O‘zbek chegarachisi qirg‘iz fuqarosini otgani voqeasini bosh vazirlar muhokama qildi

09.04.2018

O‘zbekiston va Qirg‘iziston rasmiylari o‘zbek chegarachisi tomonidan qirg‘iz fuqarosi otib o‘ldirilgani voqeasini 9 aprel kuni muhokama qiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati xabar qildi.

Rasmiy ma’lumotda aytilishicha, ikki davlat bosh vazirlari Abdulla Aripov va Sapar Isakov 8 aprel kuni telefon orqali bu voqeani o‘zaro muhokama qilganlar. Suhbat davomida tomonlar 9 aprel kuni ikki davlat chegara xizmatlari hamda boshqa mutasaddi mahkamalar rahbarlari darajasida uchrashuv o‘tkazishga kelishib olgan.

“Qo‘shma ishchi guruhi hodisani batafsil o‘rganib, yaqin vaqtlar ichida natijalarini ma’lum qiladi”, deyiladi xabarda.

7 aprel kuni O‘zbekiston chegarachisi otgan o‘qdan 34 yashar Qirg‘iziston fuqarosi halok bo‘lgan edi. Voqea Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Aksu tumani Mamay qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari matbuot xizmati qirg‘izistonlik chegarani buzgani uchun o‘q otilganini bildirgan.

Ozodlik

Leave a Comment