Dunyo turkiylari globallashgan dunyoda

Yazının Türkçe kısa özeti: Bu yıl 27 Nisan İstanbul’da Uluslar arası Türkistan Kurultayı gerçekleşti. Kurultayda dünyanın çeşitli ülkelerinde yaşayan Türkistanlı ilim, siyaset ve sosyoloji uzmanları katıldılar. Bunlardan biri şu anda Fransa’da yaşayan Özbek asıllı siyaset uzmanı Kamoliddin Robbimovdır. Bu yazı Özbek siyaset ilim adamımın 21. Yüz yılda “Globalleşen Dünyada Türkî Halklar” adlı makalesinin Özbek Türkçesindeki metnidir.

Kamoliddin M.RABBIMOV

Siyosatshunos

Ushbu doklad joriy yilning 27-aprelida Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan «Xalqaro Turkistonliklar Qurultoyi»da muallifning «Turkiy xalqlarning madaniy, siyosiy aloqalari ahvoli» nomli ma’ruzasi asosida tayyorlandi. Ushbu qurultoy Turkiyada rasman ro‘yhatdan o‘tgan «Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati» tomonidan tashkil qilindi.

Globallashuv bo‘sag‘asida

Insoniyat tarixini ikki o‘ta yirik qismga bo‘lish mumkin: lokallik va globallashuv. Insoniyatning shu paytgacha davom etgan tarixiy davrini “lokalizm”, “lokallik” deb ta’riflash mumkin. Ming yillar davomida insonlar o‘ta cheklangan geografik muhit va shartlarda o‘z atrofiga ta’sir qilishgan, va keyingi bir-ikki asrga qadar, o‘rta statistik odam o‘zi yashab turgan muhitda, taxminan olti kilometr radius atrofidagi voqea-hodisalarni bilish va ta’sir qilish qobiliyatiga ega bo‘lgan xolos. Yani, axborot olish, yaratish va tarqatish imkoniyatlari geografik to‘siqlar bilan cheklab-chegaralangan edi. Insoniyatning shu paytgacha davom etgan davri – lokalizm tugadi, va biz endigina yangi – globallashgan dunyoga kirib kelmoqdamiz. Insoniyat tarixi uchun bir necha o‘n yilliklar – o‘ta qisqa davr. Va aynan keyingi bir-ikki o‘n yilliklarda axborot globallashuvi kuzatilmoqda. Insoniyatning globallashuv sharoitlarida yashash tajribasi mavjud emas, kelajakni tasavvur qilish, uni ustiga, kelajakni modellashtirish o‘ta murakkab vazifadir.

Agarki shu paytgacha, insoniyat madaniyati va tafakkuri tarixida diffuziya, tarqalish, turfalanish kuzatilgan bo‘lsa, mana bugunga kelib, butun bir insoniyat va uning tafakkuri, qadriyatlari, qarashlari bir safga tizilib, bir biriga jiddiy nazar bilan qaramoqda, o‘rganmoqda, bahs-munozaraga kirisha boshlamoqda. Aytish mumkinki, shu paytga qadar, raqobat, konkurensiya lokal va chegaradosh tabiatga ega bo‘lgan bo‘lsa, endi dunyodagi barcha qadriyatlar tizimlari global raqobatga, konkurensiyaga kirisha boshladi. Biz, ushbu global yuzlashuvning, global tanishuv va baxs-munozaralarning eng boshlang‘ich bir pallasida turibmiz, va bu baxs-munozaralar, raqobatning eng asosiy tasniflovchi omil – o‘zlik (rus tilida “identichnost”), kimlik masalasidir.

O‘zlik bugungi global dunyodagi kuchlar nisbatini, resurslarni, real do‘stlar va potensial opponentlarni aniqlab beruvchi ko‘rsatkichdir. O‘zlikning ahamiyati shundaki, insonlar – qadriyatlar, tarixiy hotiralar, intilishlar, manfaatlar va ayniqsa, maqsadlar bilan yashar ekan, o‘zlik aynan mana shu omillarni o‘zida ifodalovchi markaziy o‘lchov birligidir. Inson o‘zliksiz bo‘lishi, yashashi mumkin emasdir. Har bir inson “men kimman”, “yashashdan maqsad va vazifa nima”, “kimlar mening do‘stlarim, kismlar esa meni raqiblari (yoki dushmanlarim)” degan savollarga javob izlashi tayin. Global dunyoda, davlatlar va millatlar o‘rtasidagi eng qudratli va mustahkam ittifoqlar, barqaror ziddiyatlar, aynan o‘xshash yoki farqli o‘zliklar negizi asosida kechadi, va bu munosabatlarga “sivilizatsion” ta’rif beriladi. Agar lokalizm davrida insonlar borgan sari turfahillikka, tarqoqlikka yuz tutgan bo‘lsa, globallashgan dunyoda borgan sari umumiylashuv, integratsiya kuzatiladi, va birinchi o‘rinda yaqin yoki ayni bo‘lgan millatlar va davlatlar integratsiyasi kutiladi.

Dunyo turkiylari

Yetti milliarddan oshiq insoniyat globallashuvga turfa xillik bilan yetib keldi. Inson uchun eng qadrli o‘zlik – “siz kimsiz” degan savolga birinchi bo‘lib bergan javobi va bu uning voz kechishi qiyin bo‘lgan o‘zligidir. Insonning ona tili bilan bog‘liq o‘zligi – eng samimiy va tabiiy o‘zligidir. Tarixiy lokalizm davrida bir birini tarjimonsiz tushunadigan, madaniyati va zehniyati o‘xshash, yaqin va yoki ayni bo‘lgan millatlar va davlatlar soni ko‘p emas. Qiyoslash uchun aytadigan bo‘lsak, agar kimdir armani yoki gruzin bo‘lib tug‘ilgan bo‘lsa, bu millatlarning qardoshlari mavjud emas, shuningdek, ushbu millatlarning geografik-demografik muhiti ham keng emas. Lekin, yaqin yoki ayni tilga asoslangan ba’zi bir millatlar va davlatlar ittifoqi borki, ular juda qudratlidir.

Masalan, anglasaksonlar – AQSh, Birlashgan Qirollik, Kanada, Avstraliya va Yangi Zellandiya, bu yagona tilga va protestant konfessiyasiga asoslangan ittifoq dunyoda eng qudratli ittifoqdir. Yoki, Lotin Amerikasi – ulkan madaniyat va geografik muxitdir, arab dunyosi – siyosiy tarqoq bo‘lsada, diniy ancha yaxlit, madaniy va axborot hududi to‘la uzviydir. Shu jamladan fransuz tilida so‘zlashuvchi davlatlar va millatlarni ham sanab o‘tish mumkin.
Lokalizmdan globalizmga yetib kelishga muvaffaq bo‘lgan yana bitta yagona tillar oilasiga kiruvchi millatlar hamjamiyati – dunyo turkiylaridir. Dunyo turkiylari – sayyoramizning eng katta qit’asi, Yevrosiyoning o‘ta keng geografik sarhadlarida yashab keladigan millatlar va xalqlar hisoblanishadi.

Dunyo turkiylarining soni borasida aniq kelishilgan ma’lumotlar mavjud emas. BMT va AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi oxirgi yillik hisobotlariga ko‘ra, sayyoramizdagi turkiy tillarda so‘zlashuvchi aholi soni kamida 180-200 millionni tashkil qilishi, Turkiyadagi ilmiy-siyosiy doiralar ma’lumotlariga ko‘ra esa, birinchi va ikkinchi til sifatida turkiy tillarda gaplashadiganlar soni 250 milliondan oshishi aytiladi.

Turkiy tillar oilasi – dunyo monotoizmining markazi va hotimasi bo‘lgan Islom dinining to‘rtinchi keng tarqalgan til guruhidir. Turkiy musulmonlar, soni va salmog‘i bo‘yicha, 1,65 milliardlik Islom sivilizatsiyasida arab (21 davlat tili) indonez-malay (Indoneziya, Malayziya, Bruney, Singapur) va bengal (Bangladesh, qisman Hindiston) tillari qatorida, birinchi to‘rtlikka kiradi, va turkiylar musulmon dunyosining shimoliy xalqlari va millatlari hisoblanishadi.

Shu bilan birga, turkiy dunyo keyingi asrlarda o‘ta mashaqqatli davrlarni boshidan kechirdi va kechirmoqda. Turkiy dunyo – mustamlaka qilingan dunyo. Turkiy dunyoning faqat bitta vakili – Turkiya, keyingi asrlarda insoniyat tarixida hukmron bo‘lgan mustamlakachilik iskanjasidan omon qolgan davlatdir. Bugungi kunda mustaqil turkiy davlatlar soni oltitadir: Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Azarbayjon, Turkmaniston va Qirg‘iziston. Ro‘yxatdagi keyingi beshtasi yaqinda mustaqillikni qo‘lga kiritgan, va hali to‘laqonli siyosiy-iqtisodiy raqobatbardosh jamiyatlar qurib ulgurmagan davlatlardir. Shu bugungi kunda ham dunyo turkiylarining ko‘plab millatlari va xalqlari mustaqillikka va davlatlariga ega emas. Jumladan, Sharqiy Turkiston uyg‘urlari, Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi tatarlar, boshqirdlar va h.k.

Afsuski, bir necha yuz millionlik dunyo turkiylari, tarixan shakllangan til va din o‘zligi naqadar qimmatli resurs ekanligini anglab yetganlari yo‘q. Dunyo turkiylarining, ayniqsa, yangi mustaqil bo‘lgan turkiy tilli davlatlarning ongi, siyosiy madaniyati, hali hanuz lokalizm davrida qolib kelmoqda – ular hamkorlik, samarali siyosiy-iqtisodiy ittifoqlar shakllantirishdan ko‘ra, o‘zini tashqi dunyodan ihotalash va o‘z muammolarini yakka tartibda, muammoli yo‘llar bilan yechishni tabiiy deb ko‘rishadi.

Turk dunyosi davlatlari

Turkiy dunyosining eng qudratli davlati – Turkiya bo‘lib, aholi soni, siyosiy salohiyati, iqtisodiy imkoniyati, harbiy qudrati va boshqa bir qancha mezonlar bo‘yicha turkiy dunyoning mutlaq lideridir. Turkiya, o‘zining bir trillionlik yalpi ichki mahsulotiga teng iqtisodiyoti bilan, dunyo davlatlari orasida 16-17 o‘rinlarda keladi, va musulmon dunyosida birinchi o‘rinda turadi. U “Buyuk Yigirmatalik”ga kiradigan yagona turkiy davlatdir. NATOga a’zo yagona turkiy va musulmon davlati, an’anaviy (yadro qurolidan tashqari bo‘lgan) harbiy salohiyati bo‘yicha Yevropada eng qudratli va alyansda AQShdan keyingi ikkinchi davlatdir.

Davlatning qudrati, uning potensialini o‘lchovchi bir qancha mezonlar mavjud. Jumladan, bu davlatning aholi soni va inson salohiyati rivojlanganligi, xududining kattaligi va joylashuv ahamiyati, iqtisodiy taraqqiyligi, harbiy salohiyat, tabiiy boyliklar, uning tarixi va boshqa omillar. O‘zbekiston, jamiyat va davlat sifatida ushbu mezonlar bilan o‘lchanganda, mintaqada, turk dunyosida va ulkan Islom dunyosida alohida o‘ringa va ahamiyatga ega.

Global turkiy dunyoning ikkinchi ko‘p sonli davlati – O‘zbekistondir. 1991 yilda mustaqillikka erishgan O‘zbekiston aholisi, rasmiy statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillik arafasida 19 milliondan oshardi. 2012 yilning oxiriga kelib, O‘zbekiston aholisi 30 milliondan oshganligi rasman e’lon qilindi. O‘zbekistonda yillik sof aholi ko‘payishi tahminan 420 ming odamni tashkil qiladi.

Birinchi o‘rin. O‘zbekiston aholi soni-salohiyati bo‘yicha Markaziy Osiyoning birinchi davlatidir. Markaziy Osiyoning yalpi aholi soni 65 millionga yaqin bo‘lsa, undan sal kam yarmi – 30 millioni bitta O‘zbekistonda istiqomat qilsa, qolgan 35 millioni qolgan to‘rt respublikada yashashadi.

Ikkinchi o‘rin. Shu kunga qadar oltita turkiy tilli mustaqil davlat mavjud bo‘lsa, O‘zbekiston 75 millionlik Turkiyadan keyingi ulkan turk dunyosining ikkinchi davlati hisoblanadi. Bu bilan o‘ttiz millionlik O‘zbekiston, Markaziy Osiyodagi va post-sovet hududidagi birinchi turkiy tilda so‘zlashuvchi davlatdir.

Uchinchi o‘rin. O‘zbekiston joriy aholi soni bilan post-sovet hududida Rossiya Federatsiyasi (aholi soni 140 millionga yaqin) va Ukraina Respublikasidan (45 million atrofida) keyingi uchinchi o‘rinni egallaydi. Post-sovet hududida kuzatilgan demografik tendensiyalarga ko‘ra esa, O‘zbekistonda aholi ko‘payishi bo‘yicha mutlaq lider hisoblanadi. RF va Ukrainada demokrafik tendensiya jadal qisqarish tomonga ketayotgan bir paytda, O‘zbekistonda yillik sof aholi ko‘payishi tahminan 420 mingni tashkil qiladi. Agar ushbu tendensiya saqlanib qolsa, tahminan 2,5-3 o‘n yillik ichida O‘zbekiston post-sovet hududining ikkinchi o‘rniga chiqadi, Ukraina esa uchinchi o‘ringa tushadi.

O‘n beshinchi o‘rin. Ulkan, dinamik Islom sivilizatsiyasi taxminan 1,65 milliard aholini qamrab oladi, eng salohiyatli Islomiy tashkilotlardan biri hisoblanmish Islom Hamkorlik Tashkilotiga 54dan ortiq davlatlar a’zo. Bu tashkilotga a’zo davlatlar aholisining mutlaq ko‘pchiligi, yoki salohiyatli qismi Islom diniga e’tiqod qilishadi. Eng yirik musulmon davlatlar Indoneziya (234 mln.), Pokiston (164 mln.), Bangladesh (151 mln.) hisoblanishsa, O‘zbekiston o‘zining Islomga e’tiqod qiluvchi aholi soni bilan musulmon davlatlari ichida ikkinchi o‘ntaligining o‘rtasidan – o‘n beshinchi o‘rinda joylashadi. Ma’lumki, o‘ttiz millionlik O‘zbekiston aholisining tahminan 90-92% Islom dinining Ahli sunnat val jamoa mazhabida hisoblanadi.
O‘zbekiston ulkan turkiy dunyoning Turkiyadan keyingi ikkinchi yirik davlati, Markaziy Osiyo mintaqasidagi, qolaversa post-sovet hududidagi eng yirik turkiy davlat va musulmon jamiyati hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmon jamoasining kattaligi bilan, Saudiya Arabistoni (28 mln aholining 15% shia mazhabiga e’tiqod qilishi aytiladi), Xitoy Xalq Respublikasi (musulmon aholisi taxminan 20-25 mln atrofida baholanadi, lekin musulmonlarning real soni XXR tomonidan yashirib kelinadi), Yaman (25 mln.), Malayziya (29 mln. aholining 60-65% Islomga e’tiqod qiladi) kabi davlatlar bilan yonma-yon, yoki ulardan oldinda turadi. Yani, Markaziy Osiyo davlatlari orasidagi, qolaversa, post-sovet hududidagi eng yirik musulmon jamoasi O‘zbekistonda istiqomat qiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston dunyo o‘zbeklarining milliy markazi, epitsentr davlati hisoblanadi. Butun dunyo bo‘ylab keyingi asrlarda tarqalib ketgan o‘zbeklarning soni aniq emas, O‘zbekistonning istisnosiz barcha qo‘shni (Afg‘oniston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Turkmaniston) davlatlarida katta sonli mahalliy (avtoxton) o‘zbek aholisi yashaydi, bu aholi ushbu respublikalardagi ba’zan ikkinchi, ba’zan uchinchi etnik guruhlar hisoblanishadi. Salohiyatli o‘zbeklar (turkistoniylar) jamoalari Turkiyada, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlarda istiqomat qilishsa, yaqindan boshlab o‘zbek diasporalari shakllanishi g‘arb davlatlarida, jumladan, Rossiya, Ukraina, AQSh va g‘arbiy Yevropa davlatlarida ham boshlandi. Taxminiy hisoblarga ko‘ra, dunyo o‘zbeklarining soni 34-40 million atrofida bo‘lishi mumkin.

Turk dunyosining uchinchi aholisi yirik davlati Qozog‘iston bo‘lib, hududi jihatidan esa eng yirik turkiy davlatdir. Qozog‘iston hududi kattaligi jihatidan dunyodagi to‘qqizinchi yirik davlatiki, o‘zining 2 million 724 ming kv.km sarhadlari bilan Turkiyadan sal kam uch yarim baravar, O‘zbekiston va Turkmanistondan esa olti baravar, Qirg‘izistondan 13,7 baravar, Ozarbayjondan esa 31,6 baravar kattadir.

Lekin aholi soni jihatidan esa, Qozog‘iston Turkiyadan 4,7 baravar, O‘zbekistondan ikki baravar kichik davlatdir. Ayni paytda, Qozog‘iston aholisining tarkibi nuqtai nazaridan, turkiy bo‘lmagan aholi ulushi eng yirik bo‘lgan turkiy davlatidir. 16 millionga yaqin Qozog‘iston aholisining tahminan besh millionga yaqini ruslar va rusiyzabon, turkiy bo‘lmagan millatlarni tashkil qiladi.

Ozarbayjon o‘zining sal kam o‘n millionlik aholisi bilan to‘rtinchi yirik, va Kavkaz mintaqasidagi yagona turkiy davlat hisoblanadi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston aholisi 5,5 millionni, Turkmaniston aholisi esa 5,1 millionni tashkil qiladi. Yana bir mustaqil turkiy davlat sifatida Shimoliy Kipr Turk Respublikasini ham zikr qilish mumkin. Shimoliy Kipr aholisi sal kam 300 ming kishini tashkil qiladi, hududi esa 3300 kv.km.

Ayni paytda, yuqorida aytilgandek, hali ko‘plab turkiy xalqlar va millatlar o‘zlarining mustaqil davlatchiligiga erisha olganlari yo‘q. Sharqiy Turkiston – Shinjon Uyg‘ur Respublikasi Xitoy Xalq Respublikasi tarkibiy qismida – rasmiy Pekinning temir panjaralari ostida, qattiq bosimlar bilan majburiy assimilyatsiya qilinmoqda. Sharqiy Turkiston – Shinjon Uyg‘ur Respublikasi o‘zining 1 million 743 ming kv.km sarhadlari bilan, turkiy dunyoning tutqindagi eng yirik yaxlit hududi hisoblanadi. Agar Shinjon Uyg‘ur Respublikasi davlat mustaqilligini shu bugungi kunda qo‘lga kiritganida edi, u ulkan turkiy dunyoning hududi jihatidan ikkinchi (Qozog‘istondan so‘ng) yirik davlati, aholisi jihatidan (Turkiya va O‘zbekistondan so‘ng) uchinchisi bo‘lardi. Ma’lumki, O‘arqiy Turksiton – Shinjon Uyg‘ur Respublikasi hozirgi XXR umumiy hududining oltidan bir qismini tashkil qiladi. XXR nazorati ostida uyg‘urlardan tashqari yana ko‘plab turkiy millatlar mavjud, jumladan, qog‘oq, do‘ngan, qirg‘iz va boshqa millatlar.

Umumiy aholisi 140 millionni tashkil qiladigan Rossiya Federatsiyasidagi ikkinchi yirik tillar oilasi – turkiy tillaridir. Tuva Respublikasi, Chuvash Respublikasi, Boshqirdiston Respublikasi, Tatariston Respublikasi, Saxa-Yoqutiston Respublikasi, Qorachoy-Cherkas Respublikasi, Oltoy Respublikalarining tub, mahalliy aholisi va titul millatlari – turkiylar, hozirgi kunda ham bu respublikalar aholisining mutlaq aksariyatini yoki yarmini tashkil qiladi. Shuningdek, turkiy xalqlar Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston Respublikasi, Kabardin-Bulg‘or Respublikasi, Hakasiya Respublikasi va yaqinda bosib olingan Qirim yarim orolida yashashadi. RF tarkibida yana boshqa ko‘plab turkiy millatlar borki, ular o‘zlarining milliy-hududiy davlatlariga, respublikalariga yoki viloyatlariga ega emas: qo‘miqlar, turkmanlar, no‘g‘aylar, sibir tatarlari va boshqalar. RF tarkibidagi turkiy xalqlar va millatlarning umumiy, yaxlit soni to‘g‘risida aniq ma’lumotlar mavjud emas, lekin taxminiy ma’lumotlarga ko‘ra, ularning soni 20 milliondan oshadi.

Tabiiyki, turkiy tillarda so‘zlashuvchi avtoxton millatlar va xalqlar, boshqa davlatlarda ham yashashadi, jumladan, Eron Islom Respublikasida, Iroqda, Bolgariyada, Moldaviyada va ko‘plab boshqa davlatlarda istiqomat qilishadi. Keyingi bir necha o‘n yilliklarda migratsiya va emigratsiya orqali, Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlarida ham ko‘p sonli turkiy xalqlar diasporalariga asos solindi.

Markaziy Osiyo va Islom

Ma’lumki, til birligi yoki etnik yaqinlik to‘laqonli integratsiyaga asos/mafkura bo‘la olmaydi, integratsiyaga qo‘shimcha, lekin kuchli vosita hisoblanishi mumkin. Bir tilda yoki yaqin tillarda so‘zlashuvchi, lekin betinim ziddiyatlarda bo‘lgan xalqlar va millatlar kam emas. Til va etnik yaqinlik, o‘xshashlikning sotsial funksiyasi har doim ham integratsiya emas, yani til mustaqil ravishda – dunyoqarash birligini, qadriyatlar yaxlitligini shakllantirmaydi.

Til va etnik yaqinlik qulay kommunikatsiya vositasi, agar ikki tarafning qadriyatlari bir-biriga o‘xshash bo‘lganda, yaqin yoki bir til ushbu dunyoqarash yaqinligini yanada kuchaytiradi. Zamonaviy ta’sirchan dunyoqarash tizimlari – mafkuralar, siyosiy-falsafiy oqimlar va dinlardir. Ayniqsa, Islom dini kabi mustahkam, mantiqan uzviy, hayotiy, inson tabiatiga xos tarixiy evolyutsiyalarga chidamli, g‘oyalar korpusi o‘ta keng va chuqur bo‘lgan dunyoqarash-qadriyat tizimining muqobili yoki kuchlirog‘i mavjud emas. Islom dini insoniyat tarixida yagona silsilaga va uzviylikka ega Tavxid an’anasining xotimasi va markazidir.

Markaziy Osiyo mintaqasi maxalliy aholisi etnik jihatdan turkiylar va tojiklar (forsiylar)dan iborat. Lekin, butun mintaqaning mahalliy aholisini birlashtiruvchi, effektiv integratsion omil – bu Islom dinidir. Uning ustiga, mintaqa aholisining Islomiy e’tiqodi yagona mazhabiy-fiqhiy maktab doirasida bo‘lib, bu o‘rinda juda sezilarsiz istisnolar kuzatiladi xolos.

Ma’lumki, har bir o‘zlikning bir qancha funksiyalari bo‘ladi. Integratsiya, birlashuv – o‘zlikning muhim vazifalardan biri ekan, ushbu vazifaning yana bir qirrasi – tashqi begona va tahdidli o‘zliklarga qarshi mudofaa qila olish vazifasi hamdir.

Markaziy Osiyo mintaqasi uchun Islom dini – yagona integratsion o‘zlik, va yagona tashqi tahdidlardan mudofaa o‘zligidir.

Bugungi Markaziy Osiyo – post-ateistik mintaqadir. Davlatlarning siyosiy elitalari Islomga katta ehtiyotkorlikdan tortib ochik qarshilik ruhida qarashadilar. Mintaqaning barcha besh respublikasida Islomga nisbatan yagona siyosatning turli darajadagi ifodasini kuzatish mumkin. Hukumatlarning din borasida o‘zlarining oldiga qo‘ygan vazifalari – o‘z aholisining Islomiy dindorlik darajasini imkon qadar past ushlab turishdir. Bu strategiya barcha davlatlarga birdek tegishli bo‘lib, ba’zilarida (O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston, Qozog‘iston) bu siyosatning qattiqqo‘lligi hukumatlar qo‘lidagi resurslari bilan bog‘liq bo‘lsa, Qirg‘izistondagi nisbatan yumshoqroq vaziyat davlatning farqli strategiyasi bilan emas, hukumatning zaifligi bilan belgilanadi.

Mintaqada o‘zining Islomiy o‘zligini eng kuchli bostirishga intilayotgan davlat – bu O‘zbekistondir. O‘zbekiston nafaqat o‘zining diniy o‘zligiga xavotir bilan qarayotgan davlat, balki o‘zining etnik o‘zliklarini ham eng past darajada tan olayotgan davlatdir. O‘zbekiston aslida shunday noyob davlatki, u bir tomondan turkiy dunyoning a’zosi, ayni paytda, o‘zining ko‘p sonli tojik aholisi va boy tarixi bilan forsiy dunyoning ham tarkibiy qismidir. O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘oniston davlatlari bilan birgalikda, turkiy-forsiy dunyolarning “ko‘prik” davlatlari sirasiga kiradi.
Bugungi kundagi O‘zbekiston, o‘zini ifodalovchi o‘zliklarni qanday tartibga solishni, yarashtirishni, ular ishtirokida geosiyosiy ittifoqlar tuzishni, ichki va tashqi siyosatda barqarorlik, mudofaa va taraqqiyotga qaratilgan kuchli vositaga aylantirishni bilmaydi. Shu sababki, O‘zbekiston bu o‘zliklarni ifodalash borasida, ularni “baravar inkor qilish” mavqeida turibdi.

Markaziy Osiyo davlatlari, mustaqillikka erishgach, o‘zlarining kelajaklarini “dunyoviy pozitsiyadagi demokratik jamiyat va huquqiy davlat”da ko‘rishlarini bildirishdi. Globalizm bosimi ostida, mintaqaning boshqa taraqqiyot yo‘li va modelini tasavvur qilish qiyin. Garchi hozirgi barcha besh respublika avtoritar boshqaruv modelining har xil darajadagi qattiqqo‘llik rejimlari bilan belgilansada, shu narsa ma’lumki, kelajakda insonlarni, jamiyatlarni to‘laqonli nazarot qilish, va bu orqali avtoritar rejimlarning umrini saqlab qolish istiqbolsiz. Globalizm, informatsionalizm erkinlikni har tarafdan parvarishlar ekan, MO davlatlaridagi rejimlarning tabiati bosqichma-bosqich yoki inqilobiy yo‘l orqali o‘zgarishi ham tabiiydir. Huquqiy davlat va demokratik jamiyatlarda esa din borasidagi eski strategiya – aholining dindorlik darajasini nazorat qilish, imkon qadar past ushlab turish strategiyasi ham yaroqsiz holga keladi.

O‘ylaymanki, MO davlatlari uchun demokratik, dunyoviy tizimlarni rivojlantirgan sharoitdagi din borasidagi yagona maqbul strategiya – diniy faollar, institutlar va dindor aholi qatlamlarini jamiyatning izolyatsiya qilingan, nazorat va bosim ostidagi qatlamidan ijtimoiy-siyosiy mas’ul qatlamiga aylantirish strategiyasidir.

Bu strategiyaning zamirida davlat, jamiyat va diniy qatlam o‘rtasidagi ishonchsizlik –ishonchga, ixotalash – erkin fikrlash, erkin harakatlanish va hamkorlikka almashtiriladi. Bunda jamiyatning diniy moyilliklari tizginlab turilmaydi, nazorat qilinmaydi, balki doimiy dialog orqali jamiyatning siyosiy (erkinlik, zulmlarsiz hayot), iqtisodiy (farovonlik) va ma’naviy (solihlik, ko‘ngil halofati) manfaatlari o‘rtasida uzviy mutanosiblik izlanadi.

Agar e’tibor berilsa, Islom diniga e’tiqod qiladigan turkiy xalqlar va millatlar tashqi bosimlarga, assemilyatsiya qilishga urinishlarda ancha bardoshli hisoblanadi. Uning ustiga, qaysi bir musulmon turkiy xalqning dindorlik darajasi yuqoriroq ekan – u demografik, iqtisodiy va siyosiy jihatdan nisbatan salohiyatlidir. Aksincha, qaysi bir turkiy xalqning Islomiy dindorlik darajasi, diniy tarixi va diniy tafakkur tajribasi pastroq va qisqaroq ekan – uning salohiyati ham mutanosib ravishda qisqadir. Islom dinidan tashqarida qolgan turkiylar esa – bugungi kunda yo‘qolib borayotgan, assimilyatsiya qilingan xalqlar hisoblanishadi. Islom dini insonlarga va jamiyatlarga misli ko‘rilmagan darajada sotsial energiya beruvchi omildir. Islom dini uni ifodalayotgan tilni kengaytirib yuboradi. Misol uchun, bahaybat odamga kichik bolaning kiyimlari sig‘magani kabi, Islomdagi ulkan g‘oyalar va tushunchalarni ifodalash uchun, u haqda gapirayotgan har qanday til kengayishga, rivojlanishga majbur bo‘ladi.
Markaziy Osiyo mintaqasi, qolaversa qolgan hududlarda ham, turkiy tillar va Islomiy e’tiqod, bir-birini to‘ldiruvchi omil bo‘lib, Islom qardosh xalqlar o‘rtasidagi ziddiyatlarni, o‘zaro millatchilikni, shovinizmni effektiv bostira oladigan yagona tizim sifatida namoyon bo‘ladi. Aynan shu sabablarki, Islom dini va turkiylik bir tomondan ichki jipslashtiruvchi rol o‘ynasa, ikkinchi tomondan turkiy bo‘lmagan xalqlar bilan bog‘lovchi, birlashtiruvchi omil sifatida qadrlanishi lozim.

Turkiy dunyoning dolzarb vazifalari

Turkiy dunyo, geografik ulkan, demografik salohiyatli bo‘lishiga qaramasdan, u siyosiy parokanda, madaniy va geosiyosiy tarqoq, global siyosatning qudratli sub’ekti emas, ob’ekti bo‘lib qolmoqda. Hattoki mustaqil turkiy davlatlar o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro ishonchdan ko‘ra, shubhalanish, nosog‘lom raqobat va bir-birini inkor qilish ustunligi ko‘rinib turadi. Turkiy dunyosining birinchi va ikkinchi davlatlari – Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni “barqaror sovuqlik munosabatlar” deb ta’riflash mumkin. O‘zbekistonda bugungi kunda shakllangan siyosiy tizimga ko‘ra, davlat boshqaruvi kollektiv strategik fikrlashga emas, yakka shaxs hotirasiga, kechinmalariga asoslanar ekan, bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarga mas’uliyat ko‘proq Turkiya zimmasiga yuklanadi. Yani, bugungi kundagi sharoitda, ikki davlat va ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni ijobiy ko‘rinishda saqlab turish va imkon qadar rivojlantirish mas’uliyati rasmiy Anqaraga ko‘proq yuklatiladiki, bugungi kundagi rasmiy Toshkentning ayblarini ro‘kach qilib, ikkinchi turkiy jamiyatni o‘z holiga tashlab qo‘yish tarixiy, strategik xato bo‘ladi. Turkiya qisman shu yo‘ldan ketmoqda ham. Turkiya bir taraflama O‘zbekiston vatandoshlariga vizani bekor qildi, va bu qadamning jiddiy ijobiy natijalari kuzatilmoqda. Turkiya, asta-sekinlik bilan, O‘zbekiston jamiyati uchun Rossiyadan keyingi – ikkinchi geosiyosiy va geomadaniy oriyentir bo‘lib bormoqda.

Ayni paytda, Turkiya tashqi siyosati, diplomatiyasining O‘zbekiston yo‘nalishidagi vazifasi – O‘zbekiston va Turkiya jamiyatlari va davlatlari o‘rtasidagi uzviylikni, hamkorlikni, ishonch va integratsiya darajasini tinimsiz yuqori pallaga olib chiqishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Boshqacha qilib aytganda, Turkiyaning O‘zbekiston borasidagi siyosatida birlamchi omil deb – yakka shaxslar va yakka loyihalar emas, o‘ttiz millionlik O‘zbekiston jamiyati qaralishi lozim. Bugungi kunda avtoritar rejim O‘zbekiston jamiyat ustidan mustahkam monopoliya o‘rnatib olgan. Rasmiy Toshkent halqaro maydonda injiq va beqaror hamkor, xususan Turkiya uchun ham. Agarki, Turkiya oldida bugungi O‘zbekistondagi kabi, bir tomondan yakka shaxslar-loyihalar, boshqa tomondan jamiyat-davlat o‘rtasida ziddiyat mavjud bo‘lar ekan, Turkiya o‘zida shunday siyosiy-diplomatik salohiyat topishi kerakki, loyixa shaxslarning havfsizligini ta’minlagan holatda, jamiyatga e’tiborning ustunligini isbotlashi, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan hamkorlikni barqaror davom ettirishi lozim.

Turk dunyosining yirik muammolaridan biri – yagona axborot hududining mavjud emasligi. Arab dunyosi qanchalik siyosiyo tarqoq bo‘lmasin, barcha arab jamiyatlari Al-Jazira, Al-Arabiya va boshqa OAVlari ta’siri ostidagi yagona axborot muhitida yashaydi. Anglosakson dunyosi uzviy axborot, siyosiy, diniy, va havfsizlik tizimida birlashgandir. Lotin Amerikasi ham keyingi o‘n yilliklar ichida ancha siyosiy va iqtisodiy integratsiyaga yuz tutdi. Lekin turk dunyosi hali yagona axborot hududi yaratish borasida jiddiy o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q. Uning ustiga, yangi mustaqil bo‘lgan turkiy davlatlar ham o‘zlarining xususiy axborot makonlarini shakllantira olishmadi.

Turk dunyosining asosiy mustamlakachilari ikki yirik imperiyadir. Biri – ko‘pgina ekspertlar tomonidan “so‘nayotgan” deb ta’riflanuvchi Rossiya Federatsiyasi bo‘lsa, ikkinchisi, o‘ta tezlik bilan rivojlanayotgan Xitoy Xalq Respublikasi. Bu ikki davlatni bir qancha omillar birlashtirib turadi: aksil-g‘arb, aksil-Islomiy va nihoyat, aksil-turkiy (ularga ko‘ra, separatistlarga qarshi) kayfiyat, muvofiqlashtirish va hamkorlik.

RF tomonidan Qirimning harbiy kuch va siyosiy texnologiyalar orqali Ukrainadan yulib olinishi global siyosatda katta o‘zgarishlarni boshlab berdi. Qog‘og‘istonning Rossiyaga bo‘lgan yarim ishonch-yarim xavotir kayfiyati to‘laligicha havotir bilan almashdi. Markaziy Osiyo davlatlari, chorak asr oldin kabi, Moskvaga nisbatan to‘laqonli qo‘rquvga botdi. Turk dunyosi va uning lideri Turkiya oldida turgan vazifalardan birinchisi – mustaqil turkiy davlatlar bilan shu paytgacha shakllangan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish, eski sovuq munosabatlarni ijobiylashtirish va MO davlatlarining milliy mustaqilligiga tahdidlar paydo bo‘lsa – hamkorlikda javob izlash, va bu bilan turkiy davlatlar mustaqilligini mustahkamlash bo‘lishi kerak.

Shu paytgacha tashqi dunyodan, jumladan musulmon va turkiy dunyodan o‘zini izolyatsiya qilishga odatlangan O‘zbekiston ham oliy hokimiyat almashinuv pallasiga yaqinlashib bormoqda. O‘zbekiston ko‘pgina fundamental ziddiyatlar qarshisida qolmoqda. Birinchidan, mintaqadagi eng qattiqqo‘l avtoritar rejim O‘zbekistondadir. Ikkinchidan, o‘ttiz millionlik O‘zbekiston o‘zining ichki barqarorligiga va taraqqiyotiga faqatgina inson potensialini ta’minlab erishishi mumkin xolos. Yer osti va yer usti boyliklari avtoritar rejimga istiqbolda vaziyatni islohotlarsiz ushlab turish imkoniyatini bermaydi. Uchinchidan esa, O‘zbekistonning na ichkarisida, na tashqarisida jamiyat oldida turgan vazifalariga munatosib intellektual salohiyatli demokratik elitasi mavjud emaski, bu xolat O‘zbekistonning taqdiri sermashaqqat kechishiga ishorat qiladi.
O‘zbekistonda oliy hokimiyati o‘zgarishi davlat ichki va tashqi siyosatining qisman yoki to‘laligicha ko‘rib chiqilishiga imkoniyat beradi. Mana shunday siyosiy fursatdan foydalanib, Turkiya yangi O‘zbekiston rahbariyatining turkiy dunyo bilan hamkorlik qilish moyilliklarini shakllantirish va parvarishlashga intilishi lozim bo‘ladi.

Turkiy dunyoning yirik vazifalaridan biri – forsiy tilida so‘zlashuvchi davlatlar hamjamiyati bilan munosabatlarni tartibga solish, ishonchli loyihalar asosidagi hamkorlikni rivojlantirishdir. Jumladan, shunday loyihalar qabul qilinishi kerakki, Tojikiston MO turkiy davlatlari hamkorligidan qo‘rmasligi ham, chetda qolmasligi ham kerak. Tarixan shunday shakllandiki, dunyo turkiylari va forsiylari bir biri bilan eng kuchli qorishgan, aralashgan va hamnafas bo‘lib yashayotgan xalqlardir: Erondagi ikkinchi yirik etnik guruh – ozariylar, O‘zbekistondagi ikkinchi yirik etnik guruh – tojiklar, Tojikistondagi ikkinchi yirik etnik guruh – o‘zbeklar, Afg‘oniston esa uchta yirik etnik guruh asosiga qurilgandir – pushtunlar, tojiklar va o‘zbeklardir. Bu xalqlarning barchasini birlashtirib turuvchi omil Islom dinidir.

Har bir alohida olingan turkiy davlatning, millatning kun tartibida turgan muammolari, dolzarb vazifalari bor. Bu kimdir uchun o‘z ichki energiyasini tinch yo‘l bilan taraqqiyotga yo‘naltirilgan tizim shakllantirish, yana kimdir uchun o‘zining ulkan va bo‘m-bo‘sh hududlarini o‘zlashtirish va o‘z qo‘lida ushlab qolish, yana boshqa birov uchun milliy va davlat mustaqilligiga erishish va saqlab qolish va h.k. Bugungi kunning va kelajakning muammosi shundaki, bundan keyin, real voqe’lik lokalizmdagi kabi “betaraflik”, “daxlsizlik” taqdim qilmaydi. Demakki, bundan keyin, atrof-muhit va tashqi dunyodan daxlsizlikka, ihota ostidagi alohida taraqqiyot modeli shakllantirishga umid qilish o‘rinsizdir. Bu fikrlar turkiy dunyoga, Markaziy Osiyo davlatlariga ham tegishlidir. Turkiy-musulmon dunyosi faqatgina bosqichma-bosqich integratsiyaga kirishgan holda o‘zining manfaatlarini himoya qila olishini tushunib boradi, va bu tafakkur yangi siyosiy elitalar fikrlashida o‘z ifodasini topishga asosli umid qilish mumkin bo‘ladi.

Tarixiy lokalizm davrida ulkan musulmon dunyosi ma’lum taqsimlanishga – mazhabiy bo‘linishga uchradi. Lekin bu taqsimlanish, differensiatsiya musulmon dunyosining kelajakdagi integratsiyasiga mutlaqo to‘sqinlik qila olmaydi. Sababi, taqsimlanish proporsiyasi katta emas, bo‘linish qiziqlari birlashtiruvchi (Qur’on va Ka’ba) institutlarga nisbatan ifodalanmagan. Globalizm esa borgan sari birlashuvni, unifikatsiya va integratsiyani taqozo qilaveradi. Turkiy dunyo ham, forsiy dunyo ham ushbu mazhabiy bo‘linishdan chetda qolmadi. Bugun insoniyat globallashuv jarayonining eng boshlang‘ich pallasida turibdi. Har yili yangi informatsion texnologiyalar avlodi kashf qilinayotgan davrda, yiliga yuz millionlab aholi birinchi marta doimiy internet tarmog‘iga ulanmoqda.

Lokalizm jamiyatlarga turfaxillik uchun qulay imkoniyat bergan bo‘lsa, globalizm insonlarni, jamiyatlarni va sivilizatsiyalarni tinimsiz o‘zaro aloqalarga, muloqotga va raqobatga undayveradi. Shu paytgacha jamiyatlar, davlatlar va sivilizatsiyalar o‘rtasidagi raqobat kuch ishlatish qobiliyatida ko‘proq ifodalangan bo‘lsa, bundan so‘ng haqiqiy raqobat – global insoniyat nigohi va jamoatchilik fikri nazoratidagi g‘oyalar raqobati endi boshlanadi.

Demak, turkiy dunyo o‘zi alohida, hamda Islom sivilizatsiyasining tarkibiy qismi sifatida, boshlangan va kelajakda faqat kuchayadigan global raqobatga tayyorlanishi lozim bo‘ladi.

Muallif haqida:

1999 yilda O‘zbekiston Davlat Jahon tillari Universitetini arab va ingliz tillari mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1999-2002 yillarda Prezident huzuridagi Davlat va Jamiyat qurilishi Akademiyasida siyosatshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha aspiranturada o‘qigan.

2005-06 yillarda Polshaning Varshava Universitetida siyosatshunoslik tinglovchi sifatida tadqiqotlar olib borgan.

2001-02 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida ilmiy xodim;

2002-04 yillarda «Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazida ilmiy xodim.

2004-05 yillarda Fuqarolik Jamiyatini o‘rganish institutida kata ilmiy xodim.

2003-05 yillarda AQShning O‘zbekistondagi Xalqaro Respublika Instituti konsultanti, Olmoniyaning Konrad Adenauer fondi bilan referent sifatida hamkorlik qilgan.

Kamoliddin Rabbimov 2007 yildan buyon o‘z ilmiy-tadqiqot faoliyatini Fransiyada, tadqiqot markazi doirasida davom ettirmoqda.

Meni “Xalqaro Turkistonliklar Qurultoyi”ga taklif qilishgani, va qurultoyda o‘z fikrlarimni bildirishga berilgan imkoniyat uchun «Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati”ga, uning rahbariyatiga – Turkiyaning taniqli jamoat arbobi Burhon Qovunchi va doktor Namoz Normo‘minlarga o‘z samimiy minnatdorchiligimni bildiraman. Turkiy davlatlar hukumatlarining munosabatlari beqaror va yetarsiz bo‘lib turgan shu davrda, «Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati”ning turkiy millatlar, xalqlar va davlatlarning o‘zaro aloqalarini rivojlantirish, turkiylik va Islomiy o‘zlikni hamohang ifodasi maqsadi – yuksak tahsinlarga loyiq. Men «Turkistonliklar Xalqaro Hamkorlik Jamiyati”ga samimiy hurmatimni bildirib qolaman,

XALQARO TURKISTONLIKLAR JAMIYaTI HAQIDA:

Cibali Mahallesi
Salihpaşa Caddesi 2/4 Unkapanı
Fatih/İstanbul/Türkiye

Phone: +90 212 523 23 80.
Fax: +90 212 523 23 80.

Email: [email protected]
Web: http://www.turkistanlilar.org

Alakalı yazılar

Yorum yazın