchrashishi sabab Qozog‘istonga qiziqish kamroq ekanligini bildirgan.

Ushbu taklif mamlakatda turli qarashlar bilan qarshi olingan.

Atirau shahridagi intelektual maktablarning birida mahalliy jamoatchilik vakillari bilan uchrashgan Nursulton Nazarboyev mamlakat nomini o‘zgartirish taklifini berdi.

“Mamlakatimizning nomida boshqa Markaziy Osiyo davlatlari qatori “iston” qo‘shimchasi bor. Xorijliklar esa bizdan ko‘ra ko‘proq aholisi atigi 2 million bo‘lgan Mo‘g‘iliston(Mongoliya)ga qiziqish bildirishadi. Ushbu davlatning nomida “iston”qo‘shichasi yo‘q. Balki vaqti kelib mamlakatimizning nomini “Qozoq eli” deb o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqish kerakdir”, – degan Nursulton Nazarboyev.

Nazarboyev janoblari ushbu masala xalq bilan bamaslahat qilinishi kerakligini ta‘kidlagan.

Qozog‘istonlik millatchi patriot ruhidagi siyosatchi Muxtar Tayjan Qozog‘istonning “Qozoq eli” deb o‘zgartirishlariga qarshi emasligini aytadi.

“Qozoq eli degan so‘z, Qozog‘iston degan ma‘noni beradi, ya‘ni Qozoq mamlakati. Biroq “Qozog‘iston”dagi “iston” fors tilidan olingan. “Qozoq eli” bo‘lsa toza qozoq so‘zi”, deydi Muxtar Tayjan.

Siyosatshunos Rasul Jumali Qozog‘iston so‘zining noto‘g‘ri tuzilganiga e‘tibor qaratadi.

“Garchi “Qozog‘iston” so‘zi “Qozoqlarning davlati” degan ma‘noni bersa ham unga yana siyosiy nuqtai nazardan davlat ma‘nosini ham beruvchi “respublika” so‘zi qo‘shib aytiladi. Ya‘ni yog‘dan bo‘lgan yog‘ degan tushunarsiz narsa kelib chiqayapti. Qozoq davlati davlati degan ma‘no kelib chiqayapti”, – deydi Rasul Jumali.

Siyosatshunosga ko‘ra 1991 yili 51 foizni tashkil qilgan qozoq millati bugungi kunga kelib Qozog‘istonda 70 foizdan oshib ketgan.

Mamlakat nomini o‘zgartirish qozoq jamiyatining talablaridan kelib chiqmoqda. Bir asrdan ziyod rus tili va madaniyati ta‘siri ostida bo‘lgan qozoqlar so‘nggi 22 yilda o‘zlikni anglash borasida sezilarli qadam tashlaganligi aytiladi

Jumali janoblari mamlakat nomi “Qozoq eli” deb mas, balki shunchaki “Qozoq” respublikasi deb o‘zgartirilishi lozimligini bildirdi.

Qozog‘istonning “Qozoq eli”ga aylantirish taklifi ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Ushbu g‘oyani qo‘llab quvvatlagan qatlam “iston” qo‘shimchasi chet elliklarda ko‘proq beqaror bo‘lgan Afg‘oniston va Pokiston bilan o‘xshashlikni his qilishga olib kelishini aytishgan.

Ushbu o‘zgartirishga qarshi bo‘lganlar esa chet elliklarning “nog‘orasiga o‘ynashni” bas qilishga chaqirishadi.

“Xorijliklar oldida egilishni bas qilinglar. Biz Qozog‘istonmiz. Bir qarasang ular bizni tushunishi uchun lotin yozuviga o‘tamiz, endi bo‘lsa yoqish uchun nomimizni o‘zgartiramiz. Plastilinga o‘xshashni bas qilinglar”, -deb yozadi Alatir nomli foydalanuvchi.

Mutaxassislar Nazarboyevning ushbu taklifi boshqa takliflar qatori amalga oshmay qolib ketishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

“Ushbu taklifga ijobiy qarayman va qo‘llab quvvatlayman, biroq ishonmayman. Chunki so‘nggi yillarning ichida lotin alifbosiga ko‘chamiz, deyishdi. Yana Nazarboyev Turkiyada bo‘lgan vaqti Qozog‘iston shuncha yil Rossiyaning mustamlakasi bo‘lib keldi, deb aytdi. Lekin amalda hech narsa ko‘rmayapmiz”, -deydi siyosatchi Muxtar Tayjan.

Siyosatshunos Rasul Jumali jamiyat tomonidan qiziqish bildirilgan bu kabi mavzular shov shuv qilinib keyin mantiqiy davomi bo‘lmagan hollar Qozog‘istonda oldin ham bo‘lganini aytadi.

Jumali janoblariga ko‘ra o‘tgan 2013 yilda Qozog‘istondagi iqtisodiy, ijtimoiy hayotda va korruptsiya masalalarida ko‘plab muammolar bo‘lgan. Bunday paytda jamoatchilikning e‘tiborini boshqa masalalar bilan chalg‘itish uchun milliy mavzular davlat rahbarlari tomonidan ko‘tarilib turiladi.

“Xalqning qiziqishlariga sabab bo‘lgan mavzular ko‘tarilib turiladi. Lekin ushbu tashabbuslar davom etmasdan qolib ketadi. Ya‘ni ushbu mavzular ko‘tariladi, jamiyat orasida shov shuvga sabab bo‘ladi. Biroq keyinchalik buni hamma unutadi. Bu safar ham shunday bo‘lishidan qo‘rqaman”, – deydi Rasul Jumali.

Kaynak: http://www.bbc.co.uk/uzbek/

Alakalı yazılar

Yorum yazın