BOBUR G‘AZALIGA MUXAMMAS
Kelmadi menga netay hech bir tomondin yaxshilig‘,
Keldi zolim otgan o‘q, kelmas yomondin yaxshilig‘,
Sokin dil bo‘ldi xarob, bormi tug‘yondin yaxshilig‘,
Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?
Kimki, ondin yaxshi yo‘q, ko‘z tutma ondin yaxshilig‘!
Sen meni bu noshukrlar ahli bilma, ey rafiq,
Shubhai gumon ila qalbimni tilma, ey rafiq,
Yomonlig‘ meni o‘ldirsa, taslim bo‘lma, ey rafiq,
Gar zamonni nafy qilsam, ayb qilma, ey rafiq,
Ko‘rmadim hargiz, netayin, bu zamondin yaxshilig‘!
Yaxshilik istab boqarman, goh o‘ngu goh so‘lima,
Bu chamanda gul ko‘pu, hech biri yarashmas qo‘lima,
Ishq tuzog‘iga ilindim, domi tushdi bo‘ynima,
Dilrabolardin yomonliq keldi mahzun ko‘ngluma,
Kelmadi jonimg‘a hech oromi jondin yaxshilig‘.
Xaloyiq ichinda netay turli tomonliq, asru ko‘p,
Boqiydan hamma qochar, dunyo zamonliq, asru ko‘p,
Ishq ahlin ko‘nglida uqboga yonliq, asru ko‘p,
Ey ko‘ngul, chun yaxshidin ko‘rdung yomonliq asru ko‘p,
Emdi ko‘z tutmoq ne ma’ni har yomondin yaxshilig‘?
Ko‘z ko‘rar har kun yomonlig‘, bilki tundin yaxshi yo‘q,
Oh-vohing kim eshitgay, bilki mungdin yaxshi yo‘q,
O‘rtanma ko‘ngil, o‘tar bu damki, undin yaxshi yo‘q,
Bori elga yaxshilig‘ qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q ,
Kim, degaylar dahr aro qoldi falondin yaxshilig‘!
Istadi Namoz ki, Haqqa bandalik huzur kibi,
Kir bu yo‘lga yaxshilig‘ top, tavbayu uzr kibi,
Chunki topilmas bu yanglig‘ saodat surur kibi,
Yaxshilig‘ ahli jahonda istama Bobur kibi,
Kim ko‘rubdur, ey ko‘ngul, ahli jahondin yaxshilig‘?!
Namoz NORMO‘MIN
09.07.2017