O‘zbekiston: DXX qamoqdagi mahbuslarni hokimiyatni bosib olish va diniy tashkilot tuzishda aybladi

Bi-bi-si qo‘liga kelib tushgan hujjatlarda DXX tergovchilari go‘yoki, qamoqxonada turib faoliyat yuritgan bir necha mahbusga nisbatan jinoiy ish ochganini bilish mumkin.
Qarshi shahrida bir vaqtlar “Hizbut Tahrir”ga a’zolikda ayblanib, jazo muddatini o‘tab bo‘layotgan ikki kishiga nisbatan konstitutsion tuzumga tajovuz va diniy ekstremistik tashkilot tuzish aybi qo‘yilgan.
DXX Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tergov bo‘linmasi katta tergovchisi, adliya mayori O. G‘. Jalolov 19 yildan beri qamoqda o‘tirgan 48 yoshli Abdusamad To‘xtayev va 18 yildan beri qamoqda o‘tirgan marg‘ilonlik 48 yashar mahbus Ibrohim Isaboyevlarni qamoqdan turib diniy ekstremistik tashkilot tuzishda ayblamoqda.
Abdusamad To‘xtayevga qo‘yilgan ayblar orasida hokimiyatni bosib olish, konstitutsion tuzumga tajovuz qilish ham bor. Bu mahbuslar aslida qamoq muddatini o‘tab bo‘lgan bo‘lsa ham bir necha marotaba qamoqxona tartibini buzdi, degan ayb bilan qamoqdan chiqarilmay kelayotgan bo‘lgan.
Mahbuslardan biri Abdusamad To‘xtayev unga qo‘yilayotgan aybning tuhmatligini aytmoqda.
Bi-bi-siga yetib kelgan tushuntirish xatida yozilishicha, u kasal bo‘lmasa ham shifokorning majburlovi bilan tibbiyot bo‘limiga yotqizilgan.
Tibbiyot bo‘limida giyohvand moddalari bo‘yicha ayblanib qamalgan Shakirov Davron undan nima uchun qamalgani to‘g‘risida savol so‘ragan. Abdusamad To‘xtayev savollarga javob berganini uni hech narsaga majbur qilmaganini aytgan.
Yaqinlarining iddao qilishicha, mahbuslarning bu suhbati DXX tomonidan oldindan tashkillashtirilgan va u maxsus moslamalar bilan yozib olingan.
Endi undan ayblanuvchilarga qarshi ashyoviy dalil sifatida foydalanishmoqda.
DXX ayblov xulosasida yozilishicha, Abdusamad To‘xtayev Ibrohim Isaboyev bilan birga jinoiy til biriktirib, bir guruhga birlashib, o‘zi jazoni o‘tayotgan muassasada “Hizbut Tahrir” diniy ekstremistik tashkiloti a’zolari faoliyatini muvofiqlashtirishga harakat qilgan.
O‘zi bilan jazoni o‘tayotgan mahkum Davron Shakirovga xalifalikni tiklash haqida ma’lumotlarni og‘zaki tarzda tarqatgan. Konstitutsiyaga xilof ravishda xalifalik davlati barpo qilish to‘g‘risida ochiqdan ochiq da’vat qilib, ushbu taqiqlangan tashkilot tarkibida faol ishtirok etib kelgan.
DXX xulosasiga ko‘ra, mahbus qamoqxonada taqiqlangan tashkilot tuzish bilan birga unda faol ishtirok etib kelgan.
Shunga o‘xshash ayb Navoiyda jazoni o‘tayotgan 62 yoshli Baxtiyor Turopov va Nokid Sotiboldiyevga nisbatan qo‘yilgan. Ular diniy ekstremistik tashkilot tuzishda ayblanib 7 va 6 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Advokatlarga ko‘ra, ularning oldiga firibgarlik bo‘yicha jazo o‘tayotgan Otabek Matg‘oziyev diktofon bilan kirib, suhbatlarini yozib olgan. Tergovni DXXning Navoiy viloyatidagi bo‘limi olib borgan.
Karmana tuman «Qosim shayx» masjidi imom noibi Istamjon Xamroyev ekspert sifatida mahbuslar o‘rtasidagi savol-javobni “Hizbut tahrir” g‘oyalarini targ‘ib qilish deya baholab bergan.
Mahbuslarning qanday qilib, ichkarida diktofon bilan yurishi mumkinligi bir masala bo‘lsa, DXX qo‘ygan ayblarning qanchalik jiddiy va himoyachilar tili bilan aytganda absurdligi ikkinchi masaladir.
Bi-bi-si Respublika Bosh prokuraturasiga mahbuslar ichkarida qanday qilib davlatni ag‘darishi mumkin, bunga sharoit yaratib berilganmi degan savollarni berdik.
Biroq ushbu savollarimizga bir necha kundan beri javob ololganimiz yo‘q.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 16 fevral kuni Buxoroda qilgan chiqishida MXX xodimlarini ayyovsiz tanqid qilgan va ularni Buxoroda quturgan itga qiyoslagandi.
O‘zbekistonda MXX DXX ga o‘zgartirildi va ilk bor xizmat haqida qonun qabul qilindi.
Biroq ushbu tashkilot O‘zbekistonda hali ham matbuot uchun yopiqligini kuzatish mumkin.
Muddatini o‘tab bo‘lsa ham turli sabab bilan 18-19 yildan beri qamoqdan chiqarilmayotgan va endi davlatni to‘ntarishda ayblanayotganlarning yaqinlari hamon adolatdan umid qilmoqda.
Bolasini 19 yil kutib ko‘zlari ojiz bo‘lib qolgan 83 yoshli Ozoda Tursunboyeva o‘g‘li Abdusamad To‘xtayevning Qarshidagi qamoqxonadan turib, kuchli bir davlatni ag‘darishi mumkinligiga ishonmaydi.
BBC ÖZBEK

Related posts

Yorum yazın