Gunoh kimda, halkdami, shoirdami? (Özbekçe)

25.07.2015

NOT: Özbeklerin en sevilen şairlerinden Abdulla Oripov son zamanlarda kendi hayatını anlatan şiirler bitmeye başladı. Örneğin, o bir şiirinde ben ömrümü hep yalan içinde yaşadım, artık siz gençler doğruluk üzerinde yaşayın, dedi. Ozodlik radyosuna verdiği sohbetinde ise adete kendi halkını suçlayarak, “Şair Meşrebi dara asan halktan, ben değer beklemem ” dedi. Şairin bu ve buna benzer çıkışları yurt içinde ve dışında yaşayan Özbek aydınlar tarafından geniş şekilde tartışılmaktadır. Bu yazı da önce Sovyetleri öven ve sonrada 15 devamında Kerimov rejiminin Yazarlar Birliği Başkanı olan şairin hayatı ve icadının bir değerlendirilmesidir…

 

GUNOH KIMDA, XALQDAMI, ShOIRDAMI?

So‘zga ta’rifdan boshlaylik: Xalq kimu, shoir kim? Albatta, bu savolning mutlaq javobi yo‘q. Ikkalasini ham ta’riflash va tushuntirish nihoyatda mushkul ish…

Xalq, el, millat, aholi, fuqarolar, olomon, ulus, elat…Ya’ni, insonlar jamoasi, insonlar jamiyatidir xalq. Go‘yo aniq va mukammal kimlikka o‘xshaydi bu ta’rif. Aslida shundaymi? O‘zbek xalqi, tojik xalqi, arab xalqi, rus xalqi…Masala aniqday, muammo yo‘qday go‘yo…Ammo xalqni tanish va tanitish masalasida asl muammo mana shunday muammo yo‘q deyish bilan boshlanadi…

Xalq yaratilgan deganidir lug‘atda. Ya’ni, xalqning Yaratgani bor. Xalqdan ustun, xalqni xalq qilgan, unga rizqini bergan, uning ikki dunyoda taqdirini belgilaydigan Yaratgani bor xalqning…

Ammo xalq har doim ham e’tirof qilavermaydi o‘zining Yaratganini.Chunki Yaratgan xalqqa yaratishga o‘xshagan ba’zi sifatlar bergan. Bu sifatlar xalqning o‘zidan o‘zi ko‘payishi, ijodi, ilhomi, ixtirosi, kashfiyotlaridir…Mana shu sifatlarni Yaratgandan olgan xalq o‘z o‘zidan mag‘rurlana boshlaydi…Va bu mag‘rurlanish ba’zan kibrga, keyin esa kufrga qarab ketadi…Va bu shaklda xalq haqiqiy ma’noda xalq bo‘lishdan, ya’ni Yaratganini va o‘ziningyaratilganini tan olishdan chiqadi..

Xalqni insonlar jamiyati dedik…Inson va xalq orasida ham turli pog‘onalar mavjud..Shaxs, oila, qabila, jamoat, firqa…Ya’ni, tabiatan xalqning bag‘ri tilka poradir, to‘liq, jipslashgan, beton devor kabi mustahkam emas xalqning fitrati va tabiati…

Odam (as)ning Hobil va Qobil ismli ikki o‘g‘li bor edi. Ikkalasi xalq edilar, ammo oraga nizo kirdi, Qobil Hobilni o‘ldirdi. Keyin nima qilishini bilmay garang bo‘lib qoldi. Alloh bir qarg‘a yubordi va qarg‘a tumshug‘i bilan yerni qaziy boshladi…

“Afsuslar bo‘lsin menga dedi qotil…Shu qarg‘acha bo‘la olmadim…”. Shu tarzda inson yerni kovlab, o‘likni yerga ko‘mishni o‘rgandi…Xalq shumi? Ha, xalq shu! Ba’zan qarg‘adanda nodon, ba’zan esa qarg‘acha qadri yo‘q…

Nega xalq har doim ham jipslashavermaydi, nega bir yurak bo‘lib otmaydi xalq doimo…Nega quvvatli musht bo‘lmaydi xalq shoirlar istagani kabi do‘stu dushman qarshisida…Chunki xalqning tabiati, ya’ni yaratilish fitrati shunaqada…Xalq turli darajadagi dildan (e’tiqoddan), tildan, tafakkurdan, qabilalardan, jamoalardan iborat. Bu xalqning tabiiy bo‘linishi. Ya’ni, xalq doimo shunday bo‘ladi, bo‘lingan bo‘ladi o‘z o‘zidan..Nega? Chunki Yaratgan insonlarni imon, aql, mol mulk, iste’dod, jismoniy kuch, qobiliyat jihatidan daraja daraja qilib yaratgan…Bir inson quyosh va oyga qarab, unda Yaratganning borligining ishoratlarini ko‘rishi mumkin, boshqa inson esa faqat ularning nurini ko‘radi, faqat ko‘zi qamashadi…

Xalq mana shunday turli tuman tushuncha va qobiliyatlardagi shaxslardan tashkil topgan. Bu shaxslar oilaviy iplar bilan qabilalarni, fikriy iplar bilan turli jamoalarni (firqalarni), mulkiy iplar bilan turli boyu kambag‘al toifalarni (sinflarni) tashkil qiladi…Mana sizga bag‘ri tilka pora bo‘lgan xalq…Va shoir yig‘lay boshlaydi bu holatdan:

Qarshingda hasratli o‘yga tolaman,

Qachon xalq bo‘lasan, sen ey, olomon?!

Holbuki, olomonlik, ya’ni tarqoqlik xalqning asl sifatidir. O‘zbek xalqining, rus xalqining, tojik xalqining va boshqa xalqlarning…U holda xalq nomidan gapirish qanchalik to‘g‘ri?

Hukmlar o‘qilur sening nomingdan,

Tarixlar to‘qilur sening nomingdan.

O‘rtaga bir zolimning chiqib, mirshablariga xalqni kaltaklatib, so‘ngra tayoq zarbidan yuzi ko‘zi qonga bo‘yalgan xalq nomidan bu xalq amal qilishi kerak bo‘lgan Konstitutsiyani (Davlat Nizomini) e’lon qilishidan ham kattaroq fojea bo‘lishi mumkinmi hech?

Hukmlar o‘qilur sening nomingdan…Ey Xalq! Holbuki, bir zolim rahbarning ham yoki devonasifat shoirning sening nomingdan hukm o‘qishga haqqi yo‘q. Aslida sening o‘zingning ham hukm o‘qishga haqqing yo‘q, ey Xalq! Chunki sening vazifang hukm o‘qish yoki to‘qish emas, Yaratuvchining senga nozil qilgan hukmiga ergashishdan iboratdir..

Ammo xalq har doimo ham Ilohimy hukmlarga bosh egib, ergashib ketavermaydi. Hatto oralarida Payg‘ambarlar bo‘lganda ham xalq Haqni qabul qilishni istamagan ba’zan…Muso (as) xalqini qancha qiyinchiliklardan keyin, va’da qilingan tuproqlarga boshlab keladi. Ammo u yerni begona bir qavm egallab olgandi. Muso (as) xalqiga kelinglar shu begonalar bilan kurashaylik deydi. Xalqi esa “Ey, Muso, bor, o‘zing va Robbing ular bilan urushinglar, biz esa mana shu yerla qimirlamay o‘tiramiz”, deb javob beradi…

Demak, xalq hech qachon shoirlar istaganidek yaxlit bo‘la olmaydi. Begonalarni qo‘ying, xalqning ichida dushmanliklar oilalarga va hatto ota bolalar orasiga qadar o‘rmalab kirishi mumkin..Xuddi, Nuh (as) o‘g‘li, Ibrohim (as) esa otasi bilan o‘zaro dushman bo‘lganliklari kabi…

U holda xalqning asl haqiqati nimadan iborat? Xalq hozirgi tushunchada bir poyezdga o‘xshaydi. Poyezdning bir ikki lokomotivi va o‘nlarcha vagonlari bo‘ladi. Fitriylikda (tabiiylikda) lokomotiv (lar) poyezdning bosh qismida bo‘ladi va vagonlarni olg‘a yetaklaydi. Ammo ba’zan xalq ichidan chiqqan aqlsiz va zolim “lokomotiv (lar)” bu “poyezdning”dumiga yopishib olib, uni orqaga torta boshlaydi…

Bu bilan aslo xalq jonsiz, faqat temir va taxtadan iborat “vagonlar”dir demoqchi emasman. Chunki xalq “vagonlar” o‘z bag‘rida dilni (e’tiqodni), tilni, tarixni, adabiyotni, san’atni tashiydi…

Yaratgan mehribondir, U xalqqa orangizdan “imon keltirgan, yaxshilikni yoyadigan, yomonlikni ta’qiqlaydigan” bir jamoa (“lokomotiv”) bo‘lsin, deydi. Demak, xalqning ichida mana shunday imonlilar jamoasi bo‘lish shart, u holda xalq orqaga emas, faqat olg‘a ketadi.

Yaratgan yanada ko‘proq mehribondir, chunki “poyezd” shaklini olgan xalqning “lokomotivlari va vagonlarini” bir biridan ajratmaydi, ularni bir biridan ustun ko‘rmaydi, faqat qay biringizda taqvo bo‘lsa, o‘sha Menga yaqindir, deydi…

Shoirlarga esa faqat aqlsizlar, nodonlar ergashadi, deyilgan Ilohiy haqiqatda. Nega? Chunki aksar shoirlar mutlaq ma’noda xalqqa umid ko‘zini tikadilar, xalqdan madad kutadilar, xalqni madh qiladilar, “xalqim, xalqim”, deya umrlarini tugatadilar…

Shoirlarning ko‘pi shunaqa o‘zi..Xalqni tanimaydilar, ularning nazarida xalq hamma narsaga qodirdir. Holbuki, har narsaga qodir Zot xalqni xalq qilgan uning Yaratuvchisidir.

Aksar shoirlar o‘zlariga berilgan ilhomning ma’nosini ham bilmaydilar. Ilhom esa ilohiy haqiqatning, ya’ni vahiyning bandasidir. Insonni Robbi yaratgan, ilhomni esa vahiy…Ammo insonlarning ko‘pi Roblariga nonko‘rlik qilganlari kabi, shoirlarning ko‘pi ham o‘zlariga berilgan ilhomni vahimaga aylantirib yuboradilar. Vahimadan esa vasvasa tug‘iladi…

Shunday boshlanadi shoirning so‘z vodiysida daydishi…Daydiydi shoir bu vodiylarda xalq sevgisini Haq sevgisidan ustun ko‘rib..Boshlaydi shu tarzda ishqu hijron misrlarini tizishga shoir Haq sevgisini unutib…Bu o‘tkinchi va bevafo sevgi yo‘lida malikalarning og‘ushini istaydi Shoir, o‘zicha hijronda kuyib.. Ba’zan uyg‘onganday bo‘ladi u bu g‘aflatdan:

Dildagi ohim mening birinchi muhabbatim,

Yolg‘iz Allohim mening birinchi muhabbatim…

Ammo g‘aflat to‘lqinlari shoirni osonlikcha o‘z quchog‘idan qo‘yib yubormaydi. Endi sharob to‘qinlariga g‘arq bo‘ladi shoir najot istab. Zulm qasrlari ko‘ziga najot qal’asi bo‘lib ko‘rinadi shu shaklda…

Oxirida bu sarxo‘shlik va daydishdan charchaydi va shunday deydi Shoir:

Qasamxo‘r dunyoda kun ko‘rmoq uchun,

Aytmagan yolg‘onim qolmadi biror…

Bu misrlarni yozgan shoirning aslo va aslo “Mashrabni osgan eldan men qadr tilarmidim?”, deyishga haqqi yo‘q menimcha…Aksincha, agar Mashrab menday shior bo‘lgan bo‘lsa, u ham men kabi butun umrini yolg‘on bilan o‘tkazgan bo‘lsa, so‘z vodiysida daydib o‘tgan bo‘lsa, xalq uni osib to‘g‘ri qilgan ekanda, deyishi kerak edi…Faqat bu bilan baribir haqiqat tanta’na qilgan bo‘larmidi? Chunki bir tomondan xalqning o‘z nomidan hukm qo‘yish haqqi yo‘q, Hukm qo‘yish ikki olam Parvardigorining haqqidir… Ikkinchi tomondan esa shoirning o‘zi e’tirof qilganidek xalq doimo tomoshaga o‘ch:

Nimasan? Qandayin sehrli kuchsan?

Nechun tomoshaga bunchalar o‘chsan?

Ilohiy haqiqat insonlardan va ular ichida bir ajib toifa bo‘lgan shoirlardan Haq tarafida turishni talab qiladi.. Ammo xalqdan juda ozchilik, shoirlardan esa undanda ozchilik Haq tarafini oladilar va Haq tarafida turadilar. Ammo bu hol Haqiqatning, Haqning tugaganini ham bildirmaydi. Chunki xalqning e’tiqodli bir qismi doimo xalqni Haqqa da’vat qiladi, bu bilan unga “lokomotivlik” qiladi…”Ichingizdan bir guruh doimo xalqni yaxshilikka chaqirsin, yomonlikdan qaytarsin”, deydi bu haqda Ilohiy haqiqat…

Allohning imtihoni tufayli xalq doimo o‘z ichida mo‘minlar, mushriklar, ahli kufrlar va munofiqlar, degan guruhlarga ajraladi. Ammo ilhomini vahimaga aylantirgan shoirlar ba’zan bu haqiqatni payqamay qoladilar. Bu shaklda ular xalqni pishirish uchun boshlaydilar nazm va nasr qozonini qaynatishga…Bu maqsadda she’rlar, dostonlar, hikoyalar, romanlar yoziladi…Va nihoyat o‘z ishidan mamnun bo‘lgan va hatto ko‘kragiga Xalq nishonini taqib olgan shoir mamnuniyat bilan o‘zi bir umr qaynatgan “qozonni”ochib qaraydi. Ammo bu maqsad uchun shoir umrini sarflagan bo‘lsada xalq hali ham shu to‘rt toifaga ajralganicha turgan bo‘ladi…Bu manzaradan shoshib qolgan shoir:

Qalbimning o‘tida yoqdim insonni,

Pishira olmadim ammo nodonni.

Senga sarf etildi umrim va xaqqim,

Nadomatlar bo‘lsin, senga ey, xalqim,

qabilida misralar yozadi…

Aslida esa shoir bu bilan o‘zining xomligini, gumrohligini, nodonligini yashirishni istaydi. Ammo bu bilan haqiqat o‘zgarib ham qolmaydi…

Bayt:

Bir umr bong urdi shoir Xalqidan,

Koshki bong ursaydi bir bor Haqlidan…

Haqiqat Xalqda emas, Haqdadir…Halqdan ozchilik, shoirlardan esa undandan ozchiligi Haqqa ergashadilar..Demak, so‘z boshiga qaytadigan bo‘lsak, gunoh Xalqda ham bor, shoirda ham bor. Faqat bu fojea emas, nihoiy hukm ham emas. Chunki Xalqning va uning navkari bo‘lgan shoirlarning tavba va tazkiya imkonlari bor…Ularni Haq rizosiga qaytaradigan yolg‘iz imkon va yo‘ldir bu yo‘l…

Namoz NORMO‘MIN

22.07.2015

http://namoznormumin.blogspot.com

ГУНОҲ КИМДА, ХАЛҚДАМИ, ШОИРДАМИ?

Сўзга таърифдан бошлайлик: Халқ киму, шоир ким? Албатта, бу саволнинг мутлақ жавоби йўқ. Иккаласини ҳам таърифлаш ва тушунтириш ниҳоятда мушкул иш…

Халқ, эл, миллат, аҳоли, фуқаролар, оломон, улус, элат…Яъни, инсонлар жамоаси, инсонлар жамиятидир халқ. Гўё аниқ ва мукаммал кимликка ўхшайди бу таъриф. Аслида шундайми? Ўзбек халқи, тожик халқи, араб халқи, рус халқи…Масала аниқдай, муаммо йўқдай гўё…Аммо халқни таниш ва танитиш масаласида асл муаммо мана шундай муаммо йўқ дейиш билан бошланади…

Халқ яратилган деганидир луғатда. Яъни, халқнинг Яратгани бор. Халқдан устун, халқни халқ қилган, унга ризқини берган, унинг икки дунёда тақдирини белгилайдиган Яратгани бор халқнинг…

Аммо халқ ҳар доим ҳам эътироф қилавермайди ўзининг Яратганини.Чунки Яратган халққа яратишга ўхшаган баъзи сифатлар берган. Бу сифатлар халқнинг ўзидан ўзи кўпайиши, ижоди, илҳоми, ихтироси, кашфиётларидир…Мана шу сифатларни Яратгандан олган халқ ўз ўзидан мағрурлана бошлайди…Ва бу мағрурланиш баъзан кибрга, кейин эса куфрга қараб кетади…Ва бу шаклда халқ ҳақиқий маънода халқ бўлишдан, яъни Яратганини ва ўзинингяратилганини тан олишдан чиқади..

Халқни инсонлар жамияти дедик…Инсон ва халқ орасида ҳам турли поғоналар мавжуд..Шахс, оила, қабила, жамоат, фирқа…Яъни, табиатан халқнинг бағри тилка порадир, тўлиқ, жипслашган, бетон девор каби мустаҳкам эмас халқнинг фитрати ва табиати…

Одам (ас)нинг Ҳобил ва Қобил исмли икки ўғли бор эди. Иккаласи халқ эдилар, аммо орага низо кирди, Қобил Ҳобилни ўлдирди. Кейин нима қилишини билмай гаранг бўлиб қолди. Аллоҳ бир қарға юборди ва қарға тумшуғи билан ерни қазий бошлади…

“Афсуслар бўлсин менга деди қотил…Шу қарғача бўла олмадим…”. Шу тарзда инсон ерни ковлаб, ўликни ерга кўмишни ўрганди…Халқ шуми? Ҳа, халқ шу! Баъзан қарғаданда нодон, баъзан эса қарғача қадри йўқ…

Нега халқ ҳар доим ҳам жипслашавермайди, нега бир юрак бўлиб отмайди халқ доимо…Нега қувватли мушт бўлмайди халқ шоирлар истагани каби дўсту душман қаршисида…Чунки халқнинг табиати, яъни яратилиш фитрати шунақада…Халқ турли даражадаги дилдан (эътиқоддан), тилдан, тафаккурдан, қабилалардан, жамоалардан иборат. Бу халқнинг табиий бўлиниши. Яъни, халқ доимо шундай бўлади, бўлинган бўлади ўз ўзидан..Нега? Чунки Яратган инсонларни имон, ақл, мол мулк, истеъдод, жисмоний куч, қобилият жиҳатидан даража даража қилиб яратган…Бир инсон қуёш ва ойга қараб, унда Яратганнинг борлигининг ишоратларини кўриши мумкин, бошқа инсон эса фақат уларнинг нурини кўради, фақат кўзи қамашади…

Халқ мана шундай турли туман тушунча ва қобилиятлардаги шахслардан ташкил топган. Бу шахслар оилавий иплар билан қабилаларни, фикрий иплар билан турли жамоаларни (фирқаларни), мулкий иплар билан турли бойу камбағал тоифаларни (синфларни) ташкил қилади…Мана сизга бағри тилка пора бўлган халқ…Ва шоир йиғлай бошлайди бу ҳолатдан:

Қаршингда ҳасратли ўйга толаман,

Қачон халқ бўласан, сен эй, оломон?!

Ҳолбуки, оломонлик, яъни тарқоқлик халқнинг асл сифатидир. Ўзбек халқининг, рус халқининг, тожик халқининг ва бошқа халқларнинг…У ҳолда халқ номидан гапириш қанчалик тўғри?

Ҳукмлар ўқилур сенинг номингдан,

Тарихлар тўқилур сенинг номингдан.

Ўртага бир золимнинг чиқиб, миршабларига халқни калтаклатиб, сўнгра таёқ зарбидан юзи кўзи қонга бўялган халқ номидан бу халқ амал қилиши керак бўлган Конституцияни (Давлат Низомини) эълон қилишидан ҳам каттароқ фожеа бўлиши мумкинми ҳеч?

Ҳукмлар ўқилур сенинг номингдан…Эй Халқ! Ҳолбуки, бир золим раҳбарнинг ҳам ёки девонасифат шоирнинг сенинг номингдан ҳукм ўқишга ҳаққи йўқ. Аслида сенинг ўзингнинг ҳам ҳукм ўқишга ҳаққинг йўқ, эй Халқ! Чунки сенинг вазифанг ҳукм ўқиш ёки тўқиш эмас, Яратувчининг сенга нозил қилган ҳукмига эргашишдан иборатдир..

Аммо халқ ҳар доимо ҳам Илоҳимй ҳукмларга бош эгиб, эргашиб кетавермайди. Ҳатто ораларида Пайғамбарлар бўлганда ҳам халқ Ҳақни қабул қилишни истамаган баъзан…Мусо (ас) халқини қанча қийинчиликлардан кейин, ваъда қилинган тупроқларга бошлаб келади. Аммо у ерни бегона бир қавм эгаллаб олганди. Мусо (ас) халқига келинглар шу бегоналар билан курашайлик дейди. Халқи эса “Эй, Мусо, бор, ўзинг ва Роббинг улар билан урушинглар, биз эса мана шу ерла қимирламай ўтирамиз”, деб жавоб беради…

Демак, халқ ҳеч қачон шоирлар истаганидек яхлит бўла олмайди. Бегоналарни қўйинг, халқнинг ичида душманликлар оилаларга ва ҳатто ота болалар орасига қадар ўрмалаб кириши мумкин..Худди, Нуҳ (ас) ўғли, Иброҳим (ас) эса отаси билан ўзаро душман бўлганликлари каби…

У ҳолда халқнинг асл ҳақиқати нимадан иборат? Халқ ҳозирги тушунчада бир поездга ўхшайди. Поезднинг бир икки локомотиви ва ўнларча вагонлари бўлади. Фитрийликда (табиийликда) локомотив (лар) поезднинг бош қисмида бўлади ва вагонларни олға етаклайди. Аммо баъзан халқ ичидан чиққан ақлсиз ва золим “локомотив (лар)” бу “поезднинг”думига ёпишиб олиб, уни орқага торта бошлайди…

Бу билан асло халқ жонсиз, фақат темир ва тахтадан иборат “вагонлар”дир демоқчи эмасман. Чунки халқ “вагонлар” ўз бағрида дилни (эътиқодни), тилни, тарихни, адабиётни, санъатни ташийди…

Яратган меҳрибондир, У халққа орангиздан “имон келтирган, яхшиликни ёядиган, ёмонликни таъқиқлайдиган” бир жамоа (“локомотив”) бўлсин, дейди. Демак, халқнинг ичида мана шундай имонлилар жамоаси бўлиш шарт, у ҳолда халқ орқага эмас, фақат олға кетади.

Яратган янада кўпроқ меҳрибондир, чунки “поезд” шаклини олган халқнинг “локомотивлари ва вагонларини” бир биридан ажратмайди, уларни бир биридан устун кўрмайди, фақат қай бирингизда тақво бўлса, ўша Менга яқиндир, дейди…

Шоирларга эса фақат ақлсизлар, нодонлар эргашади, дейилган Илоҳий ҳақиқатда. Нега? Чунки аксар шоирлар мутлақ маънода халққа умид кўзини тикадилар, халқдан мадад кутадилар, халқни мадҳ қиладилар, “халқим, халқим”, дея умрларини тугатадилар…

Шоирларнинг кўпи шунақа ўзи..Халқни танимайдилар, уларнинг назарида халқ ҳамма нарсага қодирдир. Ҳолбуки, ҳар нарсага қодир Зот халқни халқ қилган унинг Яратувчисидир.

Аксар шоирлар ўзларига берилган илҳомнинг маъносини ҳам билмайдилар. Илҳом эса илоҳий ҳақиқатнинг, яъни ваҳийнинг бандасидир. Инсонни Робби яратган, илҳомни эса ваҳий…Аммо инсонларнинг кўпи Робларига нонкўрлик қилганлари каби, шоирларнинг кўпи ҳам  ўзларига берилган илҳомни ваҳимага айлантириб юборадилар. Ваҳимадан эса васваса туғилади…

Шундай бошланади шоирнинг сўз водийсида дайдиши…Дайдийди шоир бу водийларда халқ севгисини Ҳақ севгисидан устун кўриб..Бошлайди шу тарзда ишқу ҳижрон мисрларини тизишга шоир Ҳақ севгисини унутиб…Бу ўткинчи ва бевафо севги йўлида маликаларнинг оғушини истайди Шоир, ўзича ҳижронда куйиб.. Баъзан уйғонгандай бўлади у бу ғафлатдан:

Дилдаги оҳим менинг биринчи муҳаббатим,

Ёлғиз Аллоҳим менинг биринчи муҳаббатим…

Аммо ғафлат тўлқинлари шоирни осонликча ўз қучоғидан қўйиб юбормайди. Энди  шароб тўқинларига ғарқ бўлади шоир нажот истаб. Зулм қасрлари кўзига нажот қалъаси бўлиб кўринади шу шаклда…

Охирида бу сархўшлик ва дайдишдан чарчайди ва шундай дейди Шоир:

Қасамхўр дунёда кун кўрмоқ учун,

Айтмаган ёлғоним қолмади бирор…

Бу мисрларни ёзган шоирнинг асло ва асло “Машрабни осган элдан мен қадр тилармидим?”, дейишга ҳаққи йўқ менимча…Аксинча, агар Машраб мендай шиор бўлган бўлса, у ҳам мен каби бутун умрини ёлғон билан ўтказган бўлса, сўз водийсида дайдиб ўтган бўлса, халқ уни осиб тўғри қилган эканда, дейиши керак эди…Фақат бу билан барибир ҳақиқат тантаъна қилган бўлармиди?  Чунки бир томондан халқнинг ўз номидан ҳукм қўйиш ҳаққи йўқ, Ҳукм қўйиш икки олам Парвардигорининг ҳаққидир… Иккинчи томондан эса шоирнинг ўзи эътироф қилганидек халқ доимо томошага ўч:

Нимасан? Қандайин сеҳрли кучсан?

Нечун томошага бунчалар ўчсан?

Илоҳий ҳақиқат инсонлардан ва улар ичида бир ажиб тоифа бўлган шоирлардан Ҳақ тарафида туришни талаб қилади.. Аммо халқдан жуда озчилик, шоирлардан эса унданда озчилик Ҳақ тарафини оладилар ва Ҳақ тарафида турадилар. Аммо бу ҳол Ҳақиқатнинг, Ҳақнинг тугаганини ҳам билдирмайди. Чунки халқнинг эътиқодли бир қисми доимо халқни Ҳаққа даъват қилади, бу билан унга “локомотивлик” қилади…”Ичингиздан бир гуруҳ доимо халқни яхшиликка чақирсин, ёмонликдан қайтарсин”, дейди бу ҳақда Илоҳий ҳақиқат…

Аллоҳнинг имтиҳони туфайли халқ доимо ўз ичида мўминлар, мушриклар, аҳли куфрлар ва мунофиқлар, деган гуруҳларга ажралади. Аммо илҳомини ваҳимага айлантирган шоирлар баъзан бу ҳақиқатни пайқамай қоладилар. Бу шаклда улар халқни пишириш учун бошлайдилар назм ва наср қозонини қайнатишга…Бу мақсадда шеърлар, достонлар, ҳикоялар, романлар ёзилади…Ва ниҳоят ўз ишидан мамнун бўлган ва ҳатто кўкрагига Халқ нишонини тақиб олган шоир мамнуният билан ўзи бир умр қайнатган “қозонни”очиб қарайди. Аммо бу мақсад учун шоир умрини сарфлаган бўлсада халқ ҳали ҳам шу тўрт тоифага ажралганича турган бўлади…Бу манзарадан шошиб қолган шоир:

Қалбимнинг ўтида ёқдим инсонни,

Пишира олмадим аммо нодонни.

Сенга сарф этилди умрим ва хаққим,

Надоматлар бўлсин, сенга эй, халқим,

қабилида мисралар ёзади…

Аслида эса шоир бу билан ўзининг хомлигини, гумроҳлигини, нодонлигини яширишни истайди. Аммо бу билан ҳақиқат ўзгариб ҳам қолмайди…

Байт:

Бир умр бонг урди шоир Халқидан,

Кошки бонг урсайди бир бор Ҳақлидан…

Ҳақиқат Халқда эмас, Ҳақдадир…Ҳалқдан озчилик, шоирлардан эса ундандан озчилиги Ҳаққа эргашадилар..Демак, сўз бошига қайтадиган бўлсак, гуноҳ Халқда ҳам бор, шоирда ҳам бор. Фақат бу фожеа эмас, ниҳоий ҳукм ҳам эмас. Чунки Халқнинг ва унинг навкари бўлган шоирларнинг тавба ва тазкия имконлари бор…Уларни Ҳақ ризосига қайтарадиган ёлғиз имкон ва йўлдир бу йўл…

Намоз НОРМЎМИН

22.07.2015

http://namoznormumin.blogspot.com

Alakalı yazılar

Yorum yazın