Jizzaxda uchastka noziri va mahalla posboni fuqaroni ayovsiz kaltaklashdi

Jizzaxda uchastka noziri va mahalla posboni fuqaroni ayovsiz kaltaklashdi

Akamning ahvoli og‘irlashaverdi. Operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi…

Foto: «xabar.uz»

«Xabar.uz» axborot-tahliliy portaliga fuqarolardan murojaatlar kelishi davom etmoqda. Ular orasida o‘zini huquq-tartibot organlari xodimlaridan jabrlanganlar sifatida tanishtiruvchilarning murojaatlari ham uchrab turadi. Oz bo‘lsa-da, ularning o‘ziga xos jihati shundaki, inson o‘z himoyachisidan jabrlansa, bunga aslo toqat qilib bo‘lmaydi. Prezident talabi ham, huquqiy demokratik davlatning asosiy tamoyillaridan biri ham aynan shu. 

Alohida ta’kidlashimiz shart – bu maqola taraflarning telefon orqali bergan ma’lumotlariga asoslangan. Biz kimnidir aybdorga chiqarish niyatidan yiroqmiz, zero, faqat sudgina aybdorni aniqlaydi. Shuningdek, jabrlangandan tashqari jabrlanuvchiga jarohat yetkazgan IIB xodimi va mahalla posbonining to‘liq ism-familiyasi bizga ma’lum. Ammo aybsizlik prezumpsiyasiga ko‘ra ularni e’lon qilmay turamiz.

Dastlab bizga quyidagi mazmundagi ma’lumot yetib keldi:

«Kecha qarindoshimni ko‘rish uchun Jizzax shahridagi viloyat shifoxonasiga borganimda bir voqeani ko‘rib yoqamni ushladim. Qarindoshimning yonidagi palataga bir yigitni og‘ir ahvolda olib kelishdi, uning orqasidan esa IIB xodimi kelgan edi. Men dastlab u yigit avariyaga uchrabdi deb o‘yladim. Lekin IIB xodimi uzr so‘rayotganini ko‘rib, voqeani o‘rganish uchun hamshiralardan so‘radim. Ularning aytishicha, IIB xodimi E. ismli yigit mahalla posboni bilan birga mast holda bu yigitni urib, pullarini olib qo‘yib, shunday abgor ahvolga keltirib qo‘yishibdi, endi u yigitning ota-onasiga o‘zim davolataman, pullarini ham qaytarib beraman deb aytayotgan ekan.

Men shunda shifoxonadagi kameralardan lavhalarni olib bu voqeani yoritmoqchi bo‘ldim. Nega? Chunki bu holga aslo chidab bo‘lmaydi, Yigitni urgan odam qonun himoyachisi edi! G‘allaorol tuman IIB xodimi E.O. va uning posboni I.A. (bokschi) birgalikda shu ishni qilishgan ekan. Balki bu ish yopiqligicha qolishi mumkin edi. Yaxshiki, vaqtida organ xodimlari aralashishdi.

Shifoxonada yotgan Shuhratning holini bugun qarindoshimdan surishtirdim, u hamon og‘ir ahvolda ekan va operatsiya qilish zarurati tug‘ilibdi. Hatto operatsiya yaxshi natija bermasligi ham mumkin ekan.

Ko‘ring, ba’zi IIB uchastka nozirlari ana shunaqa. Davlatimiz ularga uy berayapti, mashina mindirayapti, ular esa bunday ishlar bilan shug‘ullanishmoqda».

Voqeaga oydinlik kiritish maqsadida jabrlanuvchining ukasi Dilshod Zamonov bilan bog‘landik.

— Dilshod, nimalar sodir bo‘lganini qisqacha so‘zlab bera olasizmi?

— Akam, Zamonov Shuhrat Rahmatullayevich, 1987 yilda tug‘ilgan. Fermer xo‘jaligida traktorchi bo‘lib ishlaydi. Uning eskiroq «Jiguli» mashinasi bor edi. 9-aprel kuni ertalab ishga ketayapman deb chiqib ketgandi. Bizga ma’lum bo‘lishicha, kechqurun, soat taxminan 21:00 da G‘allaorol tumani «Ko‘kbuloq» MFY hududida uning mashinasi o‘chib qolgan va u mustaqil ravishda mashinani yurgizishga harakat qilgan. Shunda mahalla uchastka noziri uni nimadir vaj bilan «Qo‘ytosh» MFYga olib borgan va hududiy uchastka noziriga topshirgan. Aynan shu yerda uchastka noziri E.O. va I.A.lar aroq ichib o‘tirishgan bo‘lgan. Ular akamni ham davraga o‘tqazib aroq ichishga majburlashgan, masxaralashgan. Shundan keyin ikki kishi bo‘lib akamni rosa do‘pposlaganlar.

— Demak, akangiz hamda unga jarohat yetkazgan uchastka noziri va posbon o‘rtasida ziddiyat kelib chiqqan, shundaymi?

— Ziddiyatga asos yo‘q edi, akam doim ichib yuradigan yigit ham emasdi. Lekin u ikkisi mast bo‘lgani, akam ularning oldiga olib borilganida ham ichib o‘tirishgani aniq fakt.

— Akangiz shifoxonaga qanday borgan?

— Uni shu ikkisi G‘allaorol tuman shifoxonasiga olib borishgan. Ammo, bilishimizcha, ularning maqsadi akamga tibbiy yordam ko‘rsatish emas, izlarni yo‘qotish bo‘lgan. Akamni go‘yoki o‘ta mast, o‘zi yiqilib tushgan deb rasmiylashtirib, yana qaytib o‘zlari olib ketishgan va takroran ayovsiz kaltaklaganlar.

— Sizlar shuncha gapdan bexabarmidingiz?

— Bizga ertasi kuni soat 10 da xabar berishdi. Kelib akalaringni olib ketinglar deyishdi. Otam bilan borsak, akam juda abgor holatda, labi yirtilgan, quloqlaridan qon ketgan, yuzi qontalash. Suratlarini olib qo‘yganman. Uchastka nozirining xonasida aroq hidi anqib yotibdi. Nozir qo‘lini bog‘lab olgan, aytishicha, akam qarshilik qilganida ikkovi birga yerga yiqilganmish. Men nega bunday qilganini, akamni nohaq urgani sababini so‘rasam, men bilan ham tortishdi, oxiri «qo‘lingdan kelganini qil» dedi qo‘pollik bilan.

Boshidagi kuchli og‘riq tufayli biz akamni yana shifoxonaga olib bordik. Tibbiy xizmat ko‘rsatildi, ammo og‘riq kuchayavergani, MRT qilish zarurati tug‘ilgani uchun viloyat shifoxonasiga olib borishga to‘g‘ri keldi. Bu paytga kelib kayfi tarqadimi, qilgan ishini anglab yetdimi, nozirning o‘zi «Matiz» mashinasida shifoxonaga olib bordi. Ammo akamning ahvoli og‘irlashaverdi. Operatsiya qilishga to‘g‘ri keldi va boshidan 30 ml.dan ortiqroq qotib qolgan qon olindi. Nozir kerakli dori-darmonlarni olib berdi, xarajatlarni qopladi, vaziyatni murakkablashtirmaslikni taklif qildi. Ayb o‘zlaridaligini tan olib, tilxat ham yozib berishdi. Har ikkisining tilxatini saqlab qo‘yganmiz.

— Balki taklifi ma’qul kelgandir, murosa qilmoqchidirsizlar?

— Murosa qilish yaxshi albatta. Lekin men haqiqat qaror topishini istayman. Nahot qonun himoyachisining o‘zi qonunni oyoqosti qilsa, bir odamni shu darajaga olib kelsa?!

Bu ish yuzasidan G‘allaorol tumani IIB navbatchilik qismiga ham murojaat qildik. (0372) 432-11-02 raqami orqali biz bilan suhbatlashgan navbatchilik qismi xodimi haqiqatan ham E.O. ism-familiyali uchastka noziri ishlashini tasdiqladi, ammo bu masala yuzasidan ma’lumot bera olmasligini aytib, rahbar o‘rinbosari Shokir Abdushukurovga qo‘ng‘iroq qilishni tavsiya qildi.

— Fuqaro Shuhrat Zamonovning o‘zi mast holda yiqilib tushgan, bu holat tegishli tarzda qayd etilgan, — dedi telefon orqali Shokir Abdushukurov.

— Shokir aka, suhbatimiz yozib olinmoqda. Suratlarga qaraganda Shuhrat Zamonov yiqilib tushganga o‘xshamaydi. Nima dedingiz?

— To‘g‘ri… Lekin hozir bu narsa bo‘yicha aniq bir narsa deyish qiyin.

— Sizlar tomoningizdan surishtiruv ishlari olib borilayaptimi?

— Albatta, surishtiruv boshlangan. Tegishli tartibda o‘rganib, qonuniy choralar ko‘ramiz.

Ana shunday uyatli holatga guvoh bo‘lmoqdamiz. Mayli, jabrlanuvchi mast bo‘lgan ham deylik. IIB xodimlari qarshilik ko‘rsatilgan holatda kuch ishlatish huquqiga ega. Ammo bu kimnidir istagancha do‘pposlash mumkin degani emas aslo! Aslida hammamiz ham IIB xodimlarining xizmat vakolatlarini suiiste’mol qilib turishlari to‘g‘risida eshitganmiz. Ammo oshkoralik zamonida, so‘z erkinligi, inson huquqlari amalda bo‘lgan bir paytda bunday holatlarga endi ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Xabar.uz

Related posts

Yorum yazın