Burhon Qovunchi BBC Mehmoni:O‘rta Osiyodagi xalqlar orasida tinchlik va birodarlikni o‘rnatish uchun kurashamiz

  [youtube width=”300px” height=”55px”]g0UaU6y5HYA[/youtube]

Burhon Qovunchi – Turkiyadagi taniqli jamoat arbobi, Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyatining Raisi.

Burhon Qovunchi 1954 yilda Turkiyaning Usmoniya viloyatida o‘zbek muhojirlar oilasida tug‘ilgan. Otasi Hamid Qovunchi asli Namanganlik, o‘qituvchi va huquqshunoslik bilan shug‘ullangan, onasi Oyxon opa asli Qo‘qonlik bo‘lishgan.

Burhon Qovunchining ota-bobolari ruslarning zulmidan qochib, avval Afg‘onistonga, keyin esa Turkiyaga kelib joylashishgan. Ona tarafidan bobosi Nasrulloh Yassa Turkistonda sovet ishg‘oliga qarshi qurolli kurash olib borgan bosmachilar safida o‘rin olgan. Bu tufayli 8 yil Sibirda qamoq jazosini o‘tagan.

Burhon Qovunchi o‘rta maktabni bitirgandan keyin Anqara Hojattepa universiteti Statistika bo‘limida o‘qigan. Talabalik yillaridan boshlab Turk millatchilari yoshlar bo‘limining “Ulku o‘choqlari”da Rais yordamchisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

U 1980 yil Turkiyada muhofazakor va kommunistlar orasida kechgan to‘qnashuvlarda millatchi guruhlar safida faol qatnashadi va buning uchun 3 yil qamoq jazosi oladi.

Burhon Qovunchi qamoqdan ozod bo‘lgach – 1990 va 1995 yillar orasida “Yer yuzi” jurnalining Bosh muharriri sifatida faoliyat olib borgan va ijtimoiy-siyosiy, Islom mavzularda qator maqolalar yozgan.

1991 yil hozirda Turkiyada mashhur bo‘lgan “Mazlumder” nomli inson haqlarini himoya qilish jamiyati muassislaridan biri bo‘lgan.

1996 yilda esa, “O‘zgurder” jamiyatiga asos solgan. 2007 va 2011 yillarda ushbu jamiyat rahbarlaridan biri sifatida ishlagan.

Markaziy Osiyodagi turkiy jumhuriyatlar mustaqil bo‘lgandan keyin Burhon Qovunchi Turkiyaga ushbu mamlakatlardan kelgan muhojirlarga yordam ko‘rsata boshlagan.

2013 yilda Turkiyadagi Turkistonlik faollar bilan birga Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyatini tuzgan (Veb sayti: www.turkistanlilar.org) va hozirgi kunda ushbu jamiyatning raisi sifatida faoliyat olib bormoqda.

Ushbu jamiyat shu yilning aprel oyida Xalqaro Turkistonliklar qurultoyini o‘tkazdi. Hozirgi kunda O‘rta Osiyo davlatlaridan o‘n minglarcha muhojirlar Turkiyaga kelib o‘rnashishgan. Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati ushbu muhojirlarga ilmiy, ma’rifiy, ijtimoiy va huquqiy sohalarda yordam berish bilan shug‘ullanadi.

Bi-bi-si: Bi-bi-sining bu galgi mehmoni – Turkiyadagi taniqli jamoat arbobi, Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyatining Raisi Burhon Qovunchi. Assalomu alaykum Burhon aka!

Burhon Qovunchi: Vaalaykum assalom, xush bo‘ldik!

Bi-bi-si: Suhbatni Londonda yashayotgan Shahnozaning savollari bilan boshlasak: “Asli O‘zbekistonlik ekansiz, oilangiz tarixi haqida gapirib bersangiz? Va agar sir bo‘lmasa, nima uchun ismi sharifingiz Qovunchi? Hozir O‘zbekistondagi qarindoshlaringiz bilan bordi-keldingiz bormi?” Yana Londondan Ben ismi bilan xat yo‘llagan tinglovchimiz ham: “Nimaga Qovunchi ismini olgansizlar, deb so‘raganlar”.

Burhon Qovunchi: Men Turkiyada tug‘ilganman, oilam esa, Turkistondan hijrat qilib Turkiyaga kelishgan. Otam Hamid Qovunchi va bobom Abdurrahman Qovunchi Namanganning Qovunchi qishloqida tug‘ilishgan. Qovunchi qishlog‘i hozir Namanganning bir mahallasidir. Namanganning qovunlari mashhur bo‘lib, eng katta va shirinlari Qovunchi qishlog‘ida yetishgan. Abdurrahman bobom diniy tahsil uchun Madinaga borgan va u joyda joylashgan. Madinada payg‘ambarimiz Hazrati Muhammad (sav)ning qabri sharifi ham bor. Madinada Buxoroliklar nomi bilan yashaydigan Turkistonliklar ko‘pdir. Jahon urushidan keyin Madinadagi Buxoroliklarning yo‘lboshchilari Turkiyaga hijrat qildilar. Onam Oyxon xonim Qo‘qonning Beshariq tumanida tug‘ilganlar. Otasi Nasrulloh afandi Hindistonda tahsil olgan va Qo‘qonda “hojalar va eshonlar” nomi bilan mashhurdirlar. Bobom Nasrulloh afandi Rus ishg‘oliga qarshi kurashish uchun Bosmachi (Qo‘rboshilar) harakatida qatnashgani va Sibirda qamoqda 8 yil yotgan. Qamoqdan keyin avval Tojikistonga keyin Afg‘onistonning Mozori Sharif va Qabul shaharlariga joylashgan. Turkiyaga hijrat qilganlarida (1938 yilda) onam Oyxon honim to‘qqiz 9 yoshida ekan. O‘zbekistonda qarindoshlarimiz bor, ular bilan bordi-keldimiz ham bor. Toshkantda, Qo‘qonda, Namanganda qarindoshlarimiz bor.

Bi-bi-si: Istanbuldan Abdurrahmon Muhammad ham: “Assalomu alaykum hurmatli Burhon Qovunchi! Jamiyatingizning asosiy maqsadi nimadan iborat?

Burhon Qovunchi: Vaalaykum assalom. Jamiyatimizning asosiy maqsadi muhojirotdagi Turkistonliklarga ilmiy-marifiy, ijtimoiy-huquqiy yordam berishdir. Oliy maqsadimiz esa, buyuk Turkiston ozodligi, haqiqiy mustaqilligi, vatanimizda Islom madaniyatining qayta tiklanishi, Turkistonliklar erkin va e’tiborli insonlar bo‘lib yashashlaridir. Bu oliy maqsadlar ichida albatta siyosiy fikrlar ham mavjuddir. Ammo, bizga ko‘ra avvalo madaniy, ilmiy, ijtimoiy, diniy taraqqiyot avvalgi vazifalar hisoblanadi.

Bi-bi-si: Aytish joiz bo‘lsa, Turkiston hududida joylashgan har bir mamlakatda o‘ziga xos milliy g‘oyalar bor va bu milliy g‘oyalar ba’zi holatlarda bir-biriga mos tushmaydi. Shu ma’noda Londondan Ben yana: “Turkiston birligi endi kitoblarda o‘qiladigan bir narsadek”, deydi va: “… millatlarni qanday qilib hamkorlikka chaqirasiz”, deb so‘raydi.

Burhon Qovunchi: Biz Turkistondagi, ya’ni O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘istondagi yurtdoshlarimizni islomiy qarindoshlikka chaqiramiz. Turkiston qarindoshligi, Islom qarindoshligi butun muammolarning yechimi uchun kafolatdir, inshaAllah.

Bi-bi-si: Burhon aka, mana tashkilotlaringiz nomini Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati deb atagansizlar, Markaziy Osiyo davlatlaridan qaysi biri bilan rasmiy aloqalaringiz bor?

Burhon Qovunchi: Bizning jamiyatimiz sivil, ya’ni fuqaroviy jamiyatdir. Ya’ni, nohukumat tashkilot. Davlatlar bilan rasmiy aloqa bo‘lsa, fuqaroviy jamiyat hisoblanmaydi. Ammo, bunday jamiyatlar xalqning muammolarini, talablarini, istaklarini hukumatlarga bildirish uchun faoliyat olib borishadi. Bizning jamiyatimiz muhojirotdagi yurtdoshlarimizning muammolarini yechish uchun ish olib bormoqda. Ba’zi masalalarda Istanbuldagi konsullarga murojaat etamiz.

Bi-bi-si: O‘zbekiston bilan-chi, qandaydir aloqalarni yo‘lga qo‘yishga muvaffaq bo‘la olganmisizlar? Agar aloqalar bo‘lmasa, bunga nima xalaqit beradi?

Burhon Qovunchi: O‘zbekiston hukumati bilan rasmiy aloqalarimiz yo‘q, ammo juda ko‘p O‘zbek birodarlarimiz va O‘zbek ziyolilari bilan yaxshi aloqalarimiz bor. Zotan, biz uchun rasmiy hukumat bilan emas, xalqning haqiqiy vakillari bilan aloqa qilish muhimdir.

Bi-bi-si: Istanbuldan Abdurrahmon Muhammadning ikkinchi savoli: “Markaziy Osiyodagi hozirgi vaziyatni qanday baholaysiz?”

Burhon Qovunchi: Turkiston – bizning ota-bobolarimizning vatani faqat hozir emas, 500 yildan beri bunday ayanchli holatdadir. Amir Temurning, Ulug‘bekning va Ibn Sinolarning nevaralari hozir kambag‘al, faqir holatda ish topish uchun Moskvada bir-birlari bilan urishib yurgan johil odamlar bo‘lib qolishgan. Sharqiy Turkistonda Chinning zulmidan ingragan yurtdoshlarimizning faryodi dunyoga tarqalmoqda. O‘zbekistondagi zulm, Xitoydagi zulmdan aslo kam emas.

Bi-bi-si: Endi mana Turkiston deb atayotgan hududda joylashgan mamlakatlar o‘rtasidagi mavjud munosabatlardan va u yerdagi siyosiy vaziyatdan kelib chiqadigan bo‘lsak, jamiyatingiz o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga yeta oladi deyish mumkinmi? Bu nomni istamaydigan davlatlar ham yo‘q emas mintaqada, xususan, Tojikiston va Afg‘onistonni olsak…

Burhon Qovunchi: Bizning maqsadlarimiz juda uzoq bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin bu yerda ikki xususni ta’kidlashni istayman. Birinchisi, 1950 yillarda tug‘ilganlar orasida Turkiston ismi ma’lum edi. Bir Kirg‘iz, bir Qozoq bir Qashg‘arli “men Turkistonlikman” der edi. Hozir Turkiston nomi unutildi, unuttirildi. Buni qayta xotirlatishni kun tartibiga keltirish qiyin bir ish emasku. 60 – 70 yil oldin mumkin bo‘lgan ish, albatta, hozir ham mumkindir. Ikkinchisi, Turkistonning birligi avvalo xalqlarning birligidir. Biz bu joyga kelayotgan O‘zbeklarga, Qirg‘izlarga, Qozoqlarga ular Turkistonlik ekanlarini eslatamiz. Nihoiy o‘laroq ayri-ayri davlatlar, bayroqlar, chegaralar “siz o‘zingiz va ota bobolaringiz o‘ylab topgan narsalardan boshqa narsa emasdir” deymiz (Yusuf surasi, 40 oyat). Bugun “xalqlarning birodarligi” shiori yuksalmoqda. Butun Musulmonlar bir-birlariga birodardirlar. Bizning ayri-ayri, parcha-parcha bo‘lishimiz diktatorlarga va imperalist davlatlarga xizmat etmoqda. 2010 yilda “Qirg‘iziston fojeasi”, deb aytilgan voqealarda minglarcha turkistonliklar o‘ldi. Turkiston uchun kurashish bunday jaholatlarning bitishi, qayta takrorlanmasligi uchun kurashish demakdir. Bu fojealar, bu jaholatlar naqadar haqiqat esa, ularga qarshu kurashish ham shu qadar haqiqatdir. Shuning uchun ham, Turkiston bir xayoldan iborat emasdir. Ming yildan beri bor bo‘lgan bir haqiqatdir. Turkiston uchun kurashish bugungi kunda O‘rta Osiyodagi xalqlarimiz orasida tinchlik va birodarlikni o‘rnatish uchun kurashishni bildiradi.

Bi-bi-si: Endi bu kurashni qanday amalga oshirmoqchisizlar?

Burhon Qovunchi: Turkistonga, ya’ni vatanimizga bu masalada ko‘p da’vatlar qilayapmiz. Ommaviy axborot vositalarida, internetdan da’vat qilyapmiz. Rusiyadagi, Amerikadagi, arab davlatlaridagi Turkistonliklar bilan aloqani tikladik. O‘rta Osiyodan kelgan tijoratchilar bilan uchrashib, ularga maqsadlarimizni tushuntirayapmiz. Bu orqali da’vatimizni xalqimizga yetkazishga urinayapmiz. Yaqinda bu mamlakatlarda ham jamiyatimizning bo‘limlarini ochishni rejalashtirganmiz. Biz Istanbulda o‘tkazgan Turkiston qurultoyi kabi qurultoylar, ziyolilar uchrashuvlarini o‘tkazmoqchimiz.

Bi-bi-si: Shvetsiyadan Muhammadsolihning savollarini o‘qib bersam: “Burhon aka, Turkiyada turkiy davlatlar ishtirokidagi sammit bo‘lib o‘tdi. Bu sammit davlat rahbarlari ishtirokida bo‘ldi. Shu uchrashuv doirasida sizning tashkilot hukumat bilan birga o‘sha davlatlar yozuvchi, ziyolilari orasida, bordi-keldi qilib, madaniy-ijtimoiy integratsiya jarayoniga hissa qo‘shsa bo‘lmaydimi?”

Burhon Qovunchi: Turkiy davlatlar ishtirokidagi sammit va yaqinlashishlar albatta yaxshi faoliyatlardir. Biz bularga bog‘liq bo‘lmasdan ham o‘zaro aloqalar qilishimiz kerak. Shunday uchrashuvlar doirasida ham munosabatlar qilish mumkin. InshaAlloh Turkiyadagi rasmiy maqomlarga murojaat qilamiz. Turkistondagi Madaniy va Ijtimoiy birlik uchun ko‘p ishlar qilishimiz kerak. Turkistonning yozuvchilari va ziyolilari orasida yaxshi munosabatlar o‘rnatilsa, davlatlar orasida ham munosabatlar ham yanada sog‘lom va doimiy bo‘lishi mumkin inshaAlloh.

Bi-bi-si: Muhammadsolih yana: “O‘zbekistonni bu sammitga kelmaganini qanday izohlaysiz?” deb so‘rayaptilar.

Burhon Qovunchi: Turkiy davlatlar ishtirokida sammitlarning oxirgisi Turkiyada o‘tgan Turk Konseyi sammitidir. Bularda O‘zbekiston qatnashmadi. O‘zbekiston rahbariyati esa, qo‘shni davlatlarning hech biri bilan yaxshi aloqa qilmaydi. Ularning aloqasi ba’zan Rusiya bilan, Chin bilan, ba’zan ham AQSh bilan, NATO bilan bo‘ladi. Islom Karimovning hukumati Turkiya bilan yaxshi munosabat qilmaydi. O‘z xalqi bilan ham yaxshi munosabati yo‘q. Bunday sammitlar faqat Turkiy davlatlar orasida emas, umummusulmonlar orasida ham bo‘lsa, yana yaxshi bo‘ladi. Turkistonning birligi uchun Islomiy ittifoqlar ham nihoyatda muhimdir. Chunki, Turkistonda turkiy tilda gapirmaydigan xalqlar ham bor, Tojiklar, Pashtunlar kabi. Bizning uchun xalqlar orasidagi aloqalar yanada muhimdir. Turkiston xalqlari orasidagi aloqalar aslida yaxshidir. Xalqlarimizning tili birdir, undan-da muhimi dini ham birdir.

Bi-bi-si: Qiziqarli suhbat uchun katta rahmat!

Burhon Qovunchi: Siz ham sog‘ bo‘ling. Turkiston xalqlarining hammasiga salom yo‘llang.

Бурҳон Қовунчи:Ўрта Осиёдаги халқлар орасида тинчлик ва биродарликни ўрнатиш учун курашамиз

Бурҳон Қовунчи – Туркиядаги таниқли жамоат арбоби, Туркистонликлар Халқаро Ҳамкорлик Жамиятининг Раиси.

Бурҳон Қовунчи 1954 йилда Туркиянинг Усмония вилоятида ўзбек муҳожирлар оиласида туғилган. Отаси Ҳамид Қовунчи асли Наманганлик, ўқитувчи ва ҳуқуқшунослик билан шуғулланган, онаси Ойхон опа асли Қўқонлик бўлишган.

Бурҳон Қовунчининг ота-боболари русларнинг зулмидан қочиб, аввал Афғонистонга, кейин эса Туркияга келиб жойлашишган. Она тарафидан бобоси Насруллоҳ Ясса Туркистонда совет ишғолига қарши қуролли кураш олиб борган босмачилар сафида ўрин олган. Бу туфайли 8 йил Сибирда қамоқ жазосини ўтаган.

Бурҳон Қовунчи ўрта мактабни битиргандан кейин Анқара Ҳожаттепа университети Статистика бўлимида ўқиган. Талабалик йилларидан бошлаб Турк миллатчилари ёшлар бўлимининг “Улку ўчоқлари”да Раис ёрдамчиси сифатида фаолият кўрсатган.

У 1980 йил Туркияда муҳофазакор ва коммунистлар орасида кечган тўқнашувларда миллатчи гуруҳлар сафида фаол қатнашади ва бунинг учун 3 йил қамоқ жазоси олади.

Бурҳон Қовунчи қамоқдан озод бўлгач – 1990 ва 1995 йиллар орасида “Ер юзи” журналининг Бош муҳаррири сифатида фаолият олиб борган ва ижтимоий-сиёсий, Ислом мавзуларда қатор мақолалар ёзган.

1991 йил ҳозирда Туркияда машҳур бўлган “Мазлумдер” номли инсон ҳақларини ҳимоя қилиш жамияти муассисларидан бири бўлган.

1996 йилда эса, “Ўзгурдер” жамиятига асос солган. 2007 ва 2011 йилларда ушбу жамият раҳбарларидан бири сифатида ишлаган.

Марказий Осиёдаги туркий жумҳуриятлар мустақил бўлгандан кейин Бурҳон Қовунчи Туркияга ушбу мамлакатлардан келган муҳожирларга ёрдам кўрсата бошлаган.

2013 йилда Туркиядаги Туркистонлик фаоллар билан бирга Туркистонликлар Халқаро Ҳамкорлик Жамиятини тузган (Веб сайти: www.turkistanlilar.org) ва ҳозирги кунда ушбу жамиятнинг раиси сифатида фаолият олиб бормоқда.

Ушбу жамият шу йилнинг апрель ойида Халқаро Туркистонликлар қурултойини ўтказди. Ҳозирги кунда Ўрта Осиё давлатларидан ўн мингларча муҳожирлар Туркияга келиб ўрнашишган. Туркистонликлар Халқаро Ҳамкорлик Жамияти ушбу муҳожирларга илмий, маърифий, ижтимоий ва ҳуқуқий соҳаларда ёрдам бериш билан шуғулланади.

Би-би-си: Би-би-сининг бу галги меҳмони – Туркиядаги таниқли жамоат арбоби, Туркистонликлар Халқаро Ҳамкорлик Жамиятининг Раиси Бурҳон Қовунчи. Ассалому алайкум Бурҳон ака!

Бурҳон Қовунчи: Ваалайкум ассалом, хуш бўлдик!

Би-би-си: Суҳбатни Лондонда яшаётган Шаҳнозанинг саволлари билан бошласак: “Асли Ўзбекистонлик экансиз, оилангиз тарихи ҳақида гапириб берсангиз? Ва агар сир бўлмаса, нима учун исми шарифингиз Қовунчи? Ҳозир Ўзбекистондаги қариндошларингиз билан борди-келдингиз борми?” Яна Лондондан Бен исми билан хат йўллаган тингловчимиз ҳам: “Нимага Қовунчи исмини олгансизлар, деб сўраганлар”.

Бурҳон Қовунчи: Мен Туркияда туғилганман, оилам эса, Туркистондан ҳижрат қилиб Туркияга келишган. Отам Ҳамид Қовунчи ва бобом Абдурраҳман Қовунчи Наманганнинг Қовунчи қишлоқида туғилишган. Қовунчи қишлоғи ҳозир Наманганнинг бир маҳалласидир. Наманганнинг қовунлари машҳур бўлиб, энг катта ва ширинлари Қовунчи қишлоғида етишган. Абдурраҳман бобом диний таҳсил учун Мадинага борган ва у жойда жойлашган. Мадинада пайғамбаримиз Ҳазрати Муҳаммад (сав)нинг қабри шарифи ҳам бор. Мадинада Бухороликлар номи билан яшайдиган Туркистонликлар кўпдир. Жаҳон урушидан кейин Мадинадаги Бухороликларнинг йўлбошчилари Туркияга ҳижрат қилдилар. Онам Ойхон хоним Қўқоннинг Бешариқ туманида туғилганлар. Отаси Насруллоҳ афанди Ҳиндистонда таҳсил олган ва Қўқонда “ҳожалар ва эшонлар” номи билан машҳурдирлар. Бобом Насруллоҳ афанди Рус ишғолига қарши курашиш учун Босмачи (Қўрбошилар) ҳаракатида қатнашгани ва Сибирда қамоқда 8 йил ётган. Қамоқдан кейин аввал Тожикистонга кейин Афғонистоннинг Мозори Шариф ва Қабул шаҳарларига жойлашган. Туркияга ҳижрат қилганларида (1938 йилда) онам Ойхон ҳоним тўққиз 9 ёшида экан. Ўзбекистонда қариндошларимиз бор, улар билан борди-келдимиз ҳам бор. Тошкантда, Қўқонда, Наманганда қариндошларимиз бор.

Би-би-си: Истанбулдан Абдурраҳмон Муҳаммад ҳам: “Ассалому алайкум ҳурматли Бурҳон Қовунчи! Жамиятингизнинг асосий мақсади нимадан иборат?

Бурҳон Қовунчи: Ваалайкум ассалом. Жамиятимизнинг асосий мақсади муҳожиротдаги Туркистонликларга илмий-марифий, ижтимоий-ҳуқуқий ёрдам беришдир. Олий мақсадимиз эса, буюк Туркистон озодлиги, ҳақиқий мустақиллиги, ватанимизда Ислом маданиятининг қайта тикланиши, Туркистонликлар эркин ва эътиборли инсонлар бўлиб яшашларидир. Бу олий мақсадлар ичида албатта сиёсий фикрлар ҳам мавжуддир. Аммо, бизга кўра аввало маданий, илмий, ижтимоий, диний тараққиёт аввалги вазифалар ҳисобланади.

Би-би-си: Айтиш жоиз бўлса, Туркистон ҳудудида жойлашган ҳар бир мамлакатда ўзига хос миллий ғоялар бор ва бу миллий ғоялар баъзи ҳолатларда бир-бирига мос тушмайди. Шу маънода Лондондан Бен яна: “Туркистон бирлиги энди китобларда ўқиладиган бир нарсадек”, дейди ва: “… миллатларни қандай қилиб ҳамкорликка чақирасиз”, деб сўрайди.

Бурҳон Қовунчи: Биз Туркистондаги, яъни Ўзбекистон, Қирғизистон, Қозоғистондаги юртдошларимизни исломий қариндошликка чақирамиз. Туркистон қариндошлиги, Ислом қариндошлиги бутун муаммоларнинг ечими учун кафолатдир, иншаАллаҳ.

Би-би-си: Бурҳон ака, мана ташкилотларингиз номини Туркистонликлар Халқаро Ҳамкорлик Жамияти деб атагансизлар, Марказий Осиё давлатларидан қайси бири билан расмий алоқаларингиз бор?

Бурҳон Қовунчи: Бизнинг жамиятимиз сивил, яъни фуқаровий жамиятдир. Яъни, ноҳукумат ташкилот. Давлатлар билан расмий алоқа бўлса, фуқаровий жамият ҳисобланмайди. Аммо, бундай жамиятлар халқнинг муаммоларини, талабларини, истакларини ҳукуматларга билдириш учун фаолият олиб боришади. Бизнинг жамиятимиз муҳожиротдаги юртдошларимизнинг муаммоларини ечиш учун иш олиб бормоқда. Баъзи масалаларда Истанбулдаги консулларга мурожаат этамиз.

Би-би-си: Ўзбекистон билан-чи, қандайдир алоқаларни йўлга қўйишга муваффақ бўла олганмисизлар? Агар алоқалар бўлмаса, бунга нима халақит беради?

Бурҳон Қовунчи: Ўзбекистон ҳукумати билан расмий алоқаларимиз йўқ, аммо жуда кўп Ўзбек биродарларимиз ва Ўзбек зиёлилари билан яхши алоқаларимиз бор. Зотан, биз учун расмий ҳукумат билан эмас, халқнинг ҳақиқий вакиллари билан алоқа қилиш муҳимдир.

Би-би-си: Истанбулдан Абдурраҳмон Муҳаммаднинг иккинчи саволи: “Марказий Осиёдаги ҳозирги вазиятни қандай баҳолайсиз?”

Бурҳон Қовунчи: Туркистон – бизнинг ота-боболаримизнинг ватани фақат ҳозир эмас, 500 йилдан бери бундай аянчли ҳолатдадир. Амир Темурнинг, Улуғбекнинг ва Ибн Синоларнинг неваралари ҳозир камбағал, фақир ҳолатда иш топиш учун Москвада бир-бирлари билан уришиб юрган жоҳил одамлар бўлиб қолишган. Шарқий Туркистонда Чиннинг зулмидан инграган юртдошларимизнинг фарёди дунёга тарқалмоқда. Ўзбекистондаги зулм, Хитойдаги зулмдан асло кам эмас.

Би-би-си: Энди мана Туркистон деб атаётган ҳудудда жойлашган мамлакатлар ўртасидаги мавжуд муносабатлардан ва у ердаги сиёсий вазиятдан келиб чиқадиган бўлсак, жамиятингиз ўз олдига қўйган мақсадларига ета олади дейиш мумкинми? Бу номни истамайдиган давлатлар ҳам йўқ эмас минтақада, хусусан, Тожикистон ва Афғонистонни олсак…

Бурҳон Қовунчи: Бизнинг мақсадларимиз жуда узоқ бўлиб кўриниши мумкин, лекин бу ерда икки хусусни таъкидлашни истайман. Биринчиси, 1950 йилларда туғилганлар орасида Туркистон исми маълум эди. Бир Кирғиз, бир Қозоқ бир Қашғарли “мен Туркистонликман” дер эди. Ҳозир Туркистон номи унутилди, унуттирилди. Буни қайта хотирлатишни кун тартибига келтириш қийин бир иш эмаску. 60 – 70 йил олдин мумкин бўлган иш, албатта, ҳозир ҳам мумкиндир. Иккинчиси, Туркистоннинг бирлиги аввало халқларнинг бирлигидир. Биз бу жойга келаётган Ўзбекларга, Қирғизларга, Қозоқларга улар Туркистонлик эканларини эслатамиз. Ниҳоий ўлароқ айри-айри давлатлар, байроқлар, чегаралар “сиз ўзингиз ва ота боболарингиз ўйлаб топган нарсалардан бошқа нарса эмасдир” деймиз (Юсуф сураси, 40 оят). Бугун “халқларнинг биродарлиги” шиори юксалмоқда. Бутун Мусулмонлар бир-бирларига биродардирлар. Бизнинг айри-айри, парча-парча бўлишимиз диктаторларга ва импералист давлатларга хизмат этмоқда. 2010 йилда “Қирғизистон фожеаси”, деб айтилган воқеаларда мингларча туркистонликлар ўлди. Туркистон учун курашиш бундай жаҳолатларнинг битиши, қайта такрорланмаслиги учун курашиш демакдир. Бу фожеалар, бу жаҳолатлар нақадар ҳақиқат эса, уларга қаршу курашиш ҳам шу қадар ҳақиқатдир. Шунинг учун ҳам, Туркистон бир хаёлдан иборат эмасдир. Минг йилдан бери бор бўлган бир ҳақиқатдир. Туркистон учун курашиш бугунги кунда Ўрта Осиёдаги халқларимиз орасида тинчлик ва биродарликни ўрнатиш учун курашишни билдиради.

Би-би-си: Энди бу курашни қандай амалга оширмоқчисизлар?

Бурҳон Қовунчи: Туркистонга, яъни ватанимизга бу масалада кўп даъватлар қилаяпмиз. Оммавий ахборот воситаларида, интернетдан даъват қиляпмиз. Русиядаги, Америкадаги, араб давлатларидаги Туркистонликлар билан алоқани тикладик. Ўрта Осиёдан келган тижоратчилар билан учрашиб, уларга мақсадларимизни тушунтираяпмиз. Бу орқали даъватимизни халқимизга етказишга уринаяпмиз. Яқинда бу мамлакатларда ҳам жамиятимизнинг бўлимларини очишни режалаштирганмиз. Биз Истанбулда ўтказган Туркистон қурултойи каби қурултойлар, зиёлилар учрашувларини ўтказмоқчимиз.

Би-би-си: Швециядан Муҳаммадсолиҳнинг саволларини ўқиб берсам: “Бурҳон ака, Туркияда туркий давлатлар иштирокидаги саммит бўлиб ўтди. Бу саммит давлат раҳбарлари иштирокида бўлди. Шу учрашув доирасида сизнинг ташкилот ҳукумат билан бирга ўша давлатлар ёзувчи, зиёлилари орасида, борди-келди қилиб, маданий-ижтимоий интеграция жараёнига ҳисса қўшса бўлмайдими?”

Бурҳон Қовунчи: Туркий давлатлар иштирокидаги саммит ва яқинлашишлар албатта яхши фаолиятлардир. Биз буларга боғлиқ бўлмасдан ҳам ўзаро алоқалар қилишимиз керак. Шундай учрашувлар доирасида ҳам муносабатлар қилиш мумкин. ИншаАллоҳ Туркиядаги расмий мақомларга мурожаат қиламиз. Туркистондаги Маданий ва Ижтимоий бирлик учун кўп ишлар қилишимиз керак. Туркистоннинг ёзувчилари ва зиёлилари орасида яхши муносабатлар ўрнатилса, давлатлар орасида ҳам муносабатлар ҳам янада соғлом ва доимий бўлиши мумкин иншаАллоҳ.

Би-би-си: Муҳаммадсолиҳ яна: “Ўзбекистонни бу саммитга келмаганини қандай изоҳлайсиз?” деб сўраяптилар.

Бурҳон Қовунчи: Туркий давлатлар иштирокида саммитларнинг охиргиси Туркияда ўтган Турк Консейи саммитидир. Буларда Ўзбекистон қатнашмади. Ўзбекистон раҳбарияти эса, қўшни давлатларнинг ҳеч бири билан яхши алоқа қилмайди. Уларнинг алоқаси баъзан Русия билан, Чин билан, баъзан ҳам АҚШ билан, НАТО билан бўлади. Ислом Каримовнинг ҳукумати Туркия билан яхши муносабат қилмайди. Ўз халқи билан ҳам яхши муносабати йўқ. Бундай саммитлар фақат Туркий давлатлар орасида эмас, умуммусулмонлар орасида ҳам бўлса, яна яхши бўлади. Туркистоннинг бирлиги учун Исломий иттифоқлар ҳам ниҳоятда муҳимдир. Чунки, Туркистонда туркий тилда гапирмайдиган халқлар ҳам бор, Тожиклар, Паштунлар каби. Бизнинг учун халқлар орасидаги алоқалар янада муҳимдир. Туркистон халқлари орасидаги алоқалар аслида яхшидир. Халқларимизнинг тили бирдир, ундан-да муҳими дини ҳам бирдир.

Би-би-си: Қизиқарли суҳбат учун катта раҳмат!

Бурҳон Қовунчи: Сиз ҳам соғ бўлинг. Туркистон халқларининг ҳаммасига салом йўлланг.

Alakalı yazılar

Yorum yazın