Qo`qon va Xitoy munosabatlari

O`rta Osiyo xonliklaridan Qo`qon xonligining Xitoy bilan munosabatlari ham do`stona emas edi. Bir tomondan, Sin imperiyasi 1755- 1759- yillar mobaynida Sharqiy Turkistonni o`ziga bo`ysundirib, Qo`qon xonligini kuchsizlantirishga urinardi. Ikkinchi tomondan, Qo`qon xonligi Sharqiy Turkistonda o`z hokimiyatini o`rnatishga intilib, Sharqiy Turkiston sari o`z chegarasini tobora kengaytirib borayotgan edi. Ayniqsa, XIX asrning 20- yillarida Qo`qon – Xitoy munosabatlari yanada keskinlashdi. Bunga Qo`qon xoni Muhammad Alixonning sharqiy turkistonliklarning Jahongirxo`ja boshchiligida Sin imperiyasiga qarshi 1825- yilda boshlangan milliy-ozodlik kurashiga aralashuvi sabab bo`ldi.

Xitoy hukumati 1829- yilda Qo`qonning Sharqiy Turkistonda yuritadigan savdo ishlarini taqiqladi, o`rta osiyolik savdogarlarning aksariyat qismini haydab, ularning mulklarini musodara qildi.

Bunga javoban Qo`qon xoni Muhammad Ali sharqiy turkistonliklarning Xitoyga qarshi ozodlik kurashi rahbari Jahongirxo`ja va uning ukasi Yusufxo`ja ixtiyoriga Haqquli boshchiligida qo`shin jo`natadi. Natijada, Yusufxo`ja Qashg`arni egallaydi va Yorkentni egallash uchun harbiy harakatni davom ettiradi. Bu hol Xitoy hukumatini qattiq tashvishga solib qo`yadi va Yusufxo`jaga qarshi katta qo`shin yuboradi.

Qo`zg`olonchilarning safida mustahkam birlik yo`qligi hamda Buxoro – Qo`qon munosabatlari yomonlashuvi oqibatida Qo`qon xonining Sharqiy Turkistonga yuborgan qo`shinini chaqirib olishi tufayli Yusufxo`ja mag`lubiyatga uchraydi.

Oqibatda, Yusufxo`ja Sharqiy Turkistonni tashlab chiqadi. U bilan 70 ming uyg` ur oilasi Farg`ona vodiysiga ko`chib keladi.

Qo`qon xonligi o`z chegaralarini tobora Sharqiy Turkiston tomon kengaytirish siyosatini davom ettirgan. Ayni paytda Sin imperiyasi moliyaviy qiyinchliklar tufayli Qo`qon xonligiga qarshi ochiqdan ochiq urush harakatlari olib borishga qodir emas edi. Natijada, 1832- yilda Pekinda Xitoy-Qo`qon shartnomasi imzolangan. Unga ko`ra, Qo`qon Jahongirxo`ja avlodlarini Sharqiy Turkistonga o`tkazmaslik majburiyatini olgan.

Xitoy esa Sharqiy Turkistonda qo`qonlik savdogarlar faoliyatini taqiqlashni bekor qilgan. Ikkinchidan, Qo`qon savdogarlariga Sharqiy Turkistonda boj to`lamasdan savdo qilish huquqi berilgan. Uchinchidan, Sharqiy Turkistondan Qo`qon savdogarlari chiqarib yuborilganda ulardan tortib olingan mol-mulklari evaziga Qo`qon xoniga tovon to`langan. To`rtinchidan, Sharqiy Turkistonda savdo qiluvchi o`rta osiyolik savdogarlar to`laydigan to`lovlarni yig`ib olish huquqi Qo`qon xonligiga berilgan.

Manba: eduportal.uz

Devami

Sharqiy Turkiston yoxud davrimiz Andalusiyasi

Sharqiy Turkiston Xitoy davlatining gʻarbiy hududlarida joylashgan.

Sharq oʻlkalarini fath qilish asnosida Islom qoʻshinlari Sharqiy Turkiston yerlarigacha yetib borishgan va bu oʻlka mashhur qoʻmondon Qutayba ibn Muslim al-Bohiliy boshchiligida fath qilingan. Oʻsha davrda bu mintaqa Qashgʻar deb nomlangan.

Fathdan soʻng oʻlka ahli musulmonlar bilan jizya toʻlashga kelishishgan. Biroz keyinroq ularning podshosi Islom dinini qabul qiladi va shundan soʻng Islom tezlik bilan yoyila boshlaydi.

Abbosiylar xalifaligi davrida (750-1258 yillar) Xitoy bu oʻlkani bosib oladi. Lekin, abbosiylar musulmonlarga madad qoʻlini choʻzadi va ularga harbiy yordam koʻrsatadi. Natijada ular Xitoy zulmidan xalos boʻlib, qudratli abbosiylar davlati himoyasi ostiga oʻtishadi.

Bu yerlarning tub aholisi turkiy xalqlardir. Turkiston musulmonlari Andalusiya taraqqiyoti bilan bellashgudek ulkan madaniy taraqqiyotni barpo qildilar, mintaqada madaniyat, tijorat va ishlab chiqarishning, ayniqsa qogʻoz sanoatining rivojlanishiga katta hissa qoʻshdilar.

1949- yilda kommunistik Xitoy hukumati Sharqiy Turkistonni bosib oldi va uni “Sinsyan”, ya’ni, yangi yer deb nomladi.

Xitoy hukumati hozirda oʻlkaning musulmon tub aholisini boshqa joylarga koʻchirish va xitoylik xanlarni bu oʻlkaga koʻchirib kelish siyosatini olib bormoqda. Shu bilan birga bosqinchilar islomiy osori atiqalarni yoʻq qilishga urinmoqda va muntazam ravishda oʻlkaning tabiiy boyliklarini tashib ketishmoqda.

Oʻlka tabiiy boyliklarga moʻl boʻlishiga qaramasdan, juda koʻpchilik musulmonlar kambagʻal-qashshoq hayot kechiradilar. Ustiga ustak, Xitoy hukumati musulmonlarning koʻpayishini ham cheklab qoʻygan va natijada 25 millionlik uygʻur xalqi bugunga kelib 15 millionga tushib qolgan. Musulmon millati qattiq jabr-zulm tufayli tobora kamayib borayapti. Undan tashqari, musulmonlarga islomiy ilmlarni oʻrganish, hatto Qur’on oʻqish taqiqlab qoʻyilgan.

Butun dunyo musulmonlari jimjit, vaholanki ularning koʻz oʻngida Andalusiya fojeasi takrorlanmoqda!

Manba: IslamNuri.com

Devami