O‘zbek chegarachisi o‘qidan bir qirg‘izistonlik halok bo‘ldi

08.04.2018

7 aprel kuni O‘zbekiston chegarachisi otgan o‘qdan 34 yashar Qirg‘iziston vatandoshi halok bo‘ldi. Qirg‘iziston Chegara xizmati xabariga ko‘ra, O‘zbekiston chegarachilari Qirg‘iziston hududida bo‘lgan fuqaroga o‘q otgan. O‘zbekiston tomoni hozircha ushbu voqeani sharhlagani yo‘q.
Voqea 7 aprel kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati Aksu tumani Mamay qishlog‘i hududida sodir bo‘lgan.

Qirg‘iziston Davlat Chegara xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston chegarachilari qirg‘izistonlik o‘z mamlakati hududida bo‘lgan payti uni o‘qqa tutgan.

“O‘zbekiston Respublikasi harbiy xizmatchilari Qirg‘iziston fuqarosi – Jalolobod viloyati, Aksu tumani, Qurulush qishlog‘ida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan F.M.ga nisbatan qurol qo‘llashdi. U Qirg‘iziston hududida bo‘lib, Mamay qishlog‘iga ketayotgan bo‘lgan”, deyiladi Qirg‘iziston Chegara xizmati rasmiy bayonotida.

O‘zbek chegarasi o‘qidan o‘lgan qirg‘izistonlikning ismi-sharifi to‘liq ochiqlanmayapti.

Rasmiy bayonotda aytilishicha, F.M Qirg‘izistonning Kerben shahar kasalxonasiga yetkazilgan, biroq u olgan jarohatlari tufayli shifoxonada vafot etgan.

Qirg‘iziston Chegara xizmatidan olingan ma’lumotga ko‘ra, hozirda mazkur voqea bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari boshlangan. Hodisa ro‘y bergan joyda Qirg‘iziston Chegara xizmatining Jalolobod viloyat boshqarmasi zobitlari va huquq-tartibot idoralari vakillaridan iborat guruh ishlamoqda.

Shanba kuni Qirg‘iziston Bosh vaziri Sapar Isoqov tegishli idoralarga ushbu voqeani “O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda” tekshirish vazifasini topshirdi.

O‘zbekiston tomoni ushbu voqeani hozircha izohlagani yo‘q. O‘zbekiston Chegara xizmati rasmiylari Ozodlikning chegaradagi mazkur voqea bo‘yicha savollarini ham javobsiz qoldirdi.

Jalolobod viloyati chegarachilaridan olingan ma’lumotga ko‘ra, sodir bo‘lgan ushbu hodisaning qay vaziyatda sodir bo‘lganiga aniqlik kiritish maqsadida 7 aprel kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston tomoni vakillari uchrashgan.

O‘zbek-qirg‘iz chegarasidan noqonuniy mol olib o‘tgan aka-ukalar otildi. Biri o‘ldi

4 aprel kuni ham o‘zbek-qirg‘iz chegarasida sodir bo‘lgan voqeada O‘zbekiston chegarachisi o‘qidan bir kishi halok bo‘lgan edi.

Andijon viloyati huquq tizimi mulozimining Ozodlikka aytishicha¸ 4 aprelda chegarani noqonuniy kesib o‘taëtgan paytda uch kishi o‘zbek chegarachisi tomonidan o‘qqa tutilgan va otilganlardan biri – 24 yashar Ahliddin Dehqonov olgan jarohatlari oqibatida vafot etgan, uning akasi va yana bir sherigi hozirda shifoxonada davolanmoqda.

Otilganlarning barchasi O‘zbekiston vatandoshlari bo‘lib, ulardan ikki nafari- aka-uka Odilbek va Ahliddin Qorasuv shahar, Uch tegirmon MFY, Terakzor ko‘chasida, ularning uchinchi sherigi- 1994 yilda tug‘ilgan Dehqonov Ahliddin Ahmadjonovich esa Qorasuv shahar Mustaqillikning 15-yilligi MFY, Bo‘rilik ko‘chasida yashaydi.

Hozircha Ozodlik chegaradan noqonuniy mol olib o‘tganlarga qarata o‘t ochgan o‘zbek harbiysining keyingi taqdiriga oid ma’lumotga ega emas.

U xizmat qiladigan 9228-sonli harbiy qismning Ozodlik bog‘langan vakili voqea bo‘yicha tergov harakatlari boshlanganini bildirdi.

“Bu holat bo‘yicha tergov organlari faoliyatni boshlagan. Yaqinda tergov organlari vakillari rasmiy bayonot berishadi. Shu bayonot orqali voqeaga doir barcha ma’lumotni bilib olasiz”, dedi harbiy qism xodimi 5 aprel kuni Ozodlik bilan suhbatda.

2017 yil sentyabrda O‘zbekiston Qirg‘iziston bilan chegaradan o‘tishlar bo‘yicha cheklovni bekor qilgan.

Joriy yil yanvariga kelib, qirg‘iz-o‘zbek chegarasidan o‘tayotganlar soni ikki barobarga ko‘paygani aytildi. Jumladan, “Qadamjoy” postida yo‘lovchilar oqimi bir sutkada 2000-2500 kshini tashkil qilayapti.

Ayni paytda chegaradan noqonuniy yuk olib o‘tish holatlari ham davom etayotgani kuzatilmoqda.

DXX Chegara qo‘shinlari joriy yilning 30 mart kuni e’lon qilgan ma’lumotga ko‘ra¸ 2017 yil davomida o‘zbek chegarachilari tomonidan davlat sarhadlarida 5 mingga yaqin chegarabuzar qo‘lga olingan¸ 32 milliard so‘mlik kontrabanda mahsulotlari, 1 million 880 ming dollar va boshqa davlat valyutalari, 48 kilo 971 gramm giyohvand modda va 285 dona qurol ushlab qolingan.

Jumladan¸ DXX ga ko‘ra¸ o‘tgan oy o‘zbek-qirg‘iz chegarasidan 573 280 dollarni noqonuniy olib o‘tayotgan fuqaro, chegarachilarga duch kelgach, pul solingan sumkani tashlab qochgan.

Ozodlik

Leave a Comment