Muallif: Doktor Abdulkarim Bakkor
Olamlar Rabbi Allohga hamdu-sanolar boʻlsin! Paygʻambarimiz Muhammad sollollohu alayhi vasallam, u zotning barcha oilalari va ashoblariga Allohning salom va salovotlari boʻlsin!
Birinchi qoida
Agar bir kishi ilgari bilmagan va koʻrmagan biron bir murakkab zamonaviy jihoz sotib olgudek boʻlsa, albatta bu jihozni ishlab chiqaruvchi tarafidan tayyorlangan katalog (Foydalanish yoʻl-yoʻriqlari)ni oʻqish orqali, yoxud bu jihozni ishlatib koʻrgan kishilardan soʻrab-surishtirish orqali uni ishlatishga va undan foydalanishga harakat qiladi. Aksar hollarda ishlab chiqaruvchi mijozlarni jihoz toʻgʻrisida yetarli ma’lumotga ega boʻlmasdan turib uni ishlatishdan ogohlantiradi. Shuningdek, odamlar bunday jihozlarni ishlatish mobaynida jiddiy xatoga yoʻl qoʻyadilar va oqibatda katta mablagʻ evaziga qoʻlga kiritilgan bu jihozlarning ishdan chiqishiga olib boradi.
Bola har qanday jihozdan koʻra murakkabroqdir. Unga toʻgʻri tarbiya berish puxta bilim, tajriba va mahorat talab qiladi. Biroq, odamlar buni tan olgisi kelmaydi. Shuning uchun boʻlsa kerak, bamaylixotir yetti-sakkizta farzand koʻrishga jur’at qiladilaru, farzand tarbiyasi toʻgʻrisida bitta kitobcha boʻlsada mutolaa qilish, yo biron bir ma’ruza tinglash, yoxud mutaxassisdan maslahat soʻrash xayollariga ham kelmaydi. Biz bu loqaydlikning achchiq samarasini tatib kelmoqdamiz. Koʻp sonli oʻspirin yigit va qizlarning qingʻir-qiyshiq yoʻllarga kirib ketishi, yana qanchadan-qancha yosh-avlodning oʻqish va amaliy hayotdagi muvaffaqiyatsizligi mana shu loqaydlikning mudhish natijasidir. Biroq bizlarni quvontiradigan xushxabar shuki, keyingi paytlarda odamlarda farzandlarining yaxshi tarbiya topishi va namunali ta’lim olishi muhim ekani haqidagi ong-tushunchalari oʻsib borayotganini his qilmoqdamiz.
Men bu borada quyidagi fikr-mulohazalarni bildirmoqchiman:
1- «Tarbiya madaniyati» deganda – tarbiyaviy muhitni hosil qilish, bolalar tarbiyasi va ularni salohiyatli oʻstirish uslublari borasida, shuningdek, bolalar muammolari va ulardagi xato-kamchiliklarga qanday yondashish borasida talab qilingan ma’lumot va tajribalar yigʻindisi nazarda tutiladi.
Qolaversa, «Tarbiya madaniyati» deganda, avvalo tarbiya negizini, uning oʻzaro ta’sirlanish, ta’sir oʻtkazish va oʻzaro jamoaviy ruhiyat paydo qilish asosiga qurilganini anglab yetish va bu narsa talab qiladigan tamoyillar, qadriyatlar, fidokorlik, gʻoya va tushunchalar nazarda tutiladi. Tarbiya madaniyatini tashkil qiluvchi bu unsurlar mukammal tarzda yigʻilishi benihoyat mushkul ishdir. Shuning uchun biz doimo oʻzimizni tarbiyaviy muammolar iskanjasida his qilamiz, bu muammolarni bartaraf etish borasida munosib ravishda ish yuritishni bilmay boshimiz qotadi. Negaki, tarbiya ishi gʻoyat murakkab ish. Bu ish murabbiydan yaxshi bilim va hikmat, shuningdek, asabiy muvozanat va vazminlik bilan bir qatorda muayyan darajada amaliy tajriba ham talab qiladi. Agar bordi-yu mazkur ishlar qatorida murabbiyga Allohning tavfiqi, hidoyati va toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirishi hamrohlik qilmas ekan, u hoda bu narsalar aytarli hech narsa ifoda qilmaydi. Shu bois masalaning bu tomonidan gʻaflatda qolmasligimiz, muttasil ravishda Allohdan tavfiq va hidoyat soʻrab duo qilishimiz zarur.
2- Tarbiya ishi nihoyatda qiziqarli va ayni chogʻda oʻta mashaqqatli ish. Bu ishning mashaqqatli ekanining bir tomoni shundaki, tarbiya ishi bilan shugʻullanar ekanmiz bu ishning ogʻirligini his qilamiz, bu yoʻlda koʻp sa’y-harakat qilayotganimiz va koʻp qimmatbaho narsalarni qurbon qilayotganimizni his qilamizu, biroq bolalarning shaxsiyati va yurish-turishida buning asoratini payqamaymiz.
Shu oʻrinda tadqiqotchilardan birining Xitoyda oʻsadigan Bambuk daraxti haqida aytgan soʻzini eslatishni ma’qul deb bilaman. Bu daraxt urugʻi yerga koʻmilgach qariyb toʻrt yil davomida uning popukli ildizlari yer ostida keng koʻlamda tarqaladi. Bu vaqt asnosida yer ustida uning urugʻdan yorib chiqqan nimjon gʻunchasidan boshqa narsa koʻrinmaydi. Buni qarangki, beshinchi yilga oʻtib bu daraxtning balandligi qariyb 25 metrga yetar ekan!
Ha, tarbiyaning holi ham shunday. Biz garchi natijani koʻrmasakda, oʻzgarishlarni his qilmasakda tarbiya ishini davom ettiraverishimiz zarur. Natijalar bor, oʻzgarishlar mavjud. Koʻpincha ular toʻsatdan paydo boʻladi. Shu bois umidsizlanish, zerikish va tushkunlikka oʻrin yoʻq.
3- Jamiyatlar sodda va tor muhitlardan murakkab va keng muhitlarga oʻtish harakatini boshdan kechiradi. Bu harakat shiddatli kechadi va unga farzandlar tarbiyasida aks etadigan talay oʻzgarishlar hamrohlik qiladi.
Tor jamiyatlarda odamlar oʻrtasidagi oʻzaro mehr-oqibat va hamkorlik darajasi yuqori boʻladi. Chunki ularning oʻzaro aloqalari kuchlidir. Shundan kelib chiqqan holda bir-birlarining gʻam-tashvishlarini his qilish nisbati ham yuqoridir. Bu oʻz oʻrnida bunday jamiyat a’zolarida qarindosh-urugʻ, qoʻni-qoʻshni va oʻrtoqlari farzandlarining hatti-harakatlaridan qandaydir ma’naviy javobgarlik hissini paydo qiladi. Bunday jamiyat a’zolarining barchasi tarbiya ishi bilan shugʻullanadi, oʻzaro yordam beradi va hamkorlik qiladi. Biroq bu holat salbiy tomonga rivojlanib boradi. Odamlarda xususiychilik va shaxsiylik doirasi kengayib, koʻpchilik otalar farzandlari hayotiga boshqalarning aralashuvini qabul qilmay qoʻydilar. Shuningdek hozirgi davrda odamlarda qandaydir oʻz qobigʻiga oʻralish, jamoaviy yigʻin va toʻy-hashamlar oʻrniga oʻzining shaxsiy koʻngilxushliklariga moyillikni kuzatish mumkin. Biz haqiqatdan ham borgan sayin koʻproq uzlat hayoti sari yoʻl olmoqdamiz! Bu degani bundan buyon ota-onalar farzandlar tarbiyasi borasida yaqin vaqtlargacha mavjud boʻlgan jamoaviy hamkorlikni kutmasdan, balki endi tarbiya mas’uliyatini faqat ulargina oʻz zimmalariga olishlari lozimdir. Bu boshqa bir tarafdan shuni ifoda qiladiki, endilikda hayotimizdagi qusur va kamchiliklarni isloh qilish jamiyatdan oila ichkarisiga yoʻnaltirilmasdan, aksincha oiladan jamiyatga yoʻnaladigan boʻlib qoldi.
Namunali va oliyjanob musulmon oilagina jamiyatdan yordam kutmagan holda unga barchaga oʻrnak boʻladigan andozalarni taqdim etadi. Biroq bu afsuslanarli hol!
4- Madaniyatning tanazzulga yuz tutishi jamiyatning tanazzulidan kelib chiqadi. Jamiyatning tanazzuli esa oila tarqoqligining samarasidir. Negaki, oila jamiyatni tashkil qiluvchi asosiy birikmadir. Oila tarqoqligining sabablari juda koʻp. Biroq biz bu sabablardan eng muhimiga e’tibor qaratishimiz zarur. U ham boʻlsa aqidaning inqirozga uchragani, qalblarda iymon choʻgʻining soʻnganidir. Qolaversa, ota-onalarda farzandlarga nisbatan mas’uliyat tuygʻusining zaifligi, hamda ularning turli xil tuban yoʻllar va uslublar bilan koʻngilochar tadbirlar va dunyoviy lazzatlarga berilishi va bu narsalarga ortiqcha qadr-qiymat va e’tibor qaratgan holda ota-onaning bunday ishlarga mukkasidan ketishi ham oila tarqoqligining eng muhim sabablaridan biridir.
Shundan kelib chiqqan holda, oilani himoya qilish yoʻlidagi sa’y-harakatlarimiz jamiyat va ummatni tanazzulga yuz tutishidan himoya qilish, hamda aqidani inqirozga uchrashidan asrash yoʻlida katta hissa qoʻshishga olib boradi.
5- Shuni aytib oʻtish ham lozimki, odamlarning bolalar tarbiyasi sohasida boshdan kechirgan qiyinchiliklari turlichadir. Shunday farzandlar borki, ularni koʻrganingizda oʻzidan kichik ukalarini tarbiyalash borasida ota-onasiga yordam berish uchun berilgan ilohiy in’om ekanini his qilasiz. U odobli, dono, itoatgoʻy, oliyjanob, tirishqoq…
Ayni damda shunday farzandlar borki, ular oʻn yil yoki yigirma yil davomida oila a’zolariga tinchlik bermaydilar. Shu bois, oldin ishora qilib oʻtganimdek, muttasil farzandlarimizga hidoyat va dinu-diyonat soʻrab Allohga duo qilishimiz va bundan aslo zerikmasligimiz zarur. Shu oʻrinda ta’kidlash kerakki, xarakteri ogʻir va shoʻx farzandlarimizni tarbiyalash bizning oila va tarbiya madaniyatimiz uchun “kalit” vazifasini bajarsin. Misol uchun, bolalarimizdan birining qaysarligi, nasihat va yoʻl-yoʻriqlarga osonlikcha quloq solavermasligidan qiynaladigan boʻlsak, u holda bu muammoning yechimi boladan nolish va shikoyat qilish boʻlmasligi kerak. Aksincha, agar farzandlardan biri shizofreniya kasalligi yoxud alohida qarovga muhtoj boʻladigan boshqa biron gʻaroyib kasalga chalinganida bu kasallikni davolash uchun oʻqib izlanganimizdek, qaysar bolalar bilan qanday muomala qilish haqida ham oʻqib-oʻrganish zarur.
Ogʻir xarakterli, oʻziga xos farzandlar bilan muomala qilish biz uchun bir sinov boʻlib, bu sinovdan muvaffaqiyatli oʻtish bizning vazifamizdir.
Bir oilaning dangasa, oʻqishni sevmaydigan farzandi bor. Xoʻsh, bu oilaning bunday farzandga nisbatan burchi nima?
Bu oila dangasa bolalar bilan qanday muomala qilish toʻgʻrisida mutolaa qilishi va bu xususdagi tarbiya madaniyatini boyitishi, hamda oila a’zolari uning maktabga bormaslikka urinishiga qarshi qat’iy va yagona munosabat bildirishlari zarur. Qolaversa, bu borada mutaxassislardan maslahat soʻrashlari va ta’lim olishga qiziqtiruvchi barcha vositalarni ishga solishlari kerak. Shunday qilib, tarbiyaviy qiyinchilik va muammolar bizlarni beparvo va loqayd yoki ojizlik va taslim boʻlish mavqeida turish oʻrniga, tarbiya madaniyatimizni boyitish va bolalarni tarbiyalash, ularga bu borada lozim boʻlgan yoʻl-yoʻriqlarni koʻrsatish sohasida ildam qadam tashlashga boʻlgan qat’iyatimizni yangilash manbaiga aylanadi.
6- Tarbiya madaniyatini hosil qilish faqat ota-onaninggina vazifasi boʻlmay, balki bu butun oila a’zolarining vazifasidir. Yolgʻiz ota-onaning oʻzi aslo barcha tarbiya mashaqqatini koʻtara olmaydilar. Oilangizda yoshi uchinchi oʻn yillik (20-30), ikkinchi oʻn yillik (10-20) va birinchi oʻn yillik (1-10) da boʻlgan, shuningdek, maktab yoshiga yetmagan farzandlaringiz boʻlsa, u holda oila a’zolari boʻlmish bu farzandlar oilada oʻzaro islomiy odob-axloqlarni oʻstirish va xato-kamchiliklarni bartaraf etishga hamkorlik qilmoqliklari kerak.
Biz farzandlardan sodir boʻladigan xato-kamchiliklar va muvaffaqiyatsizliklardan oilaning umumiy madaniyatini paydo qilish yoʻlida foydalanmogʻimiz lozim. Aytaylik, qizingiz oʻquv yili yakuniy imtihonidan oʻta olmadi va bundan tushkunlikka tushib yigʻlay boshladi. Bu siz oila a’zolari uchun qizingizga nisbatan hamdardlik, mehribonlik va yordam qoʻlini choʻzish uchun qulay fursat.
Farzandlaringizdan biri oʻz inisi bilan janjallashib qoldi, deylik. Bu janjal asnosida ular oʻrtasida oʻzaro tushunmovchilik va odob doirasidan chiqish yuz berdi. Bu holat ular ikkisidan xato sodir qilganining uzr soʻrashi, boshqa birining esa oʻz saxovati va kechirimliligini izhor qilishi uchun munosib fursatdir.
Shuningdek, farzandlardan biri qaysidir shaxsni gʻiybat qildi, deylik. Bu holat gʻiybat qilingan bu gʻoyib shaxs sha’nini himoya qilish va bolaning bu hatti-harakatining notoʻgʻri ekanini eslatish uchun munosib fursatdir…
Biz johil va tarqoq oilalar a’zolari oʻrtasiga rahna soladigan ishlarni oʻzaro oilaviy rishtalarni kuchaytiruvchi, jamoaviy mehr-oqibat tuygʻularini oʻstiruvchi, hamda ularning bu boradagi ong darajasini oshirishga yordam beradigan omillarga aylanishini istaymiz. Albatta biz Allohning madadi va tavfiqi ila bu ishlarga qodirmiz.
7- Biz ommaviy va oilaviy hayotimizda sodir etadigan eng katta xatolardan biri – “Boshqalar ham xuddi biz singari fikr yuritadi, ularning yon-atrofdagi narsalarga nisbatan munosabati ham aynan biznikiga oʻxshash boʻlishi kerak”, deb oʻylashimiz boʻlsa kerak.
Darhaqiqat, Alloh taolo bizning yuz-chehralarimizni biri-biridan farqli qilib yaratganidek, fe’l-atvorimiz va aqllarimizni ham tafovutli qilib yaratdi. Odamlar yuz tuzilishining oʻzaro farqli ekanida katta boylik va behisob foydalar boʻlganidek, ularning aql darajalari va xohish-istaklarining xilma-xilligida ham koʻplab manfaatlar bor. Farzandlardan biri bilan muomala qilishda yaragan bir uslub, ehtimol uning ukasi bilan muomala qilishda qoʻl kelmasligi, shuningdek, ulardan biri xohlagan narsani boshqa biri xush koʻrmasligi mumkin va hokazo… Maqsad, tarbiya madaniyatimizni muttasil ravishda boyitib borish va farzandlarimizga qoʻllamoqchi boʻlgan tarbiyaviy uslublarimizni xilma-xilligini ta’minlashdir. Men bilaman, bu ish nihoyatda ogʻir va mashaqqatli, biroq, buni qilmay ilojimiz yoʻq. Aks holda muvaffaqiyatsizlik bizga hamrohdir. Koʻp ota-onalarni koʻramizki, ular biron bir tarbiya uslubi qaysidir farzandiga qoʻl kelgani va ayni uslubning boshqa farzandiga kor qilmaganidan ajablanadilar. Aslida birgina tarbiya uslubining bir necha farzandga mos kelishi ajablanishga haqliroqdir.
8- Zamonaviy tarbiya talablari bilan tanishar ekanmiz, biz ota-onalar farzandlar tarbiyasi borasida juda koʻp ishlarni amalga oshirimiz kerakligini chuqur his qilamiz. Amalga oshirishimiz lozim boʻlgan bu ishlar balki bizning imkoniyat darajamizdan ortiq boʻlishi, zimmamizga ogʻir majburiyatlarni yuklashi mumkin. Men bu his-toʻygʻuning aniq va chinakam toʻygʻu ekaniga aminman. Zero, tarbiya ishi haftada yetti kun, bir kunda yigirma toʻrt soat toʻxtovsiz mehnat talab qiladi. Tarbiya ishi ba’zi holatlarda partizanlar urushi, yoxud toshloq yerda xandaq qazishga oʻxshab ketadi. Darhaqiqat, tarbiya jarayoni shunday, uning tabiati shundan iborat. Biroq bu oʻrinda biz ikkita narsani doimo yodda saqlamogʻimiz kerak:
Birinchisi: Farzandlarimizni toʻgʻri tarbiyalash borasida sarflagan barcha sa’y-harakatlarimiz inshaalloh ajr-savobga doxildir. Zero, ularni vujudga kelishlariga biz sababchi boʻldik, ularni toʻgʻri yoʻlga boshlagan ham bizmiz. Ularning qalblariga Alloh va Rasulining muhabbatini solgan, fozil insonlar boʻlib yetishishlariga harakat qilgan va bu xususda koʻp narsalarni qurbon qilgan ham biz ota-onalarmiz.
Alloh taolodan umidimiz farzandlarimizning solih amallarini bizning nomai a’mollarimizga kiritsin, hayotdan koʻz yumgach farzandlarimizning duolari sabab darajalarimizni yuksaltirsin. Agar bu narsa roʻyobga chiqadigan boʻlsa, farzandlarimizning tarbiyasi borasida sarflagan sa’y-harakatlarimiz uchun bizga benihoyat katta mukofot berilgan boʻladi.
Ikkinchisi: Shuni esdan chiqarmasligimiz kerak-ki, bugun farzandlarimizga nisbatan bizdan talab qilinayotgan narsa, oʻtmishda ota-onalarimizdan bizlarga nisbatan talab qilingan narsa edi. Shuningdek, bu narsa kelajakda farzandlarimizdan ham ularning farzandlariga nisbatan talab qilinajakdir. Demak, masala qarz va majburiyat, oldi-berdi masalasi ekan.
Bilim va tajriba, kelajakka umid, sabr va matonat bilan koʻp narsalarga erishish mumkin. Allohning izni va madadi ila inshaalloh koʻp narsalarga erishamiz.
(Davomi bor)
Manba: IslamNuri.com