Olma ota shahrida yig‘ilgan 500 ga yaqin fuqaro va ekspertlar Ovrosiyo ittifoqiga qarshi chiqishdi.
“Aksil Ovrosiyo forumi” deb nom olgan tadbir shahar mehmonxonalarning birida bo‘lib o‘tgan.
Unda chiqish qilgan iqtisodchi, siyosatchi va jamoat faollari Rossiya boshchiligidagi ushbu Ittifoq Qozog‘iston uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirishini ta‘kidlashgan.
“Aksil Ovrosiyo forumi”ga qatnashishni istovchilar ko‘pligi bois anjuman uchun buyurilgan zal to‘lib toshdi.
Tashkilotchilar forumning bosh maqsadi Rossiya bilan tuzilishi kutilayotgan Ovrosiya Ittifoqining Qozog‘istonga iqtisodiy va siyosiy jihatdan ma‘qul bo‘lmagan tashabbus ekanligini ilmiy jihatdan isbotlash ekanligini bildirishdi.
“Jamiyatdagi muammolar tahlili markazi” jamoatchilik jamg‘armasi direktori Meruyert Maxmutova Ovrosiyo Ittifoqining Qozog‘istonga iqtisodiy tomonlama foydadan ko‘ra zarar keltiruvchi tashkilot bo‘lishini ta‘kidladi.
Iqtisodchi Qozog‘iston 2010 yil Rossiya boshchiligidagi Bojxona Ittifoqiga kirguniga qadar dunyodagi eng liberal iqtisodga ega bo‘lgan davlatlardan biri bo‘lganini aytdi.
“Afsuski, Qozog‘iston hukumati Bojxona Ittifoqiga kirishda Rossiya fanlar akademiyasining ma‘lumotlariga tayandi. Shartnomani imzolagan prezident Nazarboyev Bojxona Ittifoqiga qo‘shilish ortidan 2015 yilga kelib 16 milliard dollardan ko‘proq foyda ko‘ramiz, dedi”, deydi Meruyert Maxmutova.
Iqtisodchi Qozog‘iston va Rossiyaning tashqi savdosiga e‘tibor qaratarkan, ushbu davlatlar bir birini to‘ldiruvchi ishlab chiqarishga emas, balki raqobatchi bo‘lgan mineral resurslarni eksport qilishga yo‘nalganiga e‘tibor qaratadi.
Bojxona ittifoqi to‘g‘risidagi hujjatga qo‘l qo‘yilishdan oldin Qozog‘istonning eksport daromadi 74 foizini mineral zahiralarni sotishdan kelgan. Ushbu mahsulotlarning asosiy qismi xalqaro bozorlarda sotilishi inobatga olinsa Qozog‘istonga Bojxona Ittifoqiga kirishdan katta foyda bo‘lmagan.
Qozog‘iston eksportiga asosan mineral boyliklarni sotish kirsa, mamlakat ehtiyoji uchun kerak bo‘lgan barcha tovarlarni import qiladi.
Ya‘ni ishlab chiqarish rivojlanmagan. Qozog‘iston iqtisodining bunday shakllanishi Bojxona ittifoqiga qo‘shilganidan so‘ng foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltirgan.
“Rossiyaga eksportimiz tushib ketdi. Agar u 2009 yili Qozog‘istonning umumiy eksportidan 8,2 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, bugunga kelib 7 foizga tushib ketdi. Rossiyadan import 2009 yili 31 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, ayni damga kelib 36 foizga ko‘tarildi. Hozircha savdo siyosatimiz bo‘yicha Rossiyadan foyda ko‘rganimiz yo‘q”, – deydi Meruyert Maxmutova.
Rossiya MDH davlatlari orasida IYaM hajmi bo‘yicha yaqqol yetakchilik qilmoqda.
Mutaxassislar bunday holatda teng huquqli Ittifoq tuzish amri maholligini ta‘kidlashadi.
Qozog‘istonning MDH davlatlari orasidagi IYaM 7 foizni Belarusniki esa 2 foizni tashkil qiladi.
Siyosatshunos Dastan Qadirjonov Rossiya Qrimni o‘ziga anneksiya qilib olganidan boshlab dunyoda tartib keskin o‘zgarganini aytadi.
“Qrimning anneksiyasi va Qozog‘istonning Ovrosiyo iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish masalasi bir biriga chambar chas bog‘liq ekanligi shubha uyg‘otmaydi. Ya‘ni bu bugungi kunda bitta masala bo‘lib qoldi. Bu nafaqat geosiyosiy masala, balki tsivilizatsion tanlov masalasidir. Eng muhimi gap bizning G‘arb va Rossiya o‘rtasidan birini tanlashimizda emas, balki o‘z milliy manfaatlarimizni tanlab uni himoya qila olishimizda”, – deydi Dastan Qadirjanov.
So‘zga chiqqan jurnalist va jamoat faollari Rossiyaning o‘z qardosh qo‘shnisi Ukrainaga nisbatan xalqaro huquqiy me‘yorlarga zid amallarni bajarib turganda bu kabi davlat bilan ittifoq tuzish o‘zini chohga itarish bilan teng ekanligini bildirishdi.
“Mana shu tadbir boshlanganidan beri Ovro‘osiyo ittfoqiga qarshi 300 mingdan ortiq imzo yig‘ildi. Shu bilan xalq o‘zining Bojxona va Ovrosiyo Ittifoqiga qarshi ekanligini isbotladi. Bugungi hukumat referendum o‘tkazishdan qo‘rqishining sababi shuki, xalq qarshi chiqadi. Mamlakat Nazarboyevning xususiy tomorqasi emasku, nega xalq bilan maslahatlashmaydi. Chunki bizning javobimizni biladi. Biz qarshimiz”, – deydi “Jas Alash” gazetasi bosh muharriri Risbek Sarsenbayev.
Ovrosiyo iqtisodiy Ittifoqi hujjatlari Qozog‘iston, Belarus va Rossiya davlatlari o‘rtasida shu yilning may oyida imzonaladi. Forum ishtirokchilari ushbu ittifoqqa Qozog‘istonning qo‘shilishiga qarshi rezolyutsiya qabul qildi.
Forum ishtirokchilari hukumat ularning taklifiga quloq solmagan taqdirda mamlakat bo‘ylab tinch namoyishlarni o‘tkazishni bildirishdi.
http://www.bbc.co.uk/uzbek/