Bishkekda ushlangan jurnalist Bobomurod Abdullayev ekstraditsiyaga yuz tutmoqda

(latında)

10 may kuni Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi o‘zbekistonlik jurnalist Bobomurod Abdullayevni ehtiyot chorasi sifatida 8 sentyabrgacha qamoqda qoldirish haqida qaror chiqardi.

Jurnalistning advokati Timur Karabayevning so‘zlariga ko‘ra, Bobomurod Abdullayev O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinish xavfi ostida.

“Bizning imkonimizda appelyatsiya shikoyati kiritish uchun 5 kun muddat bor. Agar e’tirozlarimiz inobatga olinmasa 30 kundan so‘ng Bosh prokuratura Abdullayevni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilishga qaror beradi”, deya advokatning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda mustaqil “Eltuz” nashri.

Qirg‘iziston Davlat Milliy Xavfsizlik Qo‘mitasi Bobomurod Abdullayevni shu yilning 8 avgust kuni O‘zbekiston tomonining rasmiy so‘roviga binoan ushlaganini aytgan.

Ammo advokatiga ko‘ra, Abdullayev 9 avgust, yakshanba kuni Bishkekdagi kafelardan birida hibsga olingan.

Unga nisbatan ochilgan yangi jinoyat ishining tafsilotlari ma’lum emas.
Dushanba kuni Bishkekdagi mahkamaga olib kelingan Bobomurod Abdullayev jurnalistlarga O‘zbekiston tomoni uni “Qora mergan” taxallusi bilan ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qilayotan shaxs sifatida ayblayotganini aytgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek tuman sudi 23 iyul kuni unga nisbatan “sirtdan ayblov e’lon qilib bo‘lgan”.

O‘zbek tomoni Bobomurod Abdullayevning ushlanishini sharhlamayapti.

Toshkentlik advokat Sergey Mayorov DXXga so‘rov yuborgan.

Qirg‘iziston DMXQ matbuot xizmatining bildirishicha, jurnalistning hibsga olinishiga MDH davlatlari o‘rtasidagi Fuqaroviy, oilaviy va jinoiy ishlar bo‘yicha huquqiy yordam va xuquqiy munosabatlarga doir Minsk konvensiyasi asos bo‘lgan.
Qirg‘iz maxsus xizmatlarining bayonotida “1973 yilda tug‘ilgan A.B. O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tomonidan qator jinoyatlarni sodir etganligi uchun qidiruvga berilgani” aytiladi.

Jurnalistning qirg‘izistonlik advokati Timur Karabayev uning o‘zbek tomoni so‘rovi bilan ushlanganini tasdiqlagan, ammo Qirg‘iziston DMXQ aytganidek, 8 avgustda emas, balki 9 avgust kuni Bishkekdagi kafelardan birida hibsga olinganini aytgan.

Rasmiy bayonotda Abdullayevning qanday jinoyatlarda gumon qilinayotganligi aytilmagan.

O‘zbek tomoni sukutda
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati Bi-bi-sining “Bobomurod Abdullayev rasmiy qidiruvga berilganmi, agar berilgan bo‘lsa, qanday jinoyatlarda gumonlanmoqda?”, degan savoliga javoban hozircha o‘zlarida bu haqda hech qanday axborot yo‘qligini aytdi.

Ammo Bobomurod Abdullayevning O‘zbekistondagi advokati Sergey Mayorov Bosh prokuraturaning bayonotini savol ostiga oldi.

Uning Bi-bi-si bilan muloqotda aytishicha, “bu kabi hibsga olish faqatgina Bosh prokuraturaning so‘rovi asosida bo‘lishi mumkin”.

Sergey Mayorov dushanba kuni O‘zbekiston DXX raisi nomiga yo‘llangan bildirgi nushasini Bi-bi-siga taqdim etdi.

Sergei Mayorov


Unda advokat Bobomurod Abdullayev tergovgacha va tergov harakatlarini olib borish maqsadida O‘zbekistonga olib kelingani taqdirda uni avvaldan xabardor qilish va Abdullayev bilan uchrashishga ruxsat berishni so‘ragan.

Mayorov shuningdek, DXX raisidan Bobomurod Abdullayevga nisbatan JKning qaysi moddasi bo‘yicha va qachon, qaysi mansabdor shaxslar tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani bo‘yicha barcha ma’lumotlarni taqdim etishni talab qilgan.

Mayorovning aytishicha, u Abdullayev ushlanishidan avvalroq Toshkent shahar Yakkasaroy tuman IIB hamda Respublika DXXga so‘rov yuborgan va “Abdullayevga nisbatan hech qanday jinoyat ishi yo‘q” degan rasmiy javobni olgan.

Dushanba kuni Bishkekning Pervomayskiy tuman sudi oldida Bobomurod Abdullayevning qirg‘izistonlik advokati, jurnalist va faollar hozir bo‘lishgan.

Bishkek sudi Qirg‘iziston DMXQ tergov hibsxonasida saqlanayotgan Bobomurod Abdullayevga nisbatan ehtiyot chorasi belgilash yuzasidan qaror qabul qilishi kutilmoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Bobomurod Abdullayev Bishkekka shu yil fevralida Markaziy Osiyo Amerika Universiteti taklifi bilan to‘rt oylik jurnalistika kursida o‘qish uchun Germaniyadan kelgan.

U Germaniyaga o‘tgan yil kuzida Parijdagi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining granti bilan borgandi.

O‘zbekiston hukumati uzoq murojaatlardan so‘ng Abdullayevning mamlakatdan chiqishiga ruxsat bergan.

‘Usmon Haqnazarov’
Bu Bobomurod Abdullayevning oxirgi 3 yildan kamroq vaqt mobaynida ikkinchi bor hibsga olinishi.

U 2017 yil 27 sentyabrida bedarak ketgan va 29 sentyabr kuni uning Toshkentdagi sobiq MXX hibsxonasida ushlab turilgani o‘rtaga chiqqandi.

MXX Abdullayevni “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida davlat va uning rahbariyatiga qarshi maqolalar yozish va hokimiyatni bosib olishga qaratilgan “Jatva” (“O‘rim”) rejasini ishlab chiqishda ayblagan.

Ўзбекистон


Bobomurod Abdullayev Usmon haqnazarov taxallusi ostida 2003 yildan boshlab maqolalar chop etib kelganini tan olgan, ammo ayni nom ostida e’lon qilingan barcha maqolalar ham uning qalamiga mansub emasligini aytgan.

Mart oyida boshlangan mahkama qiynoq iddaolari ostida kechgan.

2 may kuni o‘tgan sud majlisida prokuror Abdullayevga 5 yil qamoq jazosi tayinlashni so‘ragandi.

Ammo hakam Abdullayev va yana uch kishini sud zalidan ozod etgan.

O‘zbekiston mahkamasining qarori xalqaro matbuot va inson huquqlari tashkilotlari tomonidan olqishlangan.

‘Qora mergan’ iddaolari
Ozodlikka chiqqach Bobomurod Abdullayev jurnalistik faoliyatini davom ettirishi, ammo “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida boshqa maqola yozmasligini aytgan.

Uning fikricha, Karimov rejimini fosh etuvchi chiqishlari bilan tanilgan “siyosatshunos Usmon Haqnazarov” “o‘z vazifasini bajarib bo‘lgan”.

Shu yilning 26 iyul kuni Bobomurod Abdullayev o‘zining YouTube kanali va Feysbuk sahifalarida video bayonot joylashtirib, unda Feysbukdagi “Qora mergan” akkauntiga aloqasi borligi haqidagi iddaolarni qat’iyan rad etgan.

U “Usmon Haqnazarov” taxallusi ostida o‘zi yozgan maqolalar va “Qora mergan” e’lon qilgan materiallar orasida jurnalistik tahlil va uslub nuqtai nazaridan katta farq borligiga doir batafsil dalillarni keltirgan.

https://www.bbc.com/uzbek/world-53723086

Alakalı yazılar

Yorum yazın