ILM FAN VA TEXNIKA RIVOJLANGAN SAYIN…

Bismillahir Rohmanir Rohim

Ilm fan, texnika va ularning vositalari rivojlangan sayin insoniyat tobora galvarslashib, ya’ni o‘z fitratidan, unga berilgan sahih aql yo‘lidan uzoqlashib bormoqda.

Soni 7,5 milliardga yaqinlashayotgan odam bolalari yo‘lini yo‘qotib, qayoqqa yurarini bilmay, to‘s to‘polon qilib, yo‘lda bir birini ezib, urib, qirib yotibdi.

Bu 7,5 milliardning 1,7 milliardi bo‘lgan biz musulmonlarning ahvoli undan ham battar. Biz boshqalarni tushunish, boshqalarni boshqarish u yoqda tursin, hali o‘zimizni, o‘zligimizni tushunib yetmadik, o‘zimiz o‘zimizni boshqarishni yo‘lga qo‘ya olmadik.
Insoniyatning hozirgi galvarslik, ya’ni aqlsizligi va johilligi natijasida o‘rtaga chiqqan fojeaviy holiga sabab uning moddaparastlikka (materializmga) mubtalo bo‘lganligidir. Bugun soni 7,5 milliardga yaqinlashgan insoniyatning asosiy qismi havoyi nafslariga ergashib modda, modda, modda, deya na’ra tortmoqda, butun imkoniyatlarini, ya’ni aqlini va jismoniy kuchini mana shu yo‘lda sarflamoqda, oddiy insonlar, xalqlar va davlatlar moddiy jihatdan ko‘proq boyish uchun bir biri bilan raqobat qilishmoqda va hatto urushishmoqda.

Holbuki, oddiy hisob kitoblar bugungi moddiy imkonlarning 7,5 milliard emas, 15 milliard insonning qornini to‘yg‘uzishga yetishini isbotlamoqda.

Xo‘sh, bu holdan chiqishning chorasi bormi? Bor, albatta! Bu chora Islom dinidir, haqiqiy musulmonlikdir.
Chunki Islom dini insoniyatning faqat moddiy ehtiyojlarini qondirish yo‘li emas, ma’naviy ehtiyojlarini ham qondirish yo‘lidir. Ya’ni, agar insoniyat Islom diniga ergashadigan bo‘lsa, hozirgidek faqat modda, modda, modda, deya na’ra tortmaydi, butun imkoniyatlarini, ya’ni aqlini va jismoniy kuchini mana shu yo‘lda sarflamaydi, oddiy insonlar, xalqlar va davlatlar faqat moddiy jihatdan boyish uchun bir biri bilan raqobat qilmaydi va buning uchun bir birini qirg‘in qilmaydi.

Aksincha, insoniyat Islom diniga ergashadigan bo‘lsa uning qorin to‘ydirish muammosi tugatilgani kabi (chunki yuqorida aytilgani kabi bugungi moddiy imkonlar 7,5 milliard emas, 15 milliard insonning qornini to‘yg‘uzishga yetadi), ma’naviy jihatdan ham insoniyat haqiqiy insonlik holiga keladi. Ya’ni, dunyoda hozirgi moddaparastlik, shahvatparastlik, kibr, yolg‘on, hasadga asoslangan urush janjallar o‘rnini insoniyatga yarashadigan sahih imon, solih amallar, to‘g‘rilik, haqiqiy erkinliklar va adolat, yaxshiliklar egallaydi. Bu bilan insonyat orasida irqchilik va millatchilik kabi tarixda va hozirda katta muammo holiga kelgan ijtimoiy va milliy kasalliklarga ham barham beriladi.
U holda biz musulmonlar dinimizga shunday sodda va qulay e’tiqod qilib, ergashaylikki, oramizda Islom dini masalasida ixtilof, tushunmovchilik qolmasin, oz ko‘p qolsa ham ular biz musulmonlarning ittifoqini buza olmasin.

Ana shunda avval musulmonlar bir birlarini tushunadilar, o‘zlarini boshqarishni yo‘lga qo‘yadilar, boshqalarni ham Haq yo‘l tomon yetaklaydilar.

Ana shunda odam bolalari hozirgi galvarslikdan qutuladi, ular orasida adolat va tinchlik o‘rnatiladi va ulardan hidoyatda bo‘lganlar ikki dunyo saodatiga erishadilar.

Ba’zilar bu gapga qarshi chiqishlari, ba’zilar kulishlari mumkin. Ammo Qur’oni Karim va Muhammad sallolohu alayhi vassalamning yo‘li Islom diniga mana shunday sodda va qulay e’tiqod qilib, Islom dini masalasida ixtilof, tushunmovchilikka yo‘l qo‘ymaslikdir. Musulmonchilikning asosi shudir.

Kimdir agar sahobalar ham o‘zaro ixtilof va nizo qilishgan, hozirda ham musulmonlar turli guruhlarga bo‘linib, boshlari o‘zaro nizolardan chiqmay yotibdi, deydigan bo‘lsa, bunga beriladigan javob shudir:

Bu hol biz musulmonlarning orasida istisno holidir, aslo qoida emas. Bu hol dinimizda asos emas, bir zohiriy holdir. Bu hol oson dinni qiyinlashtirish, qulay dinni chigallashtirishning natijasidir.
Xo‘sh, Islom dinini bunday oson va qulay tushunish, unga shu holda e’tiqod qilish va ergashish nimadan iborat?
Bu avvalo tavhidiy imonga, ya’ni yakkaxudolikka ergashishdir. Ya’ni, Alloh taoloning Zoti birdir, U yagona Robb va Ilohdir, tug‘magandir, tug‘ilmagandir, muqadddas ism va sifatlarida sherigi yo‘qdir. Alloh taolaga bu shaklda imon keltirganlar Uning Farishtalariga, Kitoblariga, Payg‘ambarlariga, Oxirat Kuniga va yaxshilik va yomonlikning qadarda ekanligiga ham imon keltirishlari shartdir

Kimki shu shaklda yakkaxudolikka e’tiqod qilsa, uning Allohdan boshqa Robb va Iloh sanaladigan butlarga, sanamlarga, tog‘utlarga e’tiqod qilishi va ergashishi haromdir. Bu butlar, sanamlar, tog‘utlar turli haykallar, rasmlar, hayvonlar, qabrlar va hakoza shakllarda bo‘lishi mumkin. Musulmon kishi bunday butparastlik shakllarini mutlaq shaklda rad qilishi shartdir.
Yana Islom dinining sharti Muhammad sallollohu alayhi vassalamni Allohning oxirgi payg‘ambari. deb imon keltirishi va U Zotning sunnnatlariga ergashishdir.

Islom dinining yakkaxudolikdan keyingi sharti namoz o‘qish, zakot berish, Ramazon oyida ro‘za tutish, Haj zamonida hajga borishdir. Bulardan namoz o‘qish butun hollarda (oddiy kunlarda ham, kasallikda ham, yo‘lchilikda ham) farzdir. Qolgan amallar esa shartlarga qarab bajarilishi yoki bajarilmasligi ham mumkin (Masalan, kambag‘allar zakot bera olmaydilar yoki hajga bora olmaydilar, yo‘lchilar va xastalar tuta olmagan ro‘zalarini boshqa kunda tutadilar yoki tuta olmasalar fidya beradilar).
Islom dinining yana bir sharti Alloh taolo halol qilgan narsalarni va amallarni halol, deb bilish va ulardan foydalanish, harom qilgan narsalar va ishlardan hazar qilishlikdir.

Islom dinining yana bir sharti insonning jonining, aqlining, mol mulkining, nasabining va obro‘ e’tiborining daxlsizligi va bu daxlsizlikka tajovuz qilganlarning adolatli qonunlar bilan jazolanishidir.

Islom dinining yana bir sharti musulmonlarning o‘zaro birodarlar va bir xalq (ummat) ekanligidir. Bu musulmonlar uchun xuddi namoz o‘qish kabi doimiy farzdir. Musulmonlar turli millat, elat, qabila va hatto ko‘p sonli davlatlar holida bo‘lishlari mumkin, ammo bu ularning o‘zaro birodarligi va ittifoqini buzmasligi shart.
Islom dinining yana bir sharti erkak va ayolning nikoh asosida oila qurib, birgalikda yashashidir. Erkaklar bo‘lsin, ayollar bo‘lsin, bir jinsdan bo‘lganlar orasida har qanday jinsiy aloqa haromdir, ta’qiqlangandir.

Islom dinining yana bir sharti maktablarda yosh avlodlarga diniy va dunyoviy ta’limni birgalikda o‘qitishdir. Bu bilan jamiyatning yangi a’zolari ham dindor hamda dunyodor bo‘lib yetishadi (Bu ta’rifni Islom dinini yaxshiroq va qulayroq tushunish va tushuntirish uchun qo‘llandim). Ya’ni, bunday ta’lim insonlarning hozirgiday havoyi nafslariga ergashib, moddaparast bo‘lib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Islom dinining yana bir sharti jamiyatni tashkillashtirishni va boshqaruvni Shuro asosida olib borishdir. Bu ish ham butun musulmonlarga xuddi namoz o‘qish kabi farzdir. Ya’ni, musulmonlar o‘z rahbarlarini saylash, ularga dinlari qoidalari chegarasida itoat qilish va rahbarlar bu chegaralarni buzib, adolatdan uzoqlashishganda ularga nasihat qilish (amru bil ma’ruf va nahyi anil munkar qilish) va adolatdan uzoqlashgan rahbarlar bu bilan to‘g‘ri yo‘lga qaytmasalar, ularni lavozimidan chetlashtirib, ularning o‘rniga boshqa adolatli rahbarlarni saylash uchun mas’ullar. Buning uchun esa musulmonlar o‘z oralaridan jamiyat boshqaruvini va usulini biladigan ahli Shurolarni saylashni yo‘lga qo‘yishni o‘rganishlari kerak bo‘ladi.

Islom dininining yana bir sharti amallarni ixlos, ehson, taqvo va xushu’ bilan bajarish, nafslarni yomon niyatlardan tazkiya qilish (poklash) va qilgan xato qa gunohlari uchun tavba istig‘for qilishlaridir. Alloh taolo marhamatlilarning eng marhamatlisidir, U O‘ziga sherik qo‘shishdan boshqa, barcha xato va gunohlarni kechirishi mumkinligini va’da qilgan.

Islom diniga ko‘ra Allohga shirk keltirish, yolg‘on gapirish, gunohsiz insonni o‘ldirish, ota onaga itoatsizlik qilish, sudxo‘rlik (foizxo‘rlik) qilish, zino qilish, tuhmat qilish kabi amallar katta gunohlardan hisoblanadi.

Islom dini mana shunday dindorlik va dunyodorlik dinidir. Shuning uchun ham Islom dinida diniylik va dunyoviylik bir biridan ajratilmaydi, ya’ni hozirda g‘arb jamiyatlarida amalda bo‘lgan sekularizm qoidasiga amal qilinmaydi. Chunki aynan mana shu sekularizm qoidasi, xuddi ateizm (xudossizlik) kabi insoniyatning moddaparast, materialist bo‘lib ketishining va bu asosda shaxslarning va umumiyatla insoniyatning fitratining buzilib ketishining asosidir..

Kimki bu yozilganlarni o‘qib, uning muallifiga siz aqidaparst, radikal, fundamentalist ekansiz, deydigan bo‘lsa, bu menga qilinadigan katta tuhmadir. Bunday deydiganlarning o‘zlari moddaparast, materialist, radikal va fundamentalist, xullas shayton malaylaridir.Chunki men Islom dinining, ya’ni aqidaparstlik emas, mo‘’tadilillik, har qanday g‘uluvga (chegaradan oshishga) o‘rin bermaydigan, diniylik va dunyoviylikni birlashtirgan, ularni yarashtirgan, insonni va insoniyatni bu dunyo hayotida ham oxirat hayotida ham saodatli qiladigan Haq dinning asoslaridan o‘z ilmim, amallarim va taqvom darajasiga bahs yuritdim.

Men oddiy musulmonman, dinim haqimda bilganlarim shulardan iboratdir. Zoxiran bu bilganlarimga amal qilishga, ya’ni farz, vojib amallarni bajarishga harakat qilmoqdaman. Zero, Islom dinida asos zohiriylikdir. Qalbim va nafsimda nima boriligini Robbimiz biladi va Parvardigori olamdan ularning to‘g‘ri amallarini ortirishini va yomon amallari uchun mag‘firat qilishini so‘rayman.

Da’vatimizning oxiri olamlarning Parvardigori Alloh taologa hamd aytishdir. Omin!

Namoz NORMO‘MIN
08.02.2017

Related posts

Yorum yazın