Xitoy va musulmonlar: Halol degan yozuvni o‘chiring, hilol va yulduzni ham!

(latında)

Dunyo va musulmonlar: Halol degan yozuvni o‘chiring, hilol va yulduzni ham – xitoylik mulozimlar endi ana shunday talab bilan chiqishibdi.
Konstitutsiyasida diniy e’tiqod erkinligi ta’minlangan Xitoyda 20 million musulmon yashaydi.
Bu haqda yaqinda Britaniyaning nufuzli “Reyter” axborot agentligi xabar bergan.
Agentlik Xitoy poytaxti Pekindagi halol do‘kon va restoranlardagi ahvolni imkon qadar o‘rganishga muvaffaq bo‘lgan.
O‘z tadqiqotlari natijasida ularning o‘ndan ortiqrog‘i xuddi shu kabi buyruq olganliklarini aniqlagan.
Mas’ullar buning “yot madaniyat ekanini aytib, ko‘proq Xitoynikini qo‘llash kerakli”gini buyurishgan.
Rasmiy Pekin 2016 yildan boshlab xuddi shu kabi siyosatga o‘tgan.
Bundan avval e’tiborini butun Xitoy bo‘ylab masjidlarning gumbazlariga qaratgan.
Gumbazlarning buddaviycha pagodalar bilan almashtirilishini xohlagan.
“Reyter”ning yozishicha, Xitoy bu siyosatini musulmonlar qatori mahalliy nasroniylarga qarshi ham yurita boshlagan.
Yashirincha faoliyat yuritayotgan ko‘plab cherkovlarni yopgan.
Noqonuniy, deb topganlarining xochlarini oldirib tashlagan.
Ammo Shinjon Uyg‘ur muxtor bo‘lgasidagi 2009 yilgi zo‘ravonliklar bois, musulmonlarning ahvoli ko‘proq diqqatni tortgan.
O‘sha yili mahalliy uyg‘urlar va xan xitoyliklar orasida qonli nizolar kuzatilgan.
Ularda o‘nlab odamlar qurbon bo‘lishgan.
Rasmiy Pekin yaqinda musulmonlarga mo‘ljallangan dunyoning eng yirik jamloqlar tarmog‘i bilan ham xalqaro miqyosda e’tiborni tortgan.
Qator G‘arb davlatlari va xalqaro inson haqlarini saqlash tashkilotlarining tanqidlari ostida qolib ketgan.
Ularda bir millionga yaqin musulmonning saqlanishi yoki “qayta tarbiyadan o‘tkazilayotgani” ishoniladi.
Arab yozuvi va islomiy ramzlarga qarshi kampaniya ana shu siyosatning yangi bir bosqichi sifatida ko‘rilmoqda.
Rasmiy Pekin iddaosicha, bu – mamlakatda diniy ekstremizmni jilovlash uchun muhim.
Pekin va musulmonlar
Taom tarqatuvchi “Meituan Dianping” guruhi raqamlariga tayanilsa, Xitoy poytaxtida kamida 1000 ta halol do‘kon va restoran bor.
“Reyter”ning yozishicha, arabcha yozuv va islomiy ramzlardan voz kechish buyrug‘i ularning barchasiga berilganmi-yo‘qmi, bu savolga aniqlik kirita olishmagan.
Ammo qator yirik do‘konlardagi arab tilida bitilgan halol yozuvining xitoycha muqobili – “qing zhen”ga o‘zgartirilganiga guvoh bo‘lishgan.
Boshqalarida esa, ularning shunchaki yopishqoq tasma yoki nakleykalar bilan yopib tashlanganini ko‘rishgan.
Xitoyning Milliy ozchiliklar va diniy masalalar bo‘yicha qo‘mitasi bu xususda sharh berishdan bosh tortgan.
Faqat halol do‘kon va restoranlar bilan bog‘liq buyruqning davlatning farmoyishi ekanini aytgan.
Etnik masalalar bo‘yicha milliy komissiya mulozimi esa, Xitoy konstitutsiyasi barcha milliy ozchiliklar guruhlarini himoya qilishini aytgan.
Ammo qo‘mitaning davlat farmoyishiga oid so‘zlariga to‘xtalishni istamagan.
“Joriy paytda halol tizim bilan bog‘liq tartib-qoidalar mahalliy miqyosda boshqarilishi”ni aytgan.
Bu masala yuzasidan qolgan barcha savollar Pekindagi qo‘mitaga qaratilishi kerakligini bildirgan.
“Reyter” suhbatlashgan aksariyat do‘kondorlar yozuvlarni almashtirsak, almashtiribmiz-da, deb javob berishgan.
Ayrimlari bu kabi ishlar o‘z xaridorlarini gangitishini aytishgan.
Ularning orasida mas’ullarni “Musulmon madaniyatini yo‘q qilish”ga urinishda ayblaganlar ham bo‘lgan.
“Diniy ekstremizmni jilovlash”ga qaratilgan chora-tadbirlari manzarasida Xitoydagi milliy ozchiliklar, ayniqsa, uyg‘urlar tomonidan rasmiy Pekinga qarshi bu kabi ayblovlar birinchi bor yangrayotgani yo‘q.
Uyg‘urlar kim o‘zi?
Uyg‘urlarning aksariyati Islom diniga e’tiqod qiladi. Ularning soni Shinjon o‘lkasida, taxminan, 11 millionga yetadi.
Ular o‘zlarini madaniy va etnik jihatdan Markaziy Osiyoga yaqin hisoblaydilar.Oxirgi o‘n yillar ichida Shinjonga ko‘plab etnik xitoylarning ko‘chib kelishi kuzatilmoqda. Oqibatda uyg‘urlar orasida o‘z turmushi va madaniyatini xavf ostida qolgandek his qiladiganlar soni ko‘paydi.
Bu o‘lka Xitoyning g‘arbiy chekkasida joylashgan va mamlakatning eng katta regioni hisoblanadi. U Hindiston, Afg‘oniston va Mongoliya kabi qator davlatlar bilan chegaradosh. Tibet singari u ham avtonom region sanaladi, ya’ni – nazariy jihatdan – o‘zini rasmiy Pekindan ma’lum miqdorda mustaqil boshqaradi. Biroq amalda esa, markaziy hukumatning qat’iy cheklovlari ostida yashaydi.
Asrlar davomida Shinjonda qishloq xo‘jaligi va savdo asosiy turmush tarzi
bo‘lib kelgan, Buyuk Ipak Yo‘li sharofati bilan shaharlar gullab-yashnagan.
Yigirmanchi asrning boshlarida qisqa vaqt mustaqil yashagan uyg‘urlar 1949 yili Xitoyda hokimiyatni kommunistlarni egallab olgandan so‘ng markaziy hukumat izmiga qaytadan bo‘ysindirilgan.

http://minbar.uz/

Alakalı yazılar

Yorum yazın