Qo`qon va Xitoy munosabatlari

O`rta Osiyo xonliklaridan Qo`qon xonligining Xitoy bilan munosabatlari ham do`stona emas edi. Bir tomondan, Sin imperiyasi 1755- 1759- yillar mobaynida Sharqiy Turkistonni o`ziga bo`ysundirib, Qo`qon xonligini kuchsizlantirishga urinardi. Ikkinchi tomondan, Qo`qon xonligi Sharqiy Turkistonda o`z hokimiyatini o`rnatishga intilib, Sharqiy Turkiston sari o`z chegarasini tobora kengaytirib borayotgan edi. Ayniqsa, XIX asrning 20- yillarida Qo`qon – Xitoy munosabatlari yanada keskinlashdi. Bunga Qo`qon xoni Muhammad Alixonning sharqiy turkistonliklarning Jahongirxo`ja boshchiligida Sin imperiyasiga qarshi 1825- yilda boshlangan milliy-ozodlik kurashiga aralashuvi sabab bo`ldi.

Xitoy hukumati 1829- yilda Qo`qonning Sharqiy Turkistonda yuritadigan savdo ishlarini taqiqladi, o`rta osiyolik savdogarlarning aksariyat qismini haydab, ularning mulklarini musodara qildi.

Bunga javoban Qo`qon xoni Muhammad Ali sharqiy turkistonliklarning Xitoyga qarshi ozodlik kurashi rahbari Jahongirxo`ja va uning ukasi Yusufxo`ja ixtiyoriga Haqquli boshchiligida qo`shin jo`natadi. Natijada, Yusufxo`ja Qashg`arni egallaydi va Yorkentni egallash uchun harbiy harakatni davom ettiradi. Bu hol Xitoy hukumatini qattiq tashvishga solib qo`yadi va Yusufxo`jaga qarshi katta qo`shin yuboradi.

Qo`zg`olonchilarning safida mustahkam birlik yo`qligi hamda Buxoro – Qo`qon munosabatlari yomonlashuvi oqibatida Qo`qon xonining Sharqiy Turkistonga yuborgan qo`shinini chaqirib olishi tufayli Yusufxo`ja mag`lubiyatga uchraydi.

Oqibatda, Yusufxo`ja Sharqiy Turkistonni tashlab chiqadi. U bilan 70 ming uyg` ur oilasi Farg`ona vodiysiga ko`chib keladi.

Qo`qon xonligi o`z chegaralarini tobora Sharqiy Turkiston tomon kengaytirish siyosatini davom ettirgan. Ayni paytda Sin imperiyasi moliyaviy qiyinchliklar tufayli Qo`qon xonligiga qarshi ochiqdan ochiq urush harakatlari olib borishga qodir emas edi. Natijada, 1832- yilda Pekinda Xitoy-Qo`qon shartnomasi imzolangan. Unga ko`ra, Qo`qon Jahongirxo`ja avlodlarini Sharqiy Turkistonga o`tkazmaslik majburiyatini olgan.

Xitoy esa Sharqiy Turkistonda qo`qonlik savdogarlar faoliyatini taqiqlashni bekor qilgan. Ikkinchidan, Qo`qon savdogarlariga Sharqiy Turkistonda boj to`lamasdan savdo qilish huquqi berilgan. Uchinchidan, Sharqiy Turkistondan Qo`qon savdogarlari chiqarib yuborilganda ulardan tortib olingan mol-mulklari evaziga Qo`qon xoniga tovon to`langan. To`rtinchidan, Sharqiy Turkistonda savdo qiluvchi o`rta osiyolik savdogarlar to`laydigan to`lovlarni yig`ib olish huquqi Qo`qon xonligiga berilgan.

Manba: eduportal.uz

Alakalı yazılar

Yorum yazın